KXDR Janubiy Koreyaga qarata ikki yuzdan oshiq snaryad otdi
Avvalroq Kim Chen In "Vashington va Seulni yoʻq qilib yuborish" bilan tahdid qilgandi.

Shimoliy Koreya tomoni Janubiy Koreyaga 200 dan oshiq snaryad otgani xabar qilinmoqda. Janubiy Koreya hukumati evakuatsiya eʼlon qildi.
Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan chegara yaqinida 200 dan ortiq artilleriya oʻqlarini otgan va natijada Janubiy Koreyaning ikki oroli aholisini evakuatsiya qilish buyrugʻi berilgan. Janubiy Koreya bu kabi harakatlar tinchlikka tahdid solayotganini va "javob boʻlishi"ni aytdi.
"Shimoliy Koreya harbiylari Changsan-got hududida 200 dan ortiq oʻq uzdi", - deyiladi Koreya Respublikasi Mudofaa vazirligi brifingda
OAV maʼlumotlariga koʻra, snaryadlar Sariq dengizga, ikki davlat oʻrtasidagi amalda chegara boʻlgan Shimoliy demarkatsiya chizigʻiga tushgan.
“Bu Koreya yarim orolida tinchlikka tahdid soladigan provokatsion harakatdir. Shimoliy Koreya inqirozning kuchayishi uchun toʻliq javobgar va biz ularni bu harakatlarni zudlik bilan toʻxtatishga chaqiramiz”, — deya qoʻshimcha qildi Koreya Mudofaa vazirligi.
2010 yilning noyabrida ham Pxenyan Yeonpyong oroliga 170 ta artilleriya oʻq uzgandi, natijada toʻrt kishi, jumladan, ikki tinch fuqaro halok boʻlgandi.
Biroz avvalroq esa KXDR lideri Kim Chen In" Vashington va Seulni yoʻq qilib yuborish" bilan tahdid qilgandi.