Qoʻyliq bozoridagi tadbirkorlar koʻchiriladi
Ikki yil avval ham bu bozor buzilishi aytilgan va jamoatchilik bosimi ostida bu ish kechiktirilgandi.

Toshkent shahar hokimligi Toshkent qishloq xoʻjalik mahsulotlari ulgurji bozorida (xalq tilida Qoʻyliq bozori) rekonstruksiya ishlari boshlanishi haqida maʼlumot berdi. Bozordagi tadbirkorlar “Food city”, “Tashkent Indeks” va boshqa savdo majmualariga koʻchiriladi, deyiladi hokimlik maʼlumotida.
Hokimlik mazkur qarorga "bozorga olib kelinayotgan mahsulotlar bozor hududiga sigʻmay, atrofidagi hududlarda, shu jumladan Chirchiq kanali boʻyida tartibsiz savdo amalga oshirilayotganligi hamda bozor hududiga kuniga 600 dan ortiq yuk mashinalari kirib-chiqishi avtomobil yoʻllarining tirbandligiga asosiy sabab boʻlmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratayotganini" ham sabab qilib keltirgan.
Bunda, tadbirkorlar mulklarini koʻchirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar (transport, yuklash, tushirish va boshqalar) bepul amalga oshiriladi hamda savdo majmualaridagi doʻkonlar uchun ijara toʻlovlaridan 3 oy muddatga ozod qilinadi.
Shuningdek, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida “Qoʻyliq” massividan bozor hududigacha yoʻlkira xaqqi olinmaydigan 10 ta avtobus yoʻnalishga qoʻyilib, jamoat transporti uchun shoh bekat tashkil qilindi va shaharning barcha yoʻnalishlarga chiqish imkoni yaratilgan.
Bozorda faoliyat yuritayotgan 144 nafar ishchi-xodimlarni “Food city” va “Tashkent Indeks” savdo majmualarida ish bilan taʼminlanishi aytilgan.
Eslatib oʻtamiz, ikki yil avval ham Qoʻyliq bozori buzilishi aytilgan va jamoatchilik bosimi ostida bu ish kechiktirilgandi.