platina.uz

Dahshatli yongʻin: sabablar, oqibatlar va yechimlar

Agrar universitetidagi fojiaga quyosh panellari qanchalik sabab boʻla olishini quyida tahlil qilib chiqamiz.

Jamiyat
1-oktabr, 20:55
Dahshatli yongʻin: sabablar, oqibatlar va yechimlar
Foto: Gazeta.uz

30 sentabr kechki payt Toshkent davlat agrar universiteti binolarida yongʻin sodir boʻldi. Yongʻin xavfsizligi talablariga nega rioya etilmagani, kim aybdorligi, yongʻinni oʻchirish xizmatining qay darajada samaradorligi haqidagi mulohazalar keyingi masala. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir shubhali nuqtai nazar oʻquvchilarning diqqatini tortdi.

“Agrar universiteti binolarida kuchli yongʻin sodir boʻlganini koʻpchilik oʻqigandir. Yongʻin Oʻrmon xoʻjaligi agentligi binosining tomida boshlanib, keyingi binolarga oʻtgani aytilmoqda. Google orqali tekshirib qarasam, agentlik va universitet binosining tomlarida quyosh panellari oʻrnatilgan ekan. Agar bu panellar xato oʻrnatilsa, yongʻin kelib chiqishi mumkin. Qolaversa, Oʻzbekistonda hamma joyda ishlatiladigan alyukobond juda ham tez yonadi”, deyiladi ushbu postda.

Darhaqiqat, oxirgi paytlarda quyosh panellarini oʻrnatish bilan bogʻliq mojaro tobora gazak olib kelayotgandi. Har qanday muammo yoki tashabbusdan pul qilish ishtiyoqida yuradigan ayrim “soqqakash” amaldorlarimizning bu mojaroda qoʻli borligi haqida shubhalar paydo boʻldi.

Bir qarashda, quyosh panellarini oʻrnatish ayni zamon xalqaro “trendi”dagi masala – ekologik barqarorlikka putur yetkazmaslik tabiiy, ammo qayta tiklanmaydigan zaxiralarni yoʻq qilmaslik, havoga zararli gazlar chiqishining oldini olish uchun “yashil energiya” usullari, xususan, quyosh energiyasidan foydalanish olqishga sazovor ish. Bu masalaga hukumat darajasida eʼtibor berilayotgani ham mamnun qiladi.

Energetika vazirligining bildirishicha, tadbirkorlar va aholi quyosh panellarini oʻrnatishga majburlanmagan. Oʻzbekiston prezidentinnig 2023 yil 16 fevraldagi "2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-57 qarori hamda 2024 yil 14 iyundagi "Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-222 qarori (bu hujjat qonunchilik bazasida topilmadi) bilan aholi va tadbirkorlar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash boʻyicha belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarni amalga oshirish, imkoni boricha quyosh batareyalari va quyosh suv isitgichlarini oʻrnatish kampaniyasini kuchaytirish nazarda tutilgan emish.

Lekin oxirgi paytlarda bu talab yoki tavsiyalardan jigʻildon amriga koʻra, oʻz shaxsiy boyishi yoʻlida foydalanishga intilayotgan amaldorlardan shikoyatlar ijtimoiy tarmoqlarda koʻpayib ketdi.

Jumladan, iqtisodchi Otabek Bakirov quyosh panellariga majburlash yana avjiga chiqayotgani, kimda-kim quyosh panellari oʻrnatmasa, elektr tarmogʻidan uzib qoʻyish bilan qoʻrqitilayotgani, hatto baʼzi joylarda bu qoʻrqituv amalga oshirilayotganini xam aytgan edi.

Natijada ishlatmasa ham, muayyan firmalardan quyosh panellari sotib olinib, mulyaj sifatida oʻrnatib qoʻyilayotgani fosh boʻlgan edi.

Bunday xabarlar ortidan Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi deputatlik soʻrovlari yubormoqchi ekani ham aytilgan.

Partiya matbuot xizmati xabarida aytilishicha, hech kim tadbirkorni uning istagiga zid holda biror narsaga majburlashi mumkin emas. "Bunday xatti-harakatlar tadbirkorlarning huquq va erkinliklarini kafolatlash yoʻlida davlatimizda qabul qilingan qonunchilikka zid", deya taʼkidlagan OʻzLiDeP.

Partiya, shuningdek, parlament sayloviga tayyorlagan dasturiga shu kabi holatlarning oldini olish uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvini qatʼiy taqiqlash choralarini koʻrish ham kiritilganini eslatgan.

Quyosh panellari qanchalik samarador?

Quyosh panellarini ilk marta oʻrnatishning dastlabki xarajatlari sezilarli darajada katta boʻlishi mumkin. Oʻrtacha uy uchun tizimni oʻrnatish quvvati, hududi va geografik joylashuviga qarab 15 000-25 000 dollar turadi. Biroq bir qator mamlakatlarda mavjud boʻlgan subsidiyalar va soliq imtiyozlari tufayli bu xarajatlarni ancha kamaytirish mumkin. Quyosh panellarining asosiy iqtisodiy foydasi energiya uchun toʻlovlarni kamaytirishdir. Toʻgʻri loyihalangan shunday tizim vositasida uy xoʻjaligi energiya xarajatlarini 70-100% ga kamaytirishi mumkin.

Quyosh panellarining ketgan xarajatlarni qoplash muddati joylashuvi, quyosh nuri intensivligi va mintaqaviy elektr energiyasi narxlariga qarab 5-12 yil boʻladi. Taqqoslash uchun, quyosh panellarining koʻpchiligi 25-30 yil xizmat qiladi, bu ularni uzoq muddatli sarmoyaga aylantiradi.

Ehtimoliy xavflar, shu jumladan, yongʻinlar

Quyosh panellarining oʻzi yongʻin xavfini tugʻdirmaydi, lekin tizim toʻgʻri oʻrnatilmagan yoki risoladagidek xizmat koʻrsatilmasa, qarovsiz qolsa, yongʻin xavfini keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, simlar izolyatsiyasining buzilishi, sifatsiz materiallar ishlatish yoki tizimni notoʻgʻri oʻrnatish, shuningdek, qisqa tutashuv yoki tarmoqqa ortiqcha bosim tufayli yongʻinga sabab boʻlishi mumkin.

Quyosh panellaridan kelib chiqadigan yongʻinlar nisbatan kam uchraydi, ammo oʻrnatish vaqtida barcha xavfsizlik choralari hisobga olinmasa, ular halokatli boʻlishi mumkin.

Anʼanaviy energiya manbalarini toʻliq almashtirish masalalari

Koʻpgina afzalliklariga qaramay, quyosh panellari koʻpchilik uylar uchun, ayniqsa, quyosh faolligi oʻzgaruvchan hududlarda yagona energiya manbai boʻlishi qiyin. Barqaror elektr taʼminotini taʼminlash uchun batareyalar kabi energiya saqlash tizimlarini oʻrnatish kerak boʻlishi mumkin. Biroq, texnologik yutuqlarga qaramay, batareya tizimlari qimmatligicha qolmoqda va davriy almashtirishni talab qiladi. Yaʼni quyosh panellariga ketgan xarajat oʻrtacha 10 yilda qoplanadi, biroq 10 yilga bormasdan akkumulyatorlarni almashtirishga toʻgʻri keladi. Akkumulyatorlar esa butun tizim narxining taxminan yarmini tashkil etadi.

Bundan tashqari, quyosh energiyasi yetarli boʻlmagan sharoitlarda (masalan, qishda yoki uzoq bulutli kunlarda) har ehtimolga odatiy elektr tarmogʻi yoki generatorlar kabi zaxira manbalardan voz kechib boʻlmaydi.

Panellar soni va energiyani qoplash

Yiliga taxminan 10 000 kVt / soat elektr energiyasini ishlatadigan oʻrtacha uy xoʻjaligiga taxminan 5-6 kVt quvvatga ega tizim kerak boʻladi, bu ularning quvvati va maydoniga qarab 15-20 panelni oʻrnatishni talab qilishi mumkin. Biroq bu koʻrsatkich mintaqaning quyosh faolligi va uy xoʻjaligining energiya ehtiyojlariga qarab oʻzgaradi. Janubiy Kaliforniya yoki Avstraliya kabi quyoshli hududlar kamroq panellarni talab qiladi, shimoliy hududlarda esa ehtiyojlarni qondirish uchun koʻproq jihozlar kerak.

Komponentlarni almashtirish va texnik xizmat koʻrsatish

Koʻpgina quyosh panellarining ishlash muddati 25-30 yilni tashkil qiladi, ammo akkumulyator tizimlari va invertorlar muntazam almashtirishni talab qiladi. Batareyalar odatda 10-15 yil, invertorlar 10-20 yil xizmat qiladi. Shunday ekan, tizimning ishlash muddati davomida bir nechta uskunani almashtirish talab etiladi, bu uzoq muddatli xarajatlarni baholashda eʼtiborga olinishi lozim.

Samaradorlikni pasaytirmaslik uchun quyosh paneli tizimiga texnik xizmat koʻrsatish, yaʼni chang, qushlarning axlati va qoldiqlari muntazam tozalab turiladi. Chunki quyosh paneli xiralashsa, yorugʻlik nuri va pirovardida ishlab chiqiladigan elektr energiyasi ham kamayadi. Yevropada quyosh panellari juda koʻp, ularni tozalab turish uchun ishchi yollash uchun kattagina mablagʻ talab qilinadi. Qahraton qish paytida tomga chiqib, panellarni qordan yoki hidi dimogʻni yoradigan qush axlatlaridan tozalash oson ish emas chunki. Bunday tozalash yiliga bir necha marta boʻlishi mumkin. Biroq muntazam yogʻingarchilik kuzatiladigan joylarda bunga ehtiyoj kamroq.

Yetti oʻlchab, bir kesmoq lozim

Umuman olganda, quyosh panellari uglerod chiqindilarini kamaytirish va anʼanaviy energiya manbalariga qaramlikni kamaytirish uchun jozibador yechim. Ularni oʻrnatishning dastlabki qiymati sezilarli boʻlishi mumkin esa-da, ular energiya xarajatlarini kamaytirish orqali bir necha yil ichida xarajatlarni qoplashi mumkin. Biroq hozirgi sharoitda butunlay quyosh energiyasiga tayanish qiyin va barqaror energiya taʼminotini taʼminlash uchun qoʻshimcha energiya manbalari kerak. Qolaversa, quldorlik yoki feodal davlatda emas, demokratik erkin davlatda yashayotganimiz rost boʻlsa, quyosh panellarini oʻrnatishda hamma oʻz ehtiyoji, hududi va boshqa sharoitlardan kelib chiqishi, bu jarayon mutlaqo ixtiyoriy boʻlishi kerak. Shu bois, amaldorlarning oʻz odamlari olib kelgan quyosh panellarini sotish uchun aholini majburlash xalqqa va davlatga qarshi chiqishdan boshqa narsa emas.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+