Shavkat Mirziyoyev MDH rahbarlari majlisida qator takliflar bilan chiqdi
Kelgusi yil Toshkentda "Innoprom" xalqaro sanoat koʻrgazmasi doirasida MDH Iqtisodiy kengashi yigʻilishi va Innovatsion rivojlanish forumini oʻtkazish taklif etildi. Samarqandda sunʼiy intellektni rivojlantirishga oida konferensiya oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 oktabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida oʻtgan sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, shuningdek, MDH bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, koʻp qirrali munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, MDH doirasidagi amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari oʻz nutqida Rossiyaning Hamdoʻstlikda raisligi davrida koʻp tomonlama hamkorlik barcha yoʻnalishlarda rivojlanganini yuqori baholadi.
MDH mamlakatlarining xavfsizligi va barqaror rivojlanishini taʼminlash bilan bogʻliq vaziyatga alohida eʼtibor qaratildi.
MDH mamlakatlari maxsus xizmatlari va vakolatli idoralarining tizimli hamkorligini yoʻlga qoʻyish, bugungi tahdidlarga qarshi kurashish usullarini takomillashtirish, kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasida kelishilgan choralar hamda dasturiy hujjatlarni qabul qilish muhimligi taʼkidlandi.
Hamkorlikning iqtisodiy yoʻnalishida birgalikdagi faoliyatni kuchaytirish ustuvor vazifa ekani qayd etildi.
Oʻzbekistonning MDH mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 16 foizga oshgan. Muvaffaqiyatli sanoat kooperatsiyasiga koʻplab misollar mavjud.
MDH tarmoq kengashlari va qoʻmitalari faoliyatini faollashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Kelgusi yil bahorida Toshkent shahrida "Innoprom" xalqaro sanoat koʻrgazmasi doirasida MDH Iqtisodiy kengashi yigʻilishi va Innovatsion rivojlanish forumini oʻtkazish taklif etildi.
Yaqinda boʻlib oʻtgan MDH mamlakatlari yetakchi tahliliy markazlarining Toshkent konferensiyasi natijalarini hisobga olgan holda, uzoq muddatli sheriklikning yangi ustuvor yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.
Xususan, internet texnologiyalari va "katta maʼlumotlar" industriyasini rivojlantirish, raqamli yechimlarni jadal joriy etish, kreativ iqtisodiyot, yashil energetika va yadro texnologiyalari, iqlim muammolari va boshqalar shular jumlasidan.
Shu munosabat bilan MDH mamlakatlari ekspertlari va tahlilchilarining uchrashuvlarini muntazam oʻtkazish hamda navbatdagi konferensiyani Samarqand shahrida sunʼiy intellektni rivojlantirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazish taklif etildi.
Gumanitar almashinuvlarni kengaytirish maqsadida Hamdoʻstlik davlatlari madaniyati kunlarini oʻtkazish taklif qilindi. Shu bilan birga, sogʻliqni saqlash, taʼlim, sanʼat, kino, turizm va sport sohalarida qoʻshma tadbirlar dasturini har yili tayyorlash zarurligi taʼkidlandi.
Samarqand va Toshkentni tegishlicha Hamdoʻstlikning madaniy poytaxti va yoshlar poytaxti deb eʼlon qilinishi doirasidagi loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonda shaxmat va futbol boʻyicha yoshlar jamoalari oʻrtasida MDH ochiq kubogi musobaqalari oʻtkaziladi.
Yakunda Oʻzbekiston Prezidenti Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonni 2025 yilda tashkilotga raislikni qabul qilgani bilan tabrikladi.
Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha bir qator bitim va qarorlar qabul qilindi.