Toshkentda Xalqaro kiberxavfsizlik sammiti boʻlib oʻtadi
Tadbirda 30 dan ortiq mamlakatdan 60 ga yaqin kompaniya, 120 dan ortiq delegatlar ishtirok etadi, bundan tashqari kibermakonda malakali mutaxassis, xaker Jeyson Street ham oʻz taqdimoti bilan ishtirok etadi.

Joriy yilning 9-10-oktabr kunlari Toshkent shahrida "Kiberxavfsizlik sammiti – Markaziy Yevroosiyo, CSS 2024" II Xalqaro kiberxavfsizlik sammiti boʻlib oʻtadi. Tadbir "Kiberxavfsizlik markazi" DUK va "Dialogue Events" kompaniyasi hamkorligida tashkil etiladi.
Tadbirda 30 dan ortiq mamlakatdan 60 ga yaqin kompaniya, 120 dan ortiq delegatlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun: Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Turkiya, Gruziya, Turkmaniston, Tojikiston, Qozogʻiston kabi 10 dan ortiq xorijiy davlatlarning kiberxavfsizlik masalalarida vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlar - Xalqaro elektraloqa ittifoqi, FIRST, OIS-SERT hamda SABABA, Check Point, Cloudflare, Fortinet, Group-IB, Trend Micro kabi kompaniyalar ishtirok etmoqda. Bundan tashqari kibermakonda malakali mutaxassis, xaker Jeyson Street ham oʻz taqdimoti bilan ishtirok etadi.
"CCS-2024" kiberxavfsizlik sammitining asosiy maqsadi mintaqaviy kiberhamjamiyat uchun oʻzaro tajriba almashish, zamonaviy yechimlarni namoyish etish, eng muhimi, oʻzaro manfaatli asosda yangi imkoniyatlarni ochish uchun yuqori darajadagi xalqaro interaktiv platforma yaratishdan iborat. Sammit ikki kunlik tadbir boʻlib, dastlabki kun tartibidan Markaziy Yevroosiyo davlatlaridan kelgan malakali ekspertlari sohaning hozirgi holati hamda undagi muammolarning samarali yechimi haqida fikr yuritadi.
Sammit dasturi doirasida yalpi muhokamalar, taqdimot sessiyalari, koʻrgazma maydoni va bir qator qiziqarli tarmoq tadbirlariga toʻla boʻlib, barcha ishtirokchilarga texnologiyalar va yechimlarni samarali va foydali tarzda namoyish etish hamda yangi biznes aloqalarini yaratish imkonini beradi.
Sammitning yuqori darajali qaror qabul qiluvchilar, kiberxavfsizlik boʻyicha ekspertlari auditoriyasi dinamik global xavfxatar manzarasini va mintaqa mamlakatlariga raqamlashtirish orqali taqdim etilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy imtiyozlardan toʻliq foydalanishda qanday yordam berishi mumkinligini oʻrganadi.
Sammitning umumiy mavzusi raqamli dunyoda kiberxavfsizlikning ahamiyati: yechimlar, tahdidlar va hamkorlik, muhim infratuzilma va biznes aktivlarini himoya qilishga qaratilgan. Bu yilgi sammitda 60 ga yaqin maʼruzachilar oʻz kompaniyalari va takliflarini taqdim etadilar.
Ikki kunlik sammit doirasida Cyberkent 2.0 musobaqalari ham boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Ushbu musobaqalar Red Team va Blue Team yoʻnalishlarining final bosqichi hamda STF - ochiq topshiriqlarni oʻz ichiga oladi.
Red Team jamoasi - kiberxavfsizlik sohasida tashkilotning xavfsizlik holatini sinab koʻrish va tizimlaridagi zaifliklarni aniqlash uchun moʻljallangan maxsus jamoalar hisoblanadi. Musobaqada ishtirok etgan jami 83 ta jamoadan saralash sinovidan oʻtgan 10 ta jamoa finalda ishtirok etadi.
Blue Team jamoasi – tashkilotning virtual infratuzilmasini himoya qilishda qalqon boʻlib, har xil turdagi hujumlarni aniqlash, oldini olish va bartaraf etish bilan shugʻullanadilar.
Musobaqada ishtirok etgan jami 35 ta jamoadan saralash sinovidan oʻtgan 5 ta jamoa finalda ishtirok etadi.
Blue Team`dan hujumlarni muvaffaqiyatli bartaraf etish uchun quyidagi asosiy vazifalarni bajarish talab etiladi:
1. Kiberxavfsizlik darajasini mustahkamlab, potensial kiberxavfni kamaytirish;
2. Tizimidagi zaiflikni aniqlash va patch boshqaruvi vazifasi;
3. Maʼlumotlar omborini himoyalash;
4. Shubhali fayllarni hamda kiberhodisani aniqlash;
5. Zararli virus hujumini bartaraf etish;
6. Notoʻgʻri sozlangan veb-ilovalar sozlamalarini toʻgʻrilash.
STF (ochiq topshiriqlar)
Musobaqa doirasida CTF (ochiq topshiriqlar) musobaqalari boʻlib oʻtadi va unda 120 dan ortiq yoshlar qatnashadi.
Eslatib oʻtamiz, 2023 yilgi STF tadbirida 111 nafar ishtirokchi qatnashgan edi.
Musobaqa oʻz navbatida 3 yoʻnalishni oʻz ichiga oladi:
STF Master: topshiriqda ishtirokchilar kiberxavfsizlik boʻyicha turli masalalarni hal yetib, bayroqni qoʻlga kiritish uchun raqobatlashadilar. Har bir bayroq tizimidagi muammolarni yechish talab etiladi.
Hask ATM topshiriqda ishtirokchilar ATM tizimining zaifliklarini aniqlash va unga hujum qilish imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazishlari talab etiladi.
Hask smarthome: Ishtirokchilar «Aqlli uy» tizimlariga kirib, ulnarning xavfsizlik darajasini tekshiradilar. Ushbu topshiriqda, turli xil uy jihozlari va ularning boshqaruv tizimlarini himoyalash boʻyicha zaifliklarni topish talab etiladi.
Barcha topshiriqlar uchun alohida nominatsiyalar va pul mukofotlari ajratilgan. Yoshlarimiz bu yoʻnalishda ham oʻz bilim va mahoratini sinab koʻrishi mumkin.
Shu bilan birga ROBBO FEST yosh avlod uchun tashkil qilingan robototexnika musobaqalarining final bosqichi boʻlib oʻtadi.
Musobaqa 4 yoʻnalishdan iborat boʻlib, ular:
1. Robot Futbol: bu yerda jamoalar robotlarni boshqarib, futbol oʻynaydilar. Ishtirokchilar robotlarini raqiblarning harakatlariga tez javob beradigan, maydonda harakatlanadigan, toʻpni olib yuradigan va gol uradigan qilib dasturlashlari kerak;
2. Robot Sumo: bu yoʻnalishda avtomatik robotlar ishtirok etib, raqibni ringdan tashqariga chiqarib yuborishdan iborat;
3. Robot Racing: mazkur yoʻnalishda robotlar oʻrtasida qiziqarli poygalar boʻlib oʻtadi. Bunda tezlik va harakat muhim rol oʻynaydi. Ishtirokchilarning vazifasi – maydoncha yoʻlagidagi burilishlar va toʻsiqlardan maksimal tezlik bilan oʻta oladigan robotlarni yaratish hamda ularni dasturlashdir;
4.Foydali ixtirolar: bu yoʻnalish innovatsion va amaliy yechimlarni namoyish etishga qaratilgan. Ishtirokchilar kundalik muammolarni hal qilish, qulaylikni oshirish, jarayonlarni avtomatlashtirish yoki ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan oʻz ixtirolarini taqdim etadilar.
Eslatib oʻtamiz ROBBO FEST musobaqalarining saralash bosqichi joriy yilning 26 sentabr kuni Toshkent shahrida Cyber science rivojlanish markazini ochilish marosimi doirasida oʻtkazilgan edi. Ushbu saralash bosqichida jami 260 nafar yoshlar qatnashdi.
ROBBO FEST musobaqalarining har bir yoʻnalish gʻoliblari quyidagi tartibda ragʻbatlantiriladi:
1-oʻrin – 5 mln. soʻm
2-oʻrin – 3 mln. soʻm
3-oʻrin – 1 mln. soʻm