Raqobat qoʻmitasi telekommunikatsiya operatorlarini ogohlantirdi
Aholidan aloqa sifatining qoniqarsizligi, hisob-kitoblarning notoʻgʻri yuritilishi va ortiqcha qarzdorlik hisoblanishi, abonent roziligisiz qoʻshimcha xizmatlarga hamda reklama maqsadidagi SMS yuborilayotganligi boʻyicha shikoyatlar kelib tushgan.

Raqobat qoʻmitasi telekommunikatsiya xizmatlari operatorlarini ogohlantirdi.
Qoʻmitaga 2024 yilning 9 oyi davomida telekommunikasiya xizmatlari boʻyicha 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ularni oʻrganish natijasida ortiqcha olingan (hisoblangan) 115 mln soʻm mablagʻ isteʼmolchilarga qaytarilishi taʼminlangan.
Murojaatlarda asosan, aloqa sifatining qoniqarsizligi, hisob-kitoblarning notoʻgʻri yuritilishi va ortiqcha qarzdorlik hisoblanishi, abonent roziligisiz qoʻshimcha xizmatlarga hamda reklama maqsadidagi SMS xabarlar yuborilayotganligi, shu jumladan pullik kontent xizmatlarga ulab qoʻyilganligi, qoʻshimcha moliyaviy va savdo xizmatlari koʻrsatishda shartnoma shartlarini va tovar yetkazib berish muddatlarini buzilishi, xizmat narxlarining va tarif shartlarining oʻzgarganligi (oshishi) kabi muammolar bildirilgan.
Raqobat qoʻmitasi isteʼmolchilarning huquqlarini taʼminlash va qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida, telekommunikasiya xizmatlari koʻrsatuvchi subʼektlar, shu jumladan, mobil aloqa operatorlarini ogohlantirgan holda qonunchilikda belgilangan majburiyatlari va isteʼmolchilar huquqlarini eslatib oʻtgan.
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning:
4-moddasiga muvofiq, isteʼmolchilar quyidagi huquqlarga ega:
tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli boʻlishi;
hayoti, sogʻligʻi va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni boʻlgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning gʻayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, maʼnaviy zararning toʻliq hajmda qoplanishi;
7-moddasiga muvofiq, isteʼmolchining tovar (ish, xizmat) haqidagi notoʻgʻri yoki yetarli darajada toʻliq boʻlmagan maʼlumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi talablari sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida isteʼmolchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi.
19-moddasiga muvofiq, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat koʻrsatishi) shart.
21-moddasiga muvofiq, shartnomaning (ommaviy oferta va tarif shartlarining) isteʼmolchi huquqlarini cheklab qoʻyadigan va qonunchilikka zid boʻlgan talablarini qoʻllanishi natijasida isteʼmolchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.
Sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
23-moddasiga asosan, davlat isteʼmolchilarning tovar (ish, xizmat) sotib olishi va undan foydalanish chogʻidagi huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi.
Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda isteʼmolchi qonunchilikda nazarda tutilgan oʻz talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa ega.
“Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 30-moddasiga muvofiq, telekommunikatsiyalar xizmatlarini koʻrsatish chogʻida reklamani tarqatishga faqat, basharti abonent oldindan rozilik bersa, yoʻl qoʻyiladi.
Telekommunikasiya xizmatlarini koʻrsatish Qoidalarining:
149-bandiga muvofiq, mobil aloqa xizmatlarini taqdim etishda xizmatlarning pullik ekanligi toʻgʻrisida abonentlarni oldindan xabardor qilmasdan ayrim pullik xizmatlar uchun toʻlov undirilgan holda ushbu xatti-harakat koʻrsatilmagan xizmatlar uchun undirilgan toʻlovga tenglashtiriladi.
254-bandiga muvofiq, operator (provayder) abonentni alohida haq evaziga koʻrsatiladigan qoʻshimcha telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishga majburlashga haqli emas.
255-bandiga muvofiq, operator (provayder) telekommunikatsiyaning bitta xizmatini koʻrsatish uchun telekommunikatsiyaning boshqa xizmatlarini koʻrsatishni shart qilib qoʻyishga haqli emas.
309-bandiga muvofiq, abonentlar:
telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatilmaganligi yoki tegishli sifatga ega boʻlgan xizmatlar koʻrsatilmasligi natijasida operator (provayder) tomonidan yetkazilgan zarar oʻrnining qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish, ustidan shikoyat qilish, hamda maʼnaviy zarar oʻrnining toʻldirilishini talab qilish;
shartnomada koʻzda tutilmagan va abonent yoki foydalanuvchi tomonidan talab qilinmagan telekommunikatsiya xizmatlari uchun haq toʻlashni rad etish;
unga roziligisiz taqdim etilgan telekommunikatsiya xizmatlari uchun toʻlovni toʻlashni rad etish va boshqa huquqlariga ega.
“Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subʼektning yoki bir guruh shaxslarning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) isteʼmolchilarning, boshqa xoʻjalik yurituvchi subʼektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari ustun mavqeni yoki ustun muzokara kuchini suiisteʼmol qilish deb eʼtirof etiladi hamda taqiqlanadi.
Oʻz navbatida, mobil aloqa operatorlari va kontent xizmatlarni taqdim etuvchi subʼektlarning oʻzaro kelishib olingan harakatlari natijasida isteʼmolchilar huquqlarining buzilishi – ustun muzokara kuchini suiisteʼmol qilish deb eʼtirof etilishi va moliyaviy jarimaga sabab boʻlishi mumkin.
Yuqoridagilarga asosan, Raqobat qoʻmitasi telekommunikasiya xizmatlari koʻrsatuvchi subʼektlarni, shu jumladan mobil aloqa operatorlari va kontent xizmatlarni taqdim etuvchi subʼektlarni amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etgan holda faoliyat olib borish yuzasidan qatʼiy ogohlantirdi.
