platina.uz
Jamiyat

Sudlar tomonidan 201 nafar mahkum shartli ravishda jazodan ozod etildi

Toshkent viloyatida sud-huquq masalalari boʻyicha ommaviy qabullar oʻtkazildi. Unda 186 nafar mahkumning oʻtalmay qolgan jazo muddati yengilrogʻiga almashtirilgan. 

Sudlar tomonidan 201 nafar mahkum shartli ravishda jazodan ozod etildi

Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligida Toshkent viloyatida sud-huquq masalalari boʻyich ommaviy qabullar oʻtkazildi.

Nohaqdan haqni ajratish uchun, avvalo, ikki tomonni ham tinglash kerak. Aslida ham haqiqat bahslarda tugʻiladi, muloqotlarda oydinlashadi.

Xususan, qabullarda Oliy sud masʼullari koʻrib chiqqan 81 ta masalaning 14 tasi qanoatlantirildi. Har bir ariza-shikoyat Oliy sud, viloyat sudi rahbarlari va murojaatchi ishtirokida ochiq-oshkora muhokama qilinib, hujjatlar sinchiklab koʻrib chiqilayotgani adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda.

Jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan taqdimnoma (iltimosnoma)lar asosida axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash jazolarini oʻtayotgan 201 nafar mahkumlar jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. 186 nafar mahkumning oʻtalmay qolgan jazo muddati yengilrogʻiga almashtirildi, 41 nafar sudlanuvchi esa sud zalidan ozod etildi. Bir qator fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 70 nafar fuqaroning foydasiga aliment undirish yuzasidan sud qarori chiqarildi. Shuningdek, fuqarolarning foydasiga jami 596 million 724 ming soʻm qarzdorlik undirildi.

Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi masʼullari bilan muloqotlarda 151 ta masala oʻrganilib, ularning 52 tasiga joyida yechim topildi. Jumladan, 10 nafar murojaatchining shikoyatlari asosida 236,6 million soʻmlik haqdorlik, ish haqi, 57 million soʻm aliment puli undirib berildi.

Murojaatlar asosidagi oʻrganishlar natijasida ichki ishlar organlarining 13 ta qarori bekor qilindi, 4 nafar tadbirkorning elektr energiyasiga ulanish bilan bogʻliq masalasi hal etildi.

Umuman, Toshkent viloyatida sud-huquq masalalari boʻyicha tashkil qilingan qabullarda jami 232 ta masala koʻrib chiqilib, 66 tasi ijobiy hal qilindi. Qoʻshimcha oʻrganish, vaqt talab qiladigan qolgan masalalar boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

Bundan tashqari, joriy yilda Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga viloyat aholisidan kelib tushgan 723 ta jamoaviy murojaatdagi 911 ta masala joyiga chiqilib, tegishli tashkilotlar va “mahalla yettiligi” bilan birga oʻrganilmoqda.

Qabullar barcha viloyatlarda davom etmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid