platina.uz
Jamiyat

Chiqindilar boʻyicha agentlik tashkil etiladi

Agentlik Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi negizida tuziladi.

Chiqindilar boʻyicha agentlik tashkil etiladi

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. Bu haqda 26 sentabrda prezident farmoni imzolangan.

Farmonga koʻra, agentlik chiqindilar bilan ishlash masalalarida aholi va sanitar tozalash korxonalari oʻrtasida bogʻlovchi boʻgʻin sifatida Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi negizida tuziladi.

Agentlik chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida yagona meʼyorlar va standartlarni ishlab chiquvchi, sinovdan oʻtkazuvchi va amaliyotga tatbiq etuvchi, ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni muvofiqlashtiruvchi hamda chiqindilarni boshqarish sohasiga taalluqli davlat mulkini boshqaruvchi masʼul davlat organi hisoblanadi.

Shuningdek, 2025 yil 1 martdan sanitar tozalash korxonalari faoliyatining asosiy samaradorlik koʻrsatkichlarini aniqlash mezonlari tasdiqlanadi.

Farmonga koʻra, 2026 yil 1 yanvardan hududlarda chiqindilar bilan ishlash darajasini oshirish hamda bu borada ochiqlikni taʼminlash, jamoatchilikning rolini oshirish, tadbirkorlar va aholi oʻrtasida qayta aloqani toʻliq yoʻlga qoʻyishni nazarda tutuvchi quyidagilar amalga oshiriladi:

  • chiqindilar bilan bogʻliq xizmatlarni tadbirkorlarga berish yuzasidan oʻtkaziladigan tender jarayonini onlayn kuzatish imkoniyatini yaratish;
  • sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindi toʻplash shoxobchalariga videokuzatuv kameralarini oʻrnatish va shoxobchalar faoliyatini aholi tomonidan kuzatish imkoniyatini yaratish;
  • chiqindilarni tashish bilan shugʻullanuvchi barcha maxsus texnikalarga onlayn kuzatuv (GPS) tizimini oʻrnatish;
  • sanitar tozalash korxonalari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berish, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati va koʻlami boʻyicha shikoyatlarni qabul qilish hamda sanitar tozalash korxonalari bilan qayta aloqa qilish uchun “Call markaz” faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
  • sanitar tozalash korxonalari xizmat koʻrsatuvchi hududlarning geografik chegarasi hamda aholi va yuridik shaxslarga biriktirilgan chiqindilarni yigʻish maydonchalari (konteyner) joylashuvi toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar berish;
  • abonentlarning hosil boʻlgan chiqindilarini olib chiqib ketish grafigini koʻrsatish.
© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid