platina.uz
Sport

Otabek Umarov Osiyo olimpiya kengashi direktori bilan uchrashdi

Uchrashuv poytaxtdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida tashkil etildi.Yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi. 

Otabek Umarov Osiyo olimpiya kengashi direktori bilan uchrashdi

Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov Osiyo Olimpiya kengashi direktori, Butunjahon suzish federatsiyasi prezidenti Husayn Al Musallam bilan uchrashdi.

Martabali mehmon poytaxtdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida rasmiylar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Unda Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi.

Janob Musallam dastavval oʻrganish ishlari boʻyicha oʻz xulosalari bilan oʻrtoqlashdi. Unda tayyorgarlik yaxshi ketayotgani, Olimpiya shaharchasidagi qurilish ishlari bir maromdaligi, shuningdek, tashkiliy ishlar ham koʻngildagidek yoʻlga qoʻyilganini taʼkidladi. Shuningdek, eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan qator masalalar boʻyicha ham oʻz tavsiyalarini berib oʻtdi.

Suhbat davomida tomonlar oʻzaro hamkorlikning keyingi bosqichiga oid qator istiqbolli rejalarni koʻrib chiqishdi.

Shundan soʻng Al Musallam zamonaviy qiyofa ochgan muzey bilan yaqindan tanishdi. Unda mehmonga oʻzbek sportining shonli tarixi, bugungi kundagi muvaffaqiyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Yakunda u faxriy mehmonlar kitobiga oʻz dil izhorlarini yozib qoldirdi.

Shuningdek, u Olimpiya shaharchasida boʻlib, qurilish ishlarining bugungi holatini oʻrgandi. Unga MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda qurilish ishlariga masʼul Xitoyning SAMS Engineering kompaniyasi vakillari hamrohlik qilishdi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida tashkiliy ishlar boʻyicha uchrashuv oʻtkazildi. Yigʻilishda Toshkent-2025 direksiyasi xodimlari Oʻyinlarga tayyorgarlik yuzasidan taqdimotni namoyish qilishdi.

Unda olib borilayotgan katta hajmdagi hozirlik, Oʻyinlar dasturiga kiritiladigan sport turlari va ular oʻtkaziladigan obʼektlar, delegatsiyalarning tahminiy soni, transport-logistika masalasi va shu kabi tashkiliy mavzular haqida atroflicha maʼlumot berildi. Oʻz oʻrnida, Husayn Al Musallam taqdimot yuzasidan fikr bildirar ekan, anti-doping, viza va aviaqatnovlar toʻgʻrisida ham toʻxtalib, ushbu yoʻnalishlarni ham batafsil oʻrganish kerakligi yuzasidan fikr bildirdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid