platina.uz

Bajarilmagan vaʼdalar: “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi

Partiya faoliyatining zaif tomonlari orasida haqiqiy islohotlarning yoʻqligi, ichki tashkiliy tuzilishdagi muammolar va aholi ishonchining pasayib borayotgani qayd etilgan.

Saylov-2024
9-oktabr, 19:44
Bajarilmagan vaʼdalar: “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi
Fotokollaj: Platina.uz

Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi (“Adolat” SDP) aholining keng qatlamlari manfaatlarini ifoda etish, ijtimoiy adolat, fuqarolar tengligi va huquqlarini himoya qilish maqsadida 1995 yilda tashkil etilgan. Biroq soʻnggi yillarda partiya saylovoldi vaʼdalarining katta qismini bajara olmagani uchun tanqidlarga uchradi.

Partiyaning asosiy vaʼdalari va ularning bajarilmasligi

“Adolat” SDP saylovoldi tashviqotlarida bir qancha muhim jihatlarga eʼtibor qaratdi:

1. Korrupsiyaga qarshi kurash va huquq tizimini isloh qilish.

2. Ijtimoiy adolatni taʼminlash va turmush darajasini oshirish.

3. Taʼlim va sogʻliqni saqlashni rivojlantirish.

4. Yangi ish oʻrinlarini yaratish, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash.

Biroq bu vaʼdalarning hammasi ham amalga oshmadi, ekspertlar tanqidiga sabab boʻldi va elektoratning hafsalasini pir qildi. Quyida ularni batafsil koʻrib chiqsak.

Korrupsiyaga qarshi kurash

“Adolat” partiyasining saylovoldidagi asosiy vaʼdalaridan biri korrupsiyaga qarshi faol kurash boʻldi. Biroq keyingi yillarda partiya bu borada sezilarli muvaffaqiyatlarga erisha olmadi. Masalan, Transparency International tashkilotining 2023 yilgi Korrupsiyani idrok etish indeksida (Corruption Perception Index) Oʻzbekiston 180 mamlakat ichida 146-oʻrinni egalladi va bu muammoning davom etayotganidan dalolat beradi. Huquq tizimini isloh qilish va korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish boʻyicha vaʼda berilganiga qaramay, bu boradagi aniq qadamlar yetarli darajada samarali emas.

Ijtimoiy adolat va turmush darajasi

Partiya aholi turmush darajasini oshirish, imkoniyatlar tengligi va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini taʼminlashga vaʼda berdi. Biroq, statistik maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi 5 yil ichida Oʻzbekistonda qashshoqlik darajasi bor-yoʻgʻi 3 foizga kamaygan, bu mintaqaning boshqa rivojlanayotgan mamlakatlari bilan solishtirganda unchalik katta koʻrsatkich emas.

Platina.uz oʻtkazgan ijtimoiy fikrni oʻrganish boʻyicha soʻrovlarda aksariyat respondentlar “Adolat” partiyasi va uning deputatlarini tanimagan yoki ularning faoliyatidan qoniqmasligini bildirgan.

Boshqa bir soʻrovlarga koʻra esa, respondentlarning 58 foizi “Adolat” partiyasi ijtimoiy adolatni yaxshilash va tengsizlikka qarshi kurashish boʻyicha bergan vaʼdalarini bajarmayapti, deb hisoblaydi. Chunki, Oʻzbekiston aholisining koʻpchiligida hali ham sifatli tibbiy xizmatlar va taʼlim olish imkoniyati cheklangan.

Taʼlim va sogʻliqni saqlashni rivojlantirish

Partiya saylovoldi dasturining muhim bandlaridan biri taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishdan iborat edi. Vaholanki, Sogʻliqni saqlash vazirligining 2023 yilgi maʼlumotlariga koʻra, sogʻliqni saqlashga yoʻnaltirilgan investitsiyalar YaIMning juda kam qismini tashkil qilgan.

Ekspertlarning taʼkidlashicha, "Adolat" partiyasi sogʻliqni saqlash va taʼlim sohasida oʻz ambitsiyalarini roʻyobga chiqara olmadi. Moliyalash darajasi yetarli emas, infratuzilma jiddiy takomillashtirishga muhtoj.

Ish oʻrinlarini yaratish, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash

“Adolat” partiyasi yangi ish oʻrinlari yaratish, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashga vaʼda berib keladi. Biroq Oʻzbekistonda ishsizlik darajasi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida hamon yuqori. Statistika maʼlumotlariga koʻra, yoshlar oʻrtasidagi ishsizlik darajasi 2023 yilda 17 foiz boʻlsa, jori yilda 16,3 foizga tushgan xolos. Bu esa respublika boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan ancha yuqori.

“Adolat” partiyasining asosiy kamchiliklari

1. Haqiqiy islohotlarning yoʻqligi

“Adolat” partiyasi bergan vaʼdalariga qaramay, iqtisodiyot, adliya, ijtimoiy himoya kabi muhim sohalarda samarali islohotlarni amalga oshira olmadi. Siyosiy tashabbuslar koʻpincha aniq harakatlarga aylanmay, ritorika darajasida qolmoqda.

2. Ichki tuzilma va yetakchilik bilan bogʻliq muammolar

“Adolat” partiyasi oʻz tuzilmasida muammolarga duch kelmoqda. Sobiq rais Narimon Umarovning partiya yetakchisi sifatida aytarli qatʼiyatga ega boʻlmagani, partiya aʼzolarini oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarini amalga oshirishga safarbar eta olmagani tanqid qilingan. Natijada partiya mamlakatdagi boshqa siyosiy kuchlar bilan samarali raqobatlasha olmagan. Shu bois, partiya “kechuv paytida otni almashtirib boʻlmaydi”, degan naqlga ham eʼtibor qilmasdan, shu yil boshida Siyosiy kengash raisi sifatida Robaxon Mahmudovani tanladi.

3. Aholining ishonchsizligi

Ekspert Baxtiyor Ergashevning fikriga koʻra, garchi Adolat partiyasi oʻz oldiga dolzarb reja hamda maqsadlar qoʻygan boʻlsa-da, sotsial-demokratik gʻoyalarni ifodalovchi siyosiy kuch ekanini iddao qilsa-da, uning demokratik gʻoyalari keng omma orasida yetarlicha aks-sado bermayapti. Natijada “Adolat” boshqa partiyalar bilan raqobatbardosh ekanini koʻrsata olmayapti. Bu esa, oʻz navbatida, mazkur partiyaning saylovchilar orasida nufuzi yetarli emasligiga ishora qiladi.

Bu muammoni partiya lideri Narimon Umarov ham 2019 yildagi parlament saylovlaridan keyin tan olgan.Oʻshanda “Adolat” partiyasi saylovoldi kampaniyasiga katta kuch berganiga qaramasdan, saylov natijalariga koʻra, parlamentda atigi 21 ta oʻrinni egallab, umumiy reytingda OʻzLiDep va “Milliy tiklanish”dan ortda qolgan edi. “Partiyaning gʻoyalari zoʻr, lekin xalqqa yetkazib berish hali yetarli emas”, degan Umarov bu muammoni tuzatishga vaʼda ham bergan edi. Biroq ayni paytdagi vaziyatni qoniqarli deb boʻlmaydi. Qoʻrqamizki, bu yilgi saylovlarda ham partiya yaxshiroq natija qayd eta olmaydi.

Kuzda sanashga joʻja yetarlimi?

Ehtimol, “Adolat” partiyasi yetakchilarining kelayotgan saylovlardan umidi kattadir. “Joʻjani kuzda sanaymiz, hozir bashorat berishga shoshilmaylik”, ham deyishar. Biroq kuzda sanash uchun joʻja ham yetarli boʻlishi kerak-da! “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi saylovoldi vaʼdalarini bajarmagani, oʻz ambitsiyalarini amalga oshira olmagani uchun jiddiy tanqidga uchragani bor gap. Partiya faoliyatining zaif tomonlari orasida haqiqiy islohotlarning yoʻqligi, ichki tashkiliy tuzilishdagi muammolar va aholi ishonchining pasayib borayotgani qayd etilgan. Agar ushbu partiya oʻz oldiga qoʻygan maqsadlariga va keng aholi qatlamlari qoʻllab-quvvatlashiga erishishni va oʻz mavqeini mustahkamlashni istasa, chuqur islohotlarga eʼtibor qaratishi, oʻzining strategik ustuvor yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqishi va fuqarolarning hayot sifatini oshirishga qaratilgan aniq harakatlarga eʼtibor qaratishi zarur boʻladi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+