platina.uz

Kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni internet orqali tarqatish uchun javobgarlik belgilandi

Ushbu harakatlar hatto 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan tugashi mumkin. 

Jamiyat
5-oktabr, 13:30
Kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni internet orqali tarqatish uchun javobgarlik belgilandi

Kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni internetda tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilandi.

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-971-son, 05.10.2024 y.) bilan ayrim kodekslarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Unga koʻra, Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internetdan foydalanish orqali qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Shuningdek giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni, kuchli taʼsir qiluvchi va zaharli moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda olganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoki joʻnatganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki joʻnatish, oʻsha harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, quyidagi jazo choralaridan biri qoʻllanishi belgilandi:

-BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima;

-360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;

-3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;

-1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;

-3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+