platina.uz

Xitoy aholisi kamayib bormoqda

Oxirgi 60 yil ichida Xitoy aholisi katta surʼatlar bilan kamaya boshlagan. Oʻtgan yili hindistonliklar 1 mlrd 425 mln kishiga yetgani munosabati bilan, Xitoy dunyodagi eng aholisi koʻp mamlakat maqomini Hindistonga boy berdi. 

Maqola
6-oktabr, 10:32
Xitoy aholisi kamayib bormoqda

Xitoy hukumati maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda tugʻilish koeffitsenti ikki yildan beri muntazam pasayib bormoqda: bu koʻrsatkich har 1000 kishi hisobiga 6,39 promilliga tushib qolgan boʻlib, Sharqiy Osiyodagi boshqa rivojlangan davlatlar – Yaponiya va Janubiy Koreya darajasiga deyarli teng.

Dunyoda odam koʻpaymoqda, Xitoyda esa aksi

Sayyoramizda hozir 7,2 mlrd kishi yashaydi. BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot departamenti tayyorlagan hisobotda keltirilishicha, 2025 yilga borib Yer aholisi soni 8 mlrd dan, 2050 yilga borib, 9,5 mlrd dan ortishi kutilmoqda.

Bu koʻpayish asosan rivojlanayotgan mamlakatlar hisobiga yuz beradi. Rivojlangan davlatlarda esa aholi miqdori deyarli oʻzgarmaydi, Yevropada aholi kamayib boraveradi.

Xitoyda esa 2023 yil yakunida aholi soni 1,409 mlrd kishini tashkil etgan boʻlib, bu 2022 yilga nisbatan 2,08 mln kishiga kam deganidir. Oxirgi 60 yil ichida Xitoy aholisi katta surʼatlar bilan kamaya boshlagan. Oʻtgan yili hindistonliklar 1 mlrd 425 mln kishiga yetgani munosabati bilan, Xitoy dunyodagi eng aholisi koʻp mamlakat maqomini Hindistonga boy berdi.

Mazkur demografik hodisaning Xitoyga, shuningdek, global iqtisodiyot va siyosatga taʼsiri katta, albatta.

Aholi sonining kamayishi sabablari

1. “Bir oilada – bir bola” siyosati. Xitoyning demografik tanazzulga uchrashining asosiy sabablaridan biri - 1979 yilda joriy etilgan tugʻilishni nazorat qilish boʻyicha uzoq muddatli siyosat hisoblanadi. Aholining tez oʻsishiga qarshi kurashishga qaratilgan ushbu dastur bir oilaga toʻgʻri keladigan bolalar sonini sezilarli darajada qisqartirdi. 2016 yilda mazkur keskin siyosat yumshatildi. Hatto xitoyliklarni oila qurishga ragʻbatlantiradigan subsidiyalar ham joriy etilgan boʻlsada, “bir bola siyosati”uning uzoq muddatli taʼsiri bugungi kunda ham sezilmoqda. 2021 yilda 3 nafargacha bolaga ruxsat berilishi ham mamlakatdagi demografik “jarlik”ni toʻliq qoplay olmadi.

2. Aholining qarishi. Xitoy aholisining katta qismi pensiya yoshiga yetdi, qariyalar ulushi yoshlar miqdoridan oshib bormoqda. Prognozlarga koʻra, 2035 yilga borib, pensiya yoshidagi xitoyliklar 60 foizga ortib, 400 mln kishiga yetadi. Bu esa butun mamlakat aholisining uchdan biri deganidir. Ushbu holat mehnatga layoqatli ishchi kuchini qisqartiradi, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy yordam tizimiga bosimni kuchaytiradi.

3. Iqtisodiy va ijtimoiy omillar. Turmush darajasining koʻtarilishi va urbanizatsiya ham muhim rol oʻynamoqda. Xitoyda shaharliklar ulushi ortib bormoqda. Koʻproq oilalar kam bolali hayot tarzini tanlashyapti. Shaharlarda bolalarni tarbiyalash, taʼlim va sogʻliqni saqlash xarajatlari katta, bu esa koʻproq farzand koʻrish istagini kamaytiradi. Shuningdek, aholi hayot kechirishning qimmatiligini bahona qilib, “ortiqcha” bolaga vaqt va kuch sarflagisi kelmayapti.

4. Anʼanalar va oilaviy qadriyatlarning oʻzgarishi. Zamonaviy xitoylik oilalar koʻproq martaba oʻsishi va shaxsiy ambitsiyalarni tanlashmoqda. Yaʼni, biroz “xudbinlik” qilib, asosan oʻzlariga - ishda karera va shaxsiy oʻsishga eʼtibor qaratishyapti. Ayollar ham oʻzini ishga bagʻishlayapti, oila qurish, farzand koʻrishni kechiktirish yoki “farzandsiz hayot” (childfree) yoʻlini tanlashmoqda.

Ijobiy va salbiy oqibatlar

Xitoy aholisining qisqarishi ijobiy va salbiy jihatlarga ega.

Ijobiy oqibatlar:

• Tabiiy resurslarga bosim kamayadi. Aholi sonining kamayishi natijasida suv, oziq-ovqat va energiyaga boʻlgan talab kamayadi, bu esa ekologik muammolarni hal qilishga yordam beradi.

• Hayot sifati yaxshilanadi. Aholining kamayishi ish oʻrinlari va resurslar uchun raqobatni kamaytirish orqali turmush darajasining ortishiga erishish mumkin.

• Samaradorlik va yangi texnologiyalarga eʼtibor kuchayadi. Ishchi kuchi kamaygani bois Xitoy mahsuldorlikni oshirish uchun avtomatlashtirish va texnologik innovatsiyalarga koʻproq tayana boshlaydi.

Salbiy oqibatlar:

• Iqtisodiy faollikning pasayishi. Mehnatga layoqatli aholining kamayishi umumiy ishlab chiqarishning pasayishiga va iqtisodiy regressga olib keladi.

Bunday natija 2023 yildayoq “boʻy koʻrsata” boshladi: hukumat koʻchmas mulk sohasidagi inqiroz, isteʼmol sarflarining tushib ketishi va yoshlar oʻrtasida rekord miqdorda ishsizlik (21,3%) kabi muammolarga duch keldi.

Oʻtgan yilda Xitoyda iqtisodiy oʻsish surʼatlari oxirgi 30 yil ichida eng kam boʻldi - 2023 yilda YaIM 5,2 foizga oʻsib, 126 trln yuanni (17,5 trln dollar) tashkil etdi xolos.

• Demografik nomutanosiblik. Aholining keskin qarishi ijtimoiy dasturlar va sogʻliqni saqlashga bosim oʻtkazmoqda. Yoshlarning kamayishi keksalarni qoʻllab-quvvatlovchi odamlar kamayishini anglatadi, bu esa ijtimoiy himoya muammolarini yanada kuchaytiradi.

• Pensiya tizimi uchun xavflar. Ishchi kuchining qisqarishi mavjud pensiya rejalarini saqlab qolishni qiyinlashtiradi. Sodda qilib aytganda, koʻp miqdordagi qariyalarga pensiya berish uchun kam miqdordagi yoshlar zoʻriqib ishlashiga toʻgʻri keladi.

Jahon iqtisodiyoti va siyosatiga taʼsiri

Xitoy aholisining qisqarishi nafaqat mamlakat uchun, balki jahon iqtisodiyoti va siyosati uchun ham jiddiy oqibatlarga olib keladi.

1. Jahon iqtisodiy oʻsish surʼatlari sekinlashadi. Xitoy "dunyo fabrikasi" sifatida oʻnlab yillar davomida global iqtisodiy oʻsishga hissa qoʻshdi. Oʻziga xos tizim va mexanizmlar shakllanib, Xitoy unda hal qiluvchi maqomni egalladi. Ish kuchi va ichki talabning pasayishi Xitoyning iqtisodiy oʻsishini sekinlashtirishi, bunday oʻzgarish esa jahon iqtisodiyotiga, ayniqsa savdo va sarmoyasi Xitoy bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan mamlakatlarga taʼsir qilishi mumkin.

2. Global ishlab chiqarish zanjirlarini oʻzgartirish zaruriyati paydo boʻladi. Ishchi kuchining kamayishi va ishlab chiqarish tannarxining oshishi tufayli kompaniyalar oʻz fabrikalarini Vetnam, Hindiston va Bangladesh kabi ishchi kuchi arzonroq boʻlgan boshqa mamlakatlarga koʻchirishga majbur boʻlishlari mumkin. Bu sanoat oʻsishining yangi markazlarini yaratadi, lekin Xitoyning jahon iqtisodiyotidagi rolini zaiflashtiradi.

3. Siyosiy beqarorlik. Iqtisodiy oʻsishning sekinlashishi va aholining qarishi natijasida Xitoy yangi siyosiy muammolarga duch kelishi mumkin. Maishiy norozilik va ijtimoiy tanglik kuchayish ehtimoli mavjud. Ayniqsa hukumat keksa aholini tegishli ijtimoiy himoya va turmush darajasini taʼminlay olmasa, ijtimoiy inqiroz yanada chuqurlashadi.

4. Jahon bozorlariga taʼsiri. Xitoyning import qilinadigan tovarlarga boʻlgan talabining pasayishi Avstraliya va Braziliya kabi yirik tovar eksport qiluvchi mamlakatlarga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Shu bilan birga, Xitoy ishlab chiqarishining qisqarishi baʼzi tovarlarning tanqisligiga olib keladi va boshqa mamlakatlarda inflyatsiyaning ortishiga sababchi boʻladi.

Har ishda moʻʼtadillik va muvozanat muhim

Xitoy aholisining kamayishi murakkab va koʻp qirrali jarayon boʻlib, unga tarixiy demografik koʻrsatkichlar hamda iqtisodiy va ijtimoiy omillar sabab boʻlmoqda. Bu hodisa Xitoy uchun ham ijobiy, ham salbiy oqibatlarga olib keladi, uning taʼsiri hatto mamlakat chegaralaridan ham tashqariga chiqadi. Xitoyning demografik tizimidagi oʻzgarishlar jahon iqtisodiyotini oʻzgartirishi va dunyodagi siyosiy kuchlar muvozanatiga taʼsir qilishi ham mumkin.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+