Kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha prezident qarori eʼlon qilindi: tafsilotlar
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Kambagʻallik qisqartishi vazirligiga oʻtkaziladi, “mahalla shartnoma”lari tuziladi. Davlat mehnat inspeksiyasining vakolatlari kuchaytirilmoqda.
“Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-347 son Prezident qarori qabul qilindi.
Unga koʻra, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Kambagʻallik qisqartishi vazirligiga oʻtkaziladi.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining tuman boʻlimlari, tuman hokimligi hamda MFY oʻrtasida mahallalarda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha uch tomonlama “mahalla shartnoma”lari tuziladi.
Bunda ushbu shartnomada vazirlik tuman boʻlimi va hokimiyat – infratuzilmani yaxshilash, aholining daromad manbaini oshirishga sharoit yaratishga, mahalla raisi – aholini ishga jalb qilish, hududni obodonlashtirish, jinoyatchilikni kamaytirish kabi vazifalarga masʼul boʻladi.
Ish beruvchilarning ehtiyojini oʻrganish asosida ishsizlarni kasblarga maqsadli oʻqitishni inobatga olgan holda Kasbiy koʻnikmalar markazlari tashkil etiladi.
2025 yil 1 yanvardan ish beruvchining talabiga muvofiq tezkor kadrlar tayyorlash maqsadida kurslar tashkil etiladi. 2025 yil 1 maydan xalqaro tan olingan taʼlim dasturlari joriy etiladi.
Kambagʻallikni qisqartirish vazirligida 50 nafar yetakchi hokim yordamchilaridan iborat "Loyiha menejerlari" guruhi tuziladi. Uning aʼzolari samaradorligi past boʻlgan hududlarga olti oygacha yuboriladi, ish haqini saqlab qolgan holda maoshining 50 foizi miqdorida ragʻbatlantiriladi.
Qaror bilan Davlat mehnat inspeksiyasining ham vakolatlari kuchaytirilmoqda. Xususan, 2025 yil 1 martdan boshlab:
⁃ davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari mansabdor shaxslariga mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobharligini majburiy sugʻurta qilish, aholi bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini bajarmaganligi uchun kameral nazorat oʻtkazish vakolati berilmoqda;
⁃ mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzgan, Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga aralashgan, toʻsqinlik qilgan yoki taʼsir oʻtkazgan shaxslarga nisbatan jarima qoʻllash tartibi joriy etiladi;
⁃ Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalariga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi maʼlumotlaridan foydalangan holda davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qurilayotgan, taʼmirlanayotgan yoki rekonstruksiya qilinayotgan obʼektlardagi ishchilar sonining loyiha-smeta hujjatlari hamda pudrat ishlari hajmiga muvofiqligi yuzasidan nazorat tadbirlari oʻtkazishga ruxsat etiladi.