Oʻzbekistonda Paypal, Apple Pay va Google Pay ishlashi yoʻlga qoʻyiladi
Samarqand aeroportida "Tourist map" interaktiv portali sinov tariqasida ishga tushiriladi.

2024 yil oxirigacha Paypal, Apple Pay va Google Pay Oʻzbekistonda ham ishlashi yoʻlga qoʻyiladi.
Bu haqda "Turizmning yangi turlarini joriy qilish va mamlakatimizning turistik salohiyatidan samarali foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi" hukumat qarorida maʼlum qilingan.
2025 yil 1 yanvardan boshlab turizmning quyidagi yangi turlari joriy qilinadi:
-mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishni nazarda tutuvchi sanoat turizmi;
-oltin, ruda va boshqa mineral resurslar qazib oluvchi konlar, shaxtalar, faoliyat yuritmayotgan geologik obʼektlarida texnologik jarayonlarni, shu jumladan, togʻ jinslarini portlatish tadbirlarini bexatar masofadan kuzatish, mutaxassislar bilan muloqot qilish, togʻ releflari boʻyicha ekskursiyalarni tashkil qilishni nazarda tutuvchi geologiya turizmi;
-ilmiy-tadqiqot institutlari va laboratoriyalar, observatoriyalar hamda planetariylar, Fanlar akademiyasi va uning tizimidagi tashkilotlarga tashrif buyurish orqali fan va texnika yutuqlari bilan tanishishni nazarda tutuvchi ilmiy turizm;
-harbiy tarix va faoliyat bilan bogʻliq joylarga tashrif buyurish, yodgorliklar va tadbirlarda qatnashish, harbiy xizmatchilar hayoti va sharoitlari bilan yaqindan tanishish, hududlarda turistlarga oʻq otish boʻyicha pulli xizmatlar tashkil qilishni nazarda tutuvchi harbiy turizm;
-mamlakatning siyosiy hayoti, davlat organlari va tashkilotlarining tarixi va faoliyatini aks ettiruvchi joylarga, xususan, Hukumat bino va inshootlariga tashrif buyurishni oʻz ichiga olgan davlat-boshqaruv turizmi.
2025 yil 1 oktabrdan boshlab ichki turizm infratuzilmasi boʻyicha aholi hamda turistlarning xabardorligini taʼminlash imkonini beruvchi, shuningdek quyidagi texnik imkoniyatlarni nazarda tutuvchi «Tourist map» interaktiv portali sinov tariqasida Samarqand shahrining xalqaro aeroportida ishga tushiriladi.