Xorazmda obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi byudjet pulini talon-toroj qilgani aniqlandi
U jinoiy sherigi bilan birgalikda aholiga qurilish mollari yetkazib berilgani boʻyicha hujjatlarni soxtalashtirgan.

Xorazmda Tuproqqalʼa tumani obodonlashtirish boshqarmasi sobiq boshligʻiga nisbatan sud hukmi oʻqildi. Sud hujjati Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Ish jinoyat ishlari boʻyicha Xiva shahar sudi, jinoyat ishlari boʻyicha Tuproqqalʼa tuman sudi binosida koʻrildi. Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi B.A, 21.07.2023 yildan 28.06.2024 yilga qadar Tuproqqalʼa tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi vazifasida ishlab, mansab mavqeini suiisteʼmol qilib, boshqa shaxs (unga oid qismi JPKning 84-moddasi 5-qismi 1-bandiga asosan tugatilgan) bilan oldindan jinoiy til biriktirgan.
Ular bir necha fuqarolarning uy qurilishiga uy qurilishiga jami 214 mln. 978 ming 619 soʻmlik qurilish materiallari toʻliq yetkazib berilganligi yuzasidan komissiya aʼzolari ishtirokida hisob varaq - fakturalar dalolatnomalarni rasmiy hujjat ekanligini bila turib, ularga soxta maʼlumotlarni kiritish yoʻli bilan soxtalashtirgan. Natijada 30 mln. 14 ming 138 soʻmlik materiallarni qoʻshib yozib, davlat byudjet mablagʻlarini hujjatlarni soxtalashtirish orqali oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Sud muhokamasida sudlanuvchi B.A aybiga iqrorlik bildirib, yengillik soʻragan.
Sud yakuniy hukmiga koʻra, sobiq mansabdorga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdori (340.000 soʻm)ning 75 (yetmish besh) baravari miqdorida, yaʼni 25.500.000 (yigirma besh million besh yuz ming) soʻm jarima jazosi tayinlandi. Jinoyat natijasida yetkazilgan zarar toʻliq bartaraf qilingan.
Sud ishi Oliy sud ochiq portalidan olindi.