platina.uz

Andijon viloyati HETK direktorining kirdikorlari fosh boʻldi

U sud tomonidan bir yil mobaynida mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan boʻlsa ham oʻz vazifasida qolmoqda. Platina.uz mazkur masala yuzasidan "Hududiy elektr tarmoqlari"dan izoh soʻradi.

Jamiyat
4-oktabr, 17:10
Andijon viloyati HETK direktorining kirdikorlari fosh boʻldi

2024 yil sentabr oyida Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasi oʻz binosida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon viloyat filiali iqtisod va moliya masalalari boʻyicha direktoriga nisbatan ishni koʻrib chiqdi. Sud hujjati Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi X.N.ga jinoyat ishlari boʻyicha Andijon tuman sudining 2024 yil 12 yanvardagi hukmiga koʻra, JK 205-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida 90.000.000 soʻm jarima, 207-moddasining 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida 90.000.000 soʻm jarima, JKning 59-moddasi tartibida bazaviy hisoblash miqdorining 310 baravari miqdorida 93.000.000 soʻm jarima jazosi tayinlangan.

Sudning hukmiga koʻra, X.N. 07.06.2022 yildan shu kunga qadar “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning Iqtisod va moliya masalalari boʻyicha direktori vazifasida ishlab kelib, egallab turgan lavozimiga koʻra masʼul mansabdor shaxs boʻlgani holda, jinoyat sodir etish yoʻliga kirgan.

U 2022 yil iyun-dekabr oylarida isteʼmolchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida undirilishini taʼminlamasdan va isteʼmolchilar foydalangan elektr energiyasi uchun toʻlovlarni amalga oshirmagan holda elektr energiyasidan foydalanib kelishiga zamin yaratib kelib ushbu davrda debitor qarzdorlik 106,260 mln. soʻmga ortishiga sababchi boʻlib, davlat yoki jamoat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan. X.N.ning aybi bilan 01.06.2022 yildan 01.01.2023 yilga qadarli yuk xatiga asosan qabul qilingan va isteʼmolchilarga hisob- kitob qilingan elektr energiyasi miqdori oʻrtasidagi tafovut 317,13 mln. kVt.sni yoki 73.285,14 mln. soʻmni tashkil etishiga va ushbu elektr energiyasi isteʼmolchilarga hisob-kitob qilinmasdan, tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulanish va noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlamasdan noreal qarzdorlik hosil qilingan.

Andijon tuman prokurorining protestida, X.N.ga egallab turgan mansab lavozimidan foydalanib jinoyat sodir etgan boʻlsa-da, unga nisbatan JK 45-moddasi qoʻllanilmasdan qoʻshimcha jazo tayinlanmagani, X.Nuraliyevga JK 207-moddasining 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravariga teng jarima miqdorini 90 mln. soʻm koʻrsatilib, xatolikka yoʻl qoʻyilganini aytilib, yangi ayblov hukmi chiqarish masalasi qoʻyilgan.

Sud dalil va hujjatlarni oʻrganib, sud hukmini bekor qilib, yangi ayblov hukmi chiqarishni lozim topdi.

Yakuniy hukmga koʻra, jinoyat ishlari boʻyicha Andijon tuman sudining 2024 yil 12 yanvardagi hukmi bekor qilindi.

X.N.ga JKning 59, 61-moddalariga asosan tayinlangan qoʻshimcha jazoni toʻliq, asosiy jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan, uzil kesil 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan xolda bazaviy hisoblash miqdorining 260 baravariga teng 78.000.000 soʻm jarima jazosi tayinlandi.

Lekin X.N. mansabdorlik lavozimlaridan ishlash huquqidan mahrum qilingan boʻlsa ham, u hozirda oʻz vazifasida qolmoqda. Platina.uz mazkur masala yuzasidan "Hududiy elektr tarmoqlari" matbuot kotibi Fahriddin Nuraliyevdan izoh soʻradi. Matbuot kotibiga koʻra, X.N.ga qonunchilik doirasida chora koʻriladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+