Hind rejissyoriga turmushga chiqqan oʻzbekistonlik qochishga urinishda ayblanmoqda
Rejissyor sudga murojaat qilgan.

Hind rejissyoriga turmushga chiqqan va farzandli boʻlgan oʻzbekistonlik Shohsanam dekabr oyida chaqalogʻi bilan Oʻzbekistonga qaytmoqchi boʻlganida ushlangan. U bilan yonida onasi va oʻgay otasi ham boʻlgan, deya yozadi The Times of India.
Hindistonlik Faruk Kabir va oʻzbekistonlik Shohsanam 2022 yilning dekabrida turmush qurishgan. Roppa-rosa bir yil oʻtib esa, ayol yangi tugʻilgan chaqalogʻi va yaqinlari bilan Oʻzbekistonga qaytmoqchi boʻlganida Amritsarda toʻxtatib qolindi va Mumbayga keltirildi, deyiladi xabarda.
Faruk Kabir oʻz farzandining boshqa yurtga ketmasligini va u Hindiston fuqarosi boʻlishi aytib oʻtdi va rafiqasini sudga berdi. Uning aytishicha, farzandli boʻlgunga qadar, oila tinch va janjallarsiz yashagan.
"Hammasi qizim tugʻilgandan keyin boshlandi. Ular farzandimni olib qochib ketmoqchi boʻlishganiga ishonchim komil", deydi Kabir.
Mazkur ish 16 yanvar kuni koʻrib chiqiladi. Kinorejissyor farzandi vasiyligini olish va unga Hindiston guvohnomasini berish niyatida.
Faruk Kabir oʻz rafiqasi bilan 2019 yilda, "Xuda xafiz" filmi suratga olinayotganida tanishgan. Bir necha yil oʻtib, ular turmush qurishgan. Kabir rafiqasining Oʻzbekistonga ketish istagida uning ota-onasini ayblamoqda.