Firibgarlar 2024 yil boshidan buyon onlayn kredit olishda fuqarolarga 15 mlrd soʻmlik zarar yetkazdi
Endilikda onlayn kredit olish uchun ariza yuborishda biometrik identifikatsiyadan oʻtish talab etiladi.

Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida firibgarlik yoʻli bilan fuqarolar nomiga onlayn kredit ajratish orqali 463 ta holatda qariyb 15 mlrd. soʻm miqdorda moddiy zarar yetkazilgan. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Endilikda fuqarolar kredit tashkilotining mobil ilovasi orqali kredit ajratish boʻyicha ariza yuborish jarayonida biometrik identifikatsiyadan oʻtishi talab etiladi.
Ushbu talabning oʻrnatilishi kredit olish boʻyicha ariza fuqaroning shaxsan oʻzi tomonidan berilganligini aniqlash va uning shaxsiga yana bir bor oydinlik kiritish imkonini beradi.
Bundan tashqari, fuqaro kredit tashkiloti mobil ilovasidan yangi roʻyxatdan oʻtib yoki mavjud akkauntga boshqa qurilmadan kirib, birinchi marta onlayn kredit olganda, mazkur kredit ajratilganidan boshlab 48 soat davomida kredit hisobidan ayrim operatsiyalarga (P2P, chet elga pul oʻtkazmalari, onlayn valyuta ayirboshlash va b.) cheklovlar oʻrnatilishi belgilanmoqda.
Mazkur tartib 2024 yilning 1 noyabridan 2025 yilning 1 apreliga qadar amal qiladi.