Chiqindi toʻlovidan qarzi borlarni elektrdan uzib qoʻyish jarayoni boshlandi
"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ oktabrdan aholiga ogohlantirish xabarlari yuborishni boshlagan.
Chiqindi toʻlovidan qarzi borlarga elektr berilishi ham cheklanmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda "Oʻzbekistonda aholi chiqindi pulini toʻlamagani uchun elektr energiyasini oʻchirib qoʻyishni boshladi", mazmunidagi xabarlar tarqaldi.
" Hududiy elektr tarmoqlari" AJ mazkur xabar yuzasidan izoh berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida" gi Farmoniga asosan chiqindi xizmatlari uchun oylik toʻlovlardan qarzdorligi boʻlgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib borish amaliyoti ham belgilangan.
Shuningdek, mazkur farmon asosida isteʼmolchining chiqindi boʻyicha qarzdorlik boʻyicha ogohlantirilgandan keyin toʻlov qilmagan shaxslarning elektr uchun toʻlovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti joriy etilishi belgilangan.
Mazkur farmon ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning oktabr oyidan boshlab "Hududiy elektr tarmoqlari" AJning 2100 qisqa raqami orqali mazkur ogohlantirish xabarlarini yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Ayni paytda "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ tomonidan chiqindi boʻyicha ogohlantirish xabari yuborilgandan soʻng, qarzdorlikni bartaraf etmagan isteʼmolchilarga elektr energiyasi uchun toʻlovlarda cheklovlar kiritish boʻyicha ham texnik ishlar olib borilayotganligini maʼlum qilamiz" deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, yil boshida chiqindiga pul toʻlatishning yangi yoʻli haqida yozgandik.