"Paxtakor" sport direktori Shuhrat Maqsudov jarimaga tortildi
U "Navbahor" klubi rasmiylarga nisbatan oʻzini nomaqbul tutib, haqoratli soʻzlar ishlatib, tartibsizlik sodir etgan. OʻFA yana bir qator jamoalarga ham chora koʻrdi.
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda soʻnggi turlar doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvlardagi intizomiy ishlar koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston Kubogi 1/2 finali doirasidagi «Paxtakor» — «Navbahor lochinlari» uchrashuvi birinchi boʻlimidan soʻng «Paxtakor» futbol klubi sport direktori Shuhrat Maqsudov tribuna osti yoʻlakchasida mehmon jamoa rasmiylarga nisbatan oʻzini nomaqbul tutib, haqoratli soʻzlar ishlatib, tartibsizlik keltirgan holati qayd etilgan.
Tartib-intizom qoʻmitasi qaroriga koʻra, Shuhrat Maqsudovga (Paxtakor) nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.
Superliga chempionatining 18-turi doirasidagi «Qizilqum» — «Soʻgʻdiyona» uchrashuvining 87-daqiqasida «Soʻgʻdiyona» futbol klubi futbolchisi Jasurbek Yoqubov bosh hakam qaroriga nisbatan eʼtiroz bildirib, sariq kartochka olgan holati qayd etilgan.
Tartib-intizom qoʻmitasi qaroriga koʻra, Jasurbek Yoqubovga (Soʻgʻdiyona) nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.
«Lokomotiv» — «Navbahor lochinlari» uchrashuvi 67-daqiqasida «Lokomotiv» futbol klubi futbolchisi Jasur Hakimov raqib oʻyinchisining bosh qismiga tirsagi bilan zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan.
Tartib-intizom qoʻmitasi qaroriga koʻra, Jasur Hakimovga (Lokomotiv) nisbatan 3 ta oʻyinga chetlashtirish (diskvalifikatsiya) va jarima intizom choralari qoʻllanildi.
Superliga chempionatining 19-turi doirasidagi «Surxon» — «Bunyodkor» uchrashuvining 90+1-daqiqasida «Bunyodkor» futbol klubi futbolchisi Hamidullo Abdunabiyev oʻyin vaqtini atayin choʻzib, sariq kartochka olgan holati qayd etilgan. «Bunyodkor» futbolchisi Shaxboz Joʻraboyev oʻyin vaqtini atayin choʻzgani uchun jazolandi.
Tartib-intizom qoʻmitasi qaroriga koʻra, Shaxboz Joʻraboyevga (Bunyodkor) nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi. Uchrashuvning 90+1-daqiqasida «Bunyodkor» futbol klubi futbolchisi Andrija Filipovich bosh hakam qaroriga nisbatan eʼtiroz bildirib, sariq kartochka olgan holati qayd etilgan.
Tartib-intizom qoʻmitasi qaroriga koʻra, Andrija Filipovichga (Bunyodkor) nisbatan jarima intizom chorasi qoʻllanildi.
Shuningdek, yana boshqa jamoalarga ham jazolar va choralar qoʻllanildi.