platina.uz

Komfort hududi: qolish kerakmi yoki tark etish?

Bunday istakdagi odamlar goʻyoki qulay va kichkina, loyqa boʻlsa-da, “koʻz oʻrgangan” koʻlmakchadagi baliqchaga qiyoslanadi. Agar astoydil orzu bilan harakat qilinsa, katta ummonga sakrab oʻtish mumkin.

Maqola
4-oktabr, 19:49
Komfort hududi: qolish kerakmi yoki tark etish?
Fotokollaj: Platina.uz

Hozirda Gʻarb psixologlari va motivatorlari taʼsiri ostida “komfort hududi”dan chiqish kerak, degan shiorlar avj olgan. Taʼkidlash kerak, “komfort hududi” deganda joʻgʻrofiy yoki materialistik tushuncha nazarda tutilmaydi, u inson ongi-shuuridagi hissiyot xolos.

Boriga qanoat qilish, bir xil hayot tarzidan zerikmaslik, bir xil ish va maoshga “borib-kelish”ni oʻz qismati deb hisoblash kabi xislatlar “komfort hududi”da qolib ketish deya baholanmoqda. Bunday istakdagi odamlar goʻyoki qulay va kichkina, loyqa boʻlsa-da, “koʻz oʻrgangan” koʻlmakchadagi baliqchaga qiyoslanadi. Agar astoydil orzu bilan harakat qilinsa, katta ummonga sakrab oʻtish mumkinligi aytiladi. Ummonda esa keng imkoniyatlar va erkinlik vaʼda qilinadi.

Biroq “komfort hududi”ni tark etishni istamayotgan toifalarning ham qarshi dalili bor – “ummonga oʻtsamu, meni akulalalar yeb qoʻysa-chi?” yoki “u yerda raqobatga dosh bera olmay, ovqat topa olmay, qiynalsam va oʻlib ketsam-chi?”, deya oʻz xavotirlarini izhor etishadi.

Xoʻsh, “komfort hududi” oʻzi nima, unda qolish yoki qolmaslik haqida qaror qabul qilishda nimalarga eʼtibor berish kerak?

Komfort hududi - jozibador, ammo xavflimi?

Pozitiv fikrlash psixologiyasiga yaqin boʻlgan “Komfort hududi” tushunchasini motivatsion kouch (murabbiy) Judit Bardvik birinchi boʻlib muomalaga kiritgan. Uning 1990 yillarda ilk chop etilgan “Komfort hududidagi xavf” nomli kitobida ushbu tushunchaga keng taʼrif berilgan. Kitob oʻshandan buyon bir necha marta qayta nashr etildi va toʻldirildi. “Komfort hududi” atamasi esa juda keng – baʼzida notoʻgʻri talqinda ham qoʻllana boshlandi.

Bardvik taʼrifiga koʻra, “komfort hududi”, bu “inson oʻz xatti-harakatlarini cheklagan holda, xavotirdan xoli shaklda faoliyat yuritadigan vaziyat”.

Muammo shundaki, komfort hududi ichida inson kattaroq narsalarga erishishga intilmaydi, buning uchun ragʻbat va hojat boʻlmaydi chunki. Shuningdek, xatar, avantyura va tavakkalchiliklar ham yoʻq. Lekin bunday insonning hayoti bir xil va zerikarli boʻlib qoladi va shaxsiy oʻsish hamda taraqqiyotga xalaqit beradi.

Klinik psixolog Aleksandrina Grigorevaning taʼbiricha, komfort hududida odam uchun kutilmagan syurprizlar boʻlmaydi, u oʻz hayotini toʻla nazorat qilyapman, degan hissiyotdan qoniqib yashaydi. Bu hududni tark etish yoki kengaytirish fikri esa mavhumlik, noaniqlik qoyasiga uriladi. Odam ong ostida komfort hududidan chiqishni xavfli deb hisoblaydi, bu unda qoʻrquv tuygʻularini paydo qiladi.

Komfort hududining jozibali tomoni shundaki, bu “hudud”da hamma narsa oddiy va tushunarli, mayda-chuydalar haqida bosh qotirish kerak emas, oʻz vazifalaringni koʻngildagidek bajarsang boʻldi – senga hech tegmaydi.

Psixologik nuqtai nazardan, komfort hududi – bu inson oʻzini xavfsiz va barqaror his qiladigan holat. U tanish harakatlarni amalga oshiradi, tanish odamlar bilan muloqot qiladi va xavf-xatarlardan qochadi. Bu zonada stress minimal, lekin shaxsiy oʻsish uchun ragʻbatlar ham minimaldir. Bu yerda inson maʼlum darajadagi mahsuldorlikni saqlaydi, lekin kamdan-kam hollarda yangi qiyinchiliklarga duch keladi.

Sotsiologiyada komfort hududi ijtimoiy moslashuv bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Yaʼni, inson jamiyatda oʻz oʻrnini topadi va oʻzini jamiyatning bir qismi sifatida his qilib, boshqa oʻzgarishlar qilishga intilmaydi. Oila, ish va doʻstlar kabi ijtimoiy tuzilmalar inson oʻz roli va amaldagi meʼyorlarini topadigan barqaror tizimni yaratadi. Sotsiologlar komfort hududini inson hayotida va uning ijtimoiy muhitida barqarorlik va prognozlilikni saqlashning muhim elementi sifatida koʻrishadi.

Komfort hududini tark etishning ijobiy va salbiy tomonlari

Komfort hududidan chiqish bir necha ijobiy natijalarga olib kelishi mumkin:

1. Shaxsiy oʻsish. Yangi qiyinchiliklarni yengib oʻtish koʻnikmalarini rivojlantirishga, tajriba orttirishga va yangi imkoniyatlarni topishga yordam beradi.

2. Imkoniyatlar kengayishi. Agar inson tavakkal qilib, yangi narsalarni sinab koʻrsa, uning oldida odatiy doirada kirish imkoni boʻlmagan eshiklar ochiladi.

3. Oʻziga boʻlgan ishonch ortishi. Komfort hududidan tashqaridagi har bir muvaffaqiyat insonning oʻziga boʻlgan ishonchini oshiradi.

4. Oʻz-oʻzini anglash. Psixolog Avraam Maslou oʻz-oʻzini anglashga xuddi insonning eng oliy maqsadi sifatida intilish zarurligini taʼkidlagan. Biroq bunga erishish uchun koʻpincha odatdagi chegaralardan tashqariga chiqish talab etiladi.

Komfort hududidan chiqishning salbiy jihatlari ham mavjud, albatta:

1. Stress va mavhumlik. Inson komfort hududidan tashqariga chiqqanida xavotir va stressni boshdan kechirishi mumkin, ayniqsa, unda qiyinchiliklarni yengish uchun yetarli resurslar yoki qoʻllab-quvvatlov boʻlmasa.

2. Muvaffaqiyatsizlikka uchrash xavfi. Komfort hududini tark etish – katta tavakkalchilik. Barcha resurslarni sarflab komfort hududida tashqariga chiqilsa-yu, kutilgan natijaga erishilmasa, ahvol avvalgidan ham battar ogʻirlashadi. Avvalgi komfort hududga erishish uchun qaytadan kurashish va mehnat qilishga toʻgʻri keladi. Qolaversa, muvaffaqiyatsizliklar insonning oʻziga boʻlgan ishonchiga va hurmatiga salbiy taʼsir qilishi, tushkunlikka olib kelishi mumkin.

3. Vaqt va kuch zarurligi. Yangi ish yoki hayot boshlash koʻproq vaqt, kuch va eʼtiborni talab qiladi, bu esa rerurslarni batamom quritishga olib kelishi mumkin.

Komfort hududini tark etish baʼzan oʻz xohishi bilan yuz bersa, baʼzan hayotning oʻzi bu hududdan chiqarib yuboradi. Bunga bir vaqtlar oʻzi tashkil etgan Apple kompaniyasidan ishdan boʻshatilgan Stiv Jobsning hikoyasini misol qilib keltirish mumkin. U oʻzining komfort hududini tark etdi va NeXT hamda Pixar kabi yangi loyihalarni yaratdi. Qiyinchiliklarga qaramasdan, bu tajriba Jobsning kelajakdagi muvaffaqiyatlari uchun asos va dars boʻlib xizmat qildi.

Komfort hududida qolishning ijobiy va salbiy tomonlari

Baʼzan komfort hududida qolish zaiflik emas, balki ongli tanlov hisoblanadi. Bunday tanlov ham oʻz afzalliklariga ega:

1. Barqarorlik va oldindan koʻra bilish. Inson oʻz harakatlariga va natijalariga ishonadi, bu xavotir va tashvishlarni kamaytiradi hamda nazorat qilish hissini beradi.

2. Resurslarni tejash. Tanish muhitda qolish – oʻrganish yoki moslashish uchun qoʻshimcha energiya hamda vaqt sarflashni talab qilmaydi.

3. Stressdan himoya. Tashqi muhit noaniqlik bilan toʻla boʻlgan vaziyatda, komfort hududi psixologik salomatlikni saqlash uchun zarur boʻlgan boshpana boʻlishi mumkin.

Kamchiliklari:

1. Turgʻunlik. Karl Rojers kabi psixologlar komfort hududda uzoq vaqt qolib ketish – turgʻunlikka va motivatsiyaning pasayishiga olib kelishi mumkinligini taʼkidlashadi.

2. Imkoniyatlarni koʻzdan qochirish. Inson oʻziga tanish muhitda qolib, oʻzini rivojlanish va yuqori maqsadlarga erishish imkoniyatidan mahrum qiladi.

3. Tashqi sharoitlarga qaramlik. Komfort hudud tushunchasi nisbiy, bugun komfort va qulay boʻlsa, zamon va sharoit oʻzgarib, u noqulay hududga aylanishi mumkin. Masalan, sizni ishdan boʻshatishlari yoki yashayotgan manzilingiz yoki jamiyatingizdan haydab chiqarishlari mumkin. Ijtimoiy va professional vaziyat oʻzgaradigan vaziyatlarda oʻz komfort hududiga juda bogʻlanib qolgan inson muammolarga duch keladi.

Bir hayotiy misol: yillar davomida bir joyda ishlagan odamlar fan va taraqqiyot ildamlab borishi tufayli oʻz bilim va malakalari eskirganini sezmay qolishadi, kompaniya esa rivojlanish uchun imkoniyatlar yaratmaydi. Bunday odamlarni oʻzgarishlardan qoʻrquv hissi bitta joyda bogʻlab oʻtiradi.

Oʻzgarishlar – yaxshilikka!

Analitik psixologiya asoschisi Karl Yungning taʼkidlashicha, shaxsiy rivojlanish har doim nomaʼlum narsalarga duch kelishni talab qiladi. "Maʼlum va nomaʼlum uchrashgan joyda yangi shaxs tugʻiladi”, deydi olim.

Zaiflik boʻyicha tadqiqotchi Bren Braunning taʼkidlashicha, ishonchsizlik va noaniqlik sharoitida odam oʻsish uchun jasorat va kuch topa oladi. Braunning aytishicha, komfort hududidan tashqariga chiqish hissiy moslashuvchanlik va chidamlilikni oshirishga yordam beradi.

Chiqish kerakmi yo chiqmaslik?

"Komfort hududda qolaverish kerakmi yoki uni tark etgan maʼqulmi?”, degan savolga umumiy tarzda, bir xil javob berib boʻlmaydi. Bu har bir insonning hayotiy kontekstiga va shaxsiy maqsadlariga bogʻliq qaror. Shuni tushunish kerakki, baʼzan komfort hududidan chiqish – yangi yutuqlar uchun imkoniyat beradi, ammo boshqa hollarda, komfort hududida qolish barqarorlik va xotirjamlikni saqlashga yordamlashadi. Bu savolga har bir inson oʻz maqsadlari va resurslaridan kelib chiqqan holda, mavjud vaziyatni toʻgʻri baholab javob berishi maqsadga muvofiq boʻladi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+