Eron Isroilga qarata yuzlab raketalar uchirdi
Isroil bosh vaziri Netanyahu raketalar hujumini "muvaffaqiyatsiz" deya atadi. Oʻzbekiston elchixonasi esa fuqarolarni ogohlantirdi.

1 oktabr kuni Eron Isroilga yuzlab raketalarni uchirdi.
Isroil matbuotiga koʻra, mamlakat boʻylab 500 ga yaqin raketa uchirilgan. Ularning aksariyati havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan oʻqqa tutilgan, biroq baʼzilari "Temir gumbaz"ni yorib oʻtib, bir qancha binolarga zarar yetkazgan.
Jabrlanganlar haqidagi maʼlumotlarga aniqlik kiritilmoqda. Bir kishi oʻlgan va bir necha kishi jarohatlangan.
Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi zarbani "Hizbulloh" yetakchisi Hasan Nasrullohning oʻlimiga javoban amalga oshirganini aytdi.
Shuningdek, agar Isroil Eronning harakatlariga javob qaytarsa, "bundan ham dahshatli hujumlarga duch kelishi" haqida ogohlantirilgan.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Eronning zarbasi Isroil havo mudofaasi va AQSh yordami tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchraganini aytdi.
Netanyaxu, shuningdek, Isroil hujumlarida halok boʻlgan Falastinning XAMAS yetakchilari Ismoil Xaniya va Muhammad Deif hamda Livandagi "Hizbulloh" yetakchilari Hasan Nasrulloh va Fuad Shukrni esladi.
"Ular buni tushunmadi va Tehronda buni tushunmaydiganlar ham bordir", deb qoʻshimcha qildi Isroil bosh vaziri.
Shuningdek, Oʻzbekistonning Isroildagi elchixonasi ogohlantirish bilan chiqdi.
Intensiv raketa otishmalari munosabati bilan Oʻzbekiston elchixonasi tezkor ehtiyot choralarini koʻrishni qatʼiy tavsiya qildi:
1. Raketa hujumlari paytida tezlik bilan bomba boshpanalariga kiring.
2. Isroil hukumati va Oʻzbekiston elchixonasi rasmiy xabarlarini kuzatib boring. Isroil front orti qoʻmondonligi bildirishnomalari va ogohlantirishlariga amal qiling.
3. Shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatlar va Oʻzbekiston elchixonasining aloqa maʼlumotlarini doimo oʻzingiz bilan olib yuring.




