AQShga oʻta halokatli toʻfon xavf solmoqda
"Milton" toʻfoni soʻnggi yuz yillikdagi eng yirik tabiiy ofatlardan boʻlishi mumkin. Prezident Bayden shu sababdan Germaniyaga safarini bekor qildi, Floridada millionlab kishilar koʻchirilishi kutilyapti.

AQSh prezidenti Jo Bayden AQShning Florida shtati qirgʻoqlariga yaqinlashib kelayotgan "Milton" toʻfoni soʻnggi yuz yilda ushbu mintaqadagi eng halokatli dovullardan biriga aylanishi mumkinligini aytdi.
Avvalroq Oq uy matbuot xizmati prezident dovul tufayli shu kunlarga rejalashtirilgan Germaniya va Angola safarlarini keyinga qoldirishga qaror qilingani haqida xabar bergan edi.
Seshanba kuni kuchayib borayotgan "Milton" toʻfoni "Helena" dovulidan soʻng Florida koʻrfazi qirgʻogʻiga kirib keldi. Bir milliondan ortiq shtat aholisiga boʻron Tampa hududiga tushishidan oldin evakuatsiya qilish buyurilgan. Bu haqda "Amerika Ovozi" yozmoqda.
Dushanba kuni shiddat bilan kuchayib, rekord darajadagi eng kuchli dovullardan biriga aylangan boʻron chorshanba kuni quruqlikka tushib, ikki haftadan kamroq vaqt oldin "Helen" toʻfoni vayron boʻlgan Floridaning gʻarbiy qirgʻoqlariga tahdid solishi kutilmoqda.
Koʻrfazda boʻronning paydo boʻlishi 1921 yildan beri birinchi marta kuzatilmoqda.
"Milton" Floridaning gʻarbiy-markaziy qismidagi eng halokatli dovullardan biri boʻlish potensialiga ega", dedi Milliy dovullar markazi.
Oxirgi maʼlumotlarga koʻra, boʻron yana kuchaya boshlagan va hozir soatiga 165 milya (257 km) tezlikda harakatlanmoqda. Dovul Meksika koʻrfazida paydo boʻlgan va allaqachon Yukatan yarim oroli qirgʻoqlari boʻylab oʻtib ketgan.