Angliyada oʻqish, viza talablari, Chevening dasturi, "Arsenal" va Liverpul, Toshkentda yashash haqida

Platina.uz sayti Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi oʻrinbosari janob Jeyms Rod-Mur bilan suhbatlashdi.

Intervyu
Kecha, 19:55

Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi oʻrinbosari janob Jeyms Rod-Mur bilan boʻlib oʻtgan intervyuda mashhur Chevening stipendiyasiga ariza topshirish, Buyuk Britaniyadagi hayot va oʻzbeklar jamiyati haqida gaplashganmiz.

– Birinchi savolimiz viza va immigratsiya haqida boʻladi. Britaniya elchixonasi Oʻzbekiston fuqarolariga Buyuk Britaniyaga viza olishda qanday yordam beradi?

– Aslida Britaniya elchixonasi bu jarayonda deyarli hech qanday rol oʻynamaydi. Oʻzbekiston fuqarolari uchun vizaga ariza topshirish jarayoni, dunyoning boshqa koʻp joylaridagi kabi, gov.uk veb-sayti orqali onlayn amalga oshiriladi. Keyin ular hujjatlari va biometrik maʼlumotlarini topshirish uchun Toshkentda joylashgan viza ariza markaziga boradilar. Vizaga ruxsat berilishi yoki berilmasligi toʻgʻrisidagi qaror esa Londonda qabul qilinadi va viza ariza markaziga qaytariladi. Soʻngra ular oʻz pasportlarini viza stikeri bilan qaytarib olishadi. Shunday qilib, elchixona bu jarayonga hech qanday aralashmaydi.

– Demak, siz faqat maʼlumot bera olasizmi?

– Ha, agar kerak boʻlsa, gov.uk sahifalarida barcha kerakli maʼlumotlar bor. U yerda viza turlari haqida maʼlumot topishingiz mumkin – talabalar, ishchi yoki turist sifatida kelish uchun qaysi vizaga murojaat qilishi kerakligi, qanday hujjatlar kerak boʻlishi haqida hammasi bor. Yana bir narsa, biz Buyuk Britaniyaga kelmoqchi boʻlganlarga xush kelibsiz deyishimiz mumkin xolos, lekin rasmiy kanallardagi koʻrsatmalarga qatʼiy amal qilishlarini soʻraymiz. Afsuski, koʻp odamlar vizani olish istagidagi insonlardan pul olish uchun firibgarlik qilishadi. Shunday firibgarliklarga tushib qolmaslikning eng yaxshi usuli rasmiy kanallardan olingan maʼlumotlarga amal qilishdir.

– Hujjatlarni toʻgʻri topshirish va muvaffaqiyatli ariza berish qanday amalga oshiriladi?

– Bu juda yaxshi savol. Eng muhim narsa – koʻrsatmalarga diqqat bilan amal qilish. Koʻrsatmalar sizga aniq nima kerakligini aytadi, siz iloji boricha koʻproq hujjatlarni toʻplashingiz va topshirishingiz kerak. Siz hech bir muhim hujjatni oʻtkazib yubormasligingiz kerak. Odamlar vizaga murojaat qilish jarayonida bir qancha narsalarni isbotlashlari talab qilinadi va bunga tegishli hujjatlar taqdim etilishi lozim.

– Ariza berish jarayoni, qanday kutish kerakligi va bu qancha vaqt olishi haqida elchixona qanday maʼlumot bera oladi?

– Viza turi va xizmat turiga bogʻliq. Umuman olganda, ariza onlayn tarzda topshiriladi, soʻngra hujjatlar va biometrik maʼlumotlar (odatda barmoq izlari va koʻz skaner maʼlumotlari) ariza markazida topshiriladi. Shundan soʻng bir necha kun kutish kerak boʻladi. Masalan, standart turist vizasi 15 ish kuni ichida qaror qilinadi, lekin bu umuman olganda 20 ish kuni atrofida vaqt oladi. Agar tezkor xizmatdan foydalansangiz, bu vaqt qisqarishi mumkin. Lekin tezkor xizmat uchun qoʻshimcha pul toʻlash kerak boʻladi. Odamlarga imkon qadar oldindan murojaat qilishlarini tavsiya qilamiz. 15 ish kuni ikki hafta emas, balki uch hafta davom etishi mumkin va hujjatlarni topshirish va qaytarib olish ham vaqt oladi. Shu sababli, imkon qadar tezroq murojaat qiling.

– Keyingi savolimiz Britaniyada taʼlim olish imkoniyatlari haqida. Bizni chet elda oʻqishni xohlaydigan yoshlar ham kuzatadi. Britaniyada oʻzbek talabalari uchun taʼlim olishning asosiy afzalliklari qanday?

– Buyuk Britaniya oʻzining taʼlim tizimidan faxrlanadi. Eshitgan boʻlsangiz kerak, Oksford universiteti dunyodagi eng obroʻli universitetlardan biri boʻlib, u hatto Atsteklar imperiyasidan ham qadimiydir. Bundan tashqari, biz Britaniya taʼlimini kengaytirishga harakat qilmoqdamiz. Misol uchun, Toshkentda allaqachon 10 ta Britaniya universiteti faoliyat koʻrsatmoqda.

Britaniya taʼlimining asosiy afzalliklaridan biri bu oʻqitish sifatidir. Dunyoning eng yaxshi oʻqituvchilari Britaniya universitetlarida dars berishadi, bu esa ularni global miqyosda eng ilgʻor tadqiqot markazlariga aylantiradi. Ikkinchidan, Britaniya universitetlarida talabalarning sifati juda yuqori. Soʻnggi 25 yil ichida xalqaro talabalar soni sezilarli darajada oshdi va bu oʻzbek talabalari uchun dunyoning eng yaxshi talabalari bilan birga oʻqish imkonini beradi. Shu jihatlar Britaniyada taʼlim olishga undaydi.

– Talabalar Buyuk Britaniyadagi oʻquv va madaniy muhitga yaxshiroq tayyorlanishlari uchun nima qilishlari mumkin?

– Menimcha, bu savolga eng yaxshi javobni universitetlarning oʻzi beradi. Buyuk Britaniya universitetlari xalqaro talabalarni qabul qilish boʻyicha uzoq yillik tajribaga ega. Ular oʻsha talabalarni Britaniyadagi hayotga moslashishga qanday yordam berishni juda yaxshi bilishadi. Shu sababli, ularning qabul boʻlimlari va talabalarni integratsiyalash boʻyicha guruhlari maxsus dasturlar ishlab chiqishgan. Mening maslahatlarim, imkon qadar universitetning oʻzidan yordam soʻrash, chunki ular talabalarga moslashish va oʻzlarini rivojlantirishga yordam beradigan barcha materiallarga ega.

– Buyuk Britaniya va Oʻzbekiston madaniyati orasidagi katta farq bor. Umuman olib aytganda, talabalar yetib borgandan soʻng “culturalshock”ni qaday yengishi mumkin? 

– Bu juda yaxshi savol. Men oʻzim ham yoshlikda chet elda oʻqiganman, xususan, Fransiya va Italiyada. Albatta, Fransiya va Italiya Oʻzbekistonga qaraganda Buyuk Britaniyaga yaqinroq, lekin menimcha, eng yaxshi usul — Britaniya madaniyatiga oldindan tayyorgarlik koʻrish. Misol uchun, Britaniya telekoʻrsatuvlarini tomosha qilish yoki Britaniya kitoblarini oʻqish orqali ularning madaniyati bilan tanishib chiqishingiz mumkin. Buyuk Britaniyadagi baʼzi joylarda madaniy farqlar unchalik katta boʻlmasligi mumkin. Masalan, Londonda oʻzbek restoranlarini topishingiz mumkin, chunki bu yerda kichik, lekin faol oʻzbek jamiyati bor. Hatto kichik shaharlar ham katta osiyolik va boshqa millatlar jamoalari bilan boyitilgan, bu esa shaharlarga xilma-xillik kiritadi va odamlarga oʻzlariga mos boʻlgan joylarni topishga yordam beradi.

– Sizni oʻzingiz oʻzbek taomlarini yoqtirasizmi?

– Albatta, juda yaxshi koʻraman! Oʻzbekistonga kelganimdan beri, 6 oyda 5 kilo vazn yigʻdim. Bu ham taomlaringiz qanchalar mazali ekanini koʻrsatadi. 

– Oʻzbekiston haqida qanday fikrdasiz? Ob-havo, odamlar va boshqalar?

– Bu mening sobiq ittifoq mamlakatlarida ishlashimdagi birinchi tajribam emas – avval Gruziya va Ukrainada yashaganman. Shuning uchun ayrim jihatlari men uchun tanish. Oʻzbekistonda esa bizni juda samimiy qabul qilishdi – nafaqat elchixonada, mahallamizda qoʻshnilarimiz ham juda iliq kutib olishdi. Toshkent qiziqarli va dinamik shahar, bu yerda qilish uchun koʻp narsalar bor. Men va oilam bu yerda ekanimizdan juda mamnunmiz.

– Yaqinda Britaniya elchisi Timoti Smartning jamoat transportidan foydalanib, oʻzbek tilida gaplashayotgan videosini koʻrdik. Bu juda qiziqarli va alohida taʼkidlash kerak boʻlgan jihat.

– Elchining til bilish qobiliyati bilan faxrlanamiz! Afsuski, men oʻzbek tilini uncha yaxshi bilmayman. Men rus tilida gaplashaman, bu menga shahar boʻylab harakat qilishda bemalol yordam beradi, lekin oʻzbek tilida gaplashish yanada qiziqarli boʻlar edi. Oʻzbek tilini oʻrganishni xohlayman, lekin vaqt topish qiyin.

– Buyuk Britaniyaga borishni rejalashtirganlar uchun qanday joylarni tavsiya qilasiz?

– Bu haqida soatlab gaplashishim mumkin! Buyuk Britaniyadagi eng yaxshi narsalardan biri shundaki, geografik jihatdan kichik boʻlgani uchun mamlakat boʻylab sayohat qilish juda oson. Misol uchun, Londondan poyezdda toʻrt soatda Shotlandiyaga yoki ikki yarim soatda Uelsga yetib borishingiz mumkin. Buyuk Britaniyaning har bir hududida oʻziga xos tabiiy goʻzalliklar mavjud. Shimoliy Irlandiyada Giant's Causeway, Uelsda Snowdonia milliy parki, Shotlandiyada koʻl va togʻlar, Angliyada esa mashhur Lake District bor.

Shaharlar jihatidan esa Stratford-Avonni tavsiya qilaman – bu Shekspirning tugʻilgan joyi. Agar Britaniyaning 400 yil oldingi koʻrinishini koʻrmoqchi boʻlsangiz, bu joy ayni muddao. London albatta xalqaro metropol shahar sifatida tanilgan. Bu yerda dunyodagi istalgan taomni topishingiz mumkin. Londondagi tarixiy qirollik binolari, mashhur Big Ben, parlament binosi ham koʻrish shart boʻlgan joylardan biridir. Agar musiqaga qiziqsangiz, Liverpulga boring — bu Beetles guruhining tugʻilgan joyi va ularning birinchi konserti oʻtgan joy. Mana, aytganimdek 5 daqiqadan beri gapiryapman bu haqida, yana 50 daqiqa ham toʻxtamasdan tasvirlashim mumkin, ammo vaqtimiz yetmaydi.

– Buyuk Britaniyaga sayohatni rejalashtirayotgan oʻzbek fuqarolariga qanday maslahatlar bera olasiz?

– Sayohat qilishni xohlagan har bir kishiga albatta Buyuk Britaniyaga borishni tavsiya qilaman. Tepada taʼkidlaganimdek, bu yerda koʻrishga arzigulik juda koʻp joylar bor. London markazida teatrlar va musiqiy shoular, dunyodagi eng yaxshi sport jamoalari bor. Men oʻzim “Arsenal” jamoasining muxlisiman, shuning uchun har bir oʻzbekni “Arsenal” jamoasini qoʻllab-quvvatlashga va “Emireyts” stadioniga borishga chaqirgan boʻlardim! Buyuk Britaniya juda xavfsiz mamlakat, qonun ustuvorligi kuchli. Odamlar Britaniyada barchaga birdek adolatli muomala qilinishiga ishonch hosil qilishlari mumkin va ular bu yerda juda yaxshi kutib olinadi.

– Oʻzbek tadbirkorlari va bizneslari uchun Buyuk Britaniya bozoriga kirish imkoniyatlari qanday va qaysi sohalar istiqbolli?

– Britaniya shu kungacha savdo mamlakati boʻlib kelgan. Savdo va biznes Britaniya uchun har doim muhim. Shunday ekan, biz xalqaro investitsiyalarni jalb qilishga alohida eʼtibor qaratamiz. Britaniyada baʼzi zamonaviy va rivojlanayotgan sohalar, masalan, offshor kompaniyalar, vodorod, kichik yadro reaktorlari bor, bu sohalarda Britaniya jahon yetakchilaridan biridir. Biz ushbu sohalarga investitsiyalarni, shu jumladan Oʻzbekistondan ham, jalb qilishga qiziqamiz. Shuningdek, kreativ iqtisodiyot, gumanitar fanlar, moliyaviy xizmatlar, huquq va ilgʻor texnologiyalar ishlab chiqarish kabi sohalar ham qiziq.

– Britaniya investorlari Oʻzbekiston bozoriga investitsiya kiritishga qiziqish bildirishyaptimi? Qaysi sohalar ularga qiziq?

– Ha, Oʻzbekiston aholisi oʻsib borayotgan, katta iqtisodiy imkoniyatlarga ega mamlakat sifatida Britaniya investorlarining eʼtiborini tortmoqda. Savdo va biznes departamentimizning bu yerda vakolatxonasi bor, ular Britaniya kompaniyalariga Oʻzbekistonda biznes qilishda yordam beradi. Eng qiziqarli sohalardan biri bu taʼlim. Britaniyada 10 ta universitet Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatmoqda va bundan ham koʻproq universitetlar ishlashga qiziqmoqda. Shuningdek, moliyaviy xizmatlar sohasiga qiziqish katta, bu Oʻzbek kompaniyalariga Londonda kredit olish imkoniyatini beradi. Shaxta sohasi ham qiziqarli hisoblanadi.

– Britaniya hukumati xorijiy bizneslarni, xususan, oʻzbekistonlik investorlarni qanday qoʻllab-quvvatlaydi?

–Avval aytganimdek, biz Buyuk Britaniyaga xorijiy investitsiyalarni katta mamnuniyat bilan qabul qilamiz. Bizda yangi bir loyiha mavjud –“Expand your business” (Biznesingizni kengaytiring), bu “great.gov.uk” sayti orqali amalga oshiriladi. Ushbu portalda kompaniyalar atigi 5 daqiqalik qisqa soʻrovnoma orqali Buyuk Britaniyada biznesni qanday roʻyxatdan oʻtkazish va ish boshlash boʻyicha kerakli maʼlumotlarni olishlari mumkin.

Shuningdek, mamlakatning turli hududlarida “biznes va startap inkubatorlari hamda akseleratorlari” mavjud. Ular biznesning boshlangʻich bosqichida yordam berib, ayrim imtiyozlarni taklif qiladi. Bundan tashqari, Britaniyaning bir nechta yirik shaharlari va markazlarida mavjud boʻlgan “venchur kapital va startap fondlari” orqali istiqbolli bizneslardan mablagʻ olishlari mumkin.

Eslatib oʻtaman, Chevening stipendiyasiga ariza topshirishni unutmang! Hozirgi yildagi dastur allaqachon ochilgan, barcha qoidalar va talablarga mos keladiganlar, agar Buyuk Britaniyada magistraturada oʻqishni istashsa, imkon qadar tezroq arizalarini topshirishlari kerak. Ariza topshirishning soʻnggi muddati 5 noyabr. Shunday ekan, koʻp vaqt qolmagan, arizalaringizni hoziroq topshirishga shoshiling!

– Intervyuga rozilik bildirganingiz va foydali, qiziqarli suhbat uchun katta rahmat.

Gulnoza Qodirova suhbatlashdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+