Bogʻcha direktoriga oʻrinbosar lavozimi joriy etilyapti
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasi hisobidan maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarini ham ragʻbatlantirishga ruxsat etiladi.
Endi bogʻchalarda direktor oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi.
“Maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-152-son, 30.09.2024 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, maktabgacha taʼlimning davlat taʼlim dasturi doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
-kichik va oʻrta guruhlardagi bolalarda kognitiv, psixomotor va ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantirish;
-katta va maktabga tayyorlov guruhlaridagi bolalarda bilim olish, kommunikativ va ijodiy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan oʻquv-metodik materiallarni ishlab chiqish.
2026/2027 oʻquv yilidan:
-bogʻchalar tomonidan Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida bolaning rivojlanish xaritasini yuritish amaliyoti joriy qilinadi;
-maktabga tayyorlov guruhlarini tamomlagan bolalarga ularning rivojlanish xaritasi asosida bir yillik maktabga tayyorlovdan oʻtganlik haqida elektron sertifikat berish yoʻlga qoʻyiladi.
2025 yil 1 avgustgacha:
-maktabgacha taʼlimning davlat taʼlim dasturi doirasida ishlab chiqilgan elektron resurslar, audiovizual mahsulotlar va oʻquv-metodik materiallar Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida joylashtiriladi hamda ulardan erkin va bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi;
-Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida ota-onalar uchun shaxsiy kabinet yaratiladi va unda bolaning rivojlanish xaritasi maʼlumotlarining joylashtirilishi taʼminlanadi., 2025 yil 1 yanvardan:
-maktabgacha taʼlim tashkilotining direktori oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi;
-respublikaning barcha tuman (shahar)larida kamida bittadan tayanch maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
-barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlarida malaka oshirishning “Metodik mahorat soati”, tayanch maktabgacha taʼlim tashkilotlarida esa “Metodik mahorat kuni” kabi shakllari bosqichma-bosqich joriy etiladi;
-trener sifatida faoliyat yuritayotgan direktor oʻrinbosarlariga lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qoʻshimcha har oylik ustama haq toʻlanadi.
2025 yil 1 martdan tajriba-sinov tariqasida respublikaning uzoq va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlari joriy etiladi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasi hisobidan maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarini ham ragʻbatlantirishga ruxsat etiladi.
2025 yil 1 yanvardan tajriba-sinov tariqasida har bir tuman (shahar)dagi bittadan umumiy turdagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlim guruhlari ochiladi.