Sirk boʻyicha yangi oʻquv binosi quriladi

Prezident Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashi majlisida sirk faoliyatini yaxshilash masalasiga toʻxtalib oʻtgan edi.

Siyosat
9-yanvar, 20:57
Sirk boʻyicha yangi oʻquv binosi quriladi

Toshkent davlat sirkini taʼmirlash, soha uchun kadrlar tayyorlashda taʼlim va amaliyotni uygʻunlashtirish maqsadida 300 oʻrinli oʻquv binosi barpo etiladi.

Shavkat Mirziyoyev 9 yanvar kuni savdo va xizmatlarni rivojlantirish, turizm va madaniyat maskanlarini barpo etishga oid taqdimotda shu masalani muhokama qildi.

Prezident Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashi majlisida sirk faoliyatini yaxshilash masalasiga toʻxtalib oʻtgan edi.

Shuningdek, mamlakatda turizm salohiyati katta ekani, uni samarali ishga solib, turizm maskanlari va mehmon oʻrinlarini koʻpaytirish, bozorlarni zamonaviylashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Toshkent viloyatining Parkent tumani togʻlari juda xushmanzara. Ayniqsa, bahor-yoz mavsumida sayyohlar bilan gavjum. Bu boradagi sharoitlarni kengaytirish maqsadida Shahrisabzdagi Miraki, Parkentning Nurobod va Kumushkon hududlarida zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, Qashqadaryodagi Maydanak togʻ maskanida yengil konstruksiyali xostellar qurish, mavjud binolarni savdo va xizmatlarga qayta ixtisoslashtirish, hududni obodonlashtirish moʻljallangan.

Davlat rahbari milliy madaniyatni aks ettirgan bozor majmualari loyihasini ishlab chiqish vazifasini qoʻygan edi. Taqdimotda tarixiy shaharlardagi bozorlarni turistlar uchun jozibador maskanlarga aylantirish boʻyicha dastlabki loyihalar namoyish qilindi.

– Bozorlarimizning oʻziga xos jihatlarini saqlab qolgan holda ularni yurtimizning “tashrif qogʻozi”ga aylantirish kerak. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, zargarlik doʻkonlari, oshxonalar, koʻngilochar maskanlar hamohang boʻlishi, xaridorlar va turistlarni oʻziga jalb qilishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada Turkiya va arab mamlakatlari tajribasini oʻrganish, loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislarni taklif etish muhimligi aytib oʻtildi.

Taqdimotda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turizm markazlarida qurilishi rejalashtirilayotgan bozorlar haqida ham axborot berildi. Davlatimiz rahbari ularda ham hududiy koloritni aks ettirish, turistlar uchun kengroq sharoit yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+