Kredit bozoriga inqiroz xavf solyaptimi?
Yuqori qarz yuki qarz oluvchining oʻrtacha oylik daromadi va barcha kreditlari boʻyicha toʻlovlarining nisbatidan kelib chiqadi. Maosh kam, toʻlovlar uning yarmidan koʻp boʻlsa, yuqori qarz yuki vujudga keladi.

Oxirgi paytlarda Oʻzbekistondagi iqtisodiyotchi mutaxassislar orasida va blogosferada “Oʻzbekistonda kredit, aniqrogʻi, ipoteka “pufagi” yetilib kelmoqda, u “yorilsa”, katta moliyaviy inqirozga olib keladi, degan xavotirlar paydo boʻldi. Toʻgʻri, aholini kreditlash, zarur ehtiyojlari uchun qarz berish – ijtimoiy jihatdan ijobiy natijalarga sabab boʻladi. Biroq bu mamlakat, hattoki mintaqa yoki butun dunyoda moliyaviy inqiroz keltirib chiqarishi ham mumkin.
Xavotirga asos bormi?
3 yanvar kuni Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toqayev “Egemen Qazaqstan” gazetasiga bergan intervyusida “Fuqarolarning qarz yuki meni jiddiy tashvishga solmoqda, chunki bu muammo odamlarning ijtimoiy farovonligi va moliya tizimining barqarorligiga bevosita taʼsir qiladi. 2019 yilda 500 ming kishining garovsiz kreditlari bir martalik chora sifatida hisobdan chiqarildi”, dedi. Qozogʻiston tarixida kreditlash bilan muammolar tez-tez uchrab turishi, endigina bu borada atak-chechak qilishni boshlagan, kreditlash va umuman bank xizmatlarini koʻrsatishda qulaylik yaratilayotgan Oʻzbekiston uchun ham saboq boʻlishi lozim. Zero, toʻlov qobiliyati va tegishli risklar inobatga olinmagan holda oʻngu soʻlga nooqilona kredit “tarqatish” ertaga katta muammolar keltirib chiqarishi aniq.
Misol uchun, xalq orasida “qora roʻyxat” (aslida bunday roʻyxat yoʻq, Kredit byurosining skoring (ball berish) tizimi bor xolos – tahr.) deb ataladigan tizim ishlashi oqibatida 16 mingdan ziyod fuqarolar “yomon qarz toʻlovchi” guruhiga tushib qolgan. Garchi Oʻzbekistonda 35 ta tijoriy bank, 70 ta mikrokredit tashkiloti, 2000 ga yaqin isteʼmol tovarlarini boʻlib toʻlash sharti bilan sotadigan tashkilotlar Kredit byurosi ("Kredit-axborot tahliliy markazi”) bilan axborot almashsa-da, chekka joylardagi koʻplab savdo va kredit tashkilotlari bunday tizimga aʼzo emas. Shu bois qarzini toʻlay olmayotganlarning real soni bundan bir necha barobar koʻp boʻlishi ham mumkin.
Eng yomon ssenariylar
Albatta, yuqori qarz yuki qarz oluvchilar moliyaviy ahvoli yomonlashuviga, toʻlovga layoqatsizlik holatlariga olib keladi. Toʻlovga layoqatsizlik esa toʻlov intizomining buzilishi fonida kreditlar toʻlanmasligi, pirovardida, banklar kapitallashuv darajasining pasayishiga olib kelishi mumkin.
Yoki boshqa bir ssenariy(Bust)ga koʻra, MB asosiy stavkasining koʻtarilishi kreditlar boʻyicha foiz stavkalarining mutanosib oʻsishiga olib keladi. Bu esa qarz oluvchilarda qarzga xizmat koʻrsatish (DSTI) bilan bogʻliq muammolarning yuzaga kelishiga sabab boʻladi. Natijada bozorning ipotekaga toʻyinishi, uy-joy narxi pasayishi va LTV oʻsishiga, banklarda muammoli kreditlar salmogʻining ortishiga olib keladi. Muammolarning tizimli tus olishi esa moliyaviy nobarqarorlik kelib chiqishiga sabab boʻladi.
Regulyator nima chora koʻrmoqchi?
Markaziy bank asosiy regulyator sifatida bir qator oʻzgarishlarga qoʻl urishni maqsad qilgan. Joriy yildan banklar kapitaliga ayrim talablarning yengillashtirilishi hisobiga banklar tomonidan kredit ajratilishida, shu jumladan, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va kichik tadbirkorlik subʼektlarini moliyalashtirishda yangiliklar kutilmoqda. Buning uchun tegishli meʼyoriy hujjat loyihasi muhokamaga qoʻyiladi.
Markaziy bankda oʻtkazilgan “Mamlakatda moliyaviy barqarorlikni taʼminlash boʻyicha Markaziy bankning makroprudensial va prudensial choralari” mavzusida media-muloqotda shu haqda maʼlumot berildi. Tadbirda Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari Nodirbek Saydullayev hamda Markaziy bankning Kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi departamenti direktori Sanjar Nosirov mamlakatda moliyaviy barqarorlikni taʼminlashda Markaziy bankning makroprudensial va prudensial choralari va ularning mohiyati haqida maʼlumot berishdi.
Xususan, 2024 yil 1 fevraldan boshlab, doimiy daromadga ega boʻlgan, shuningdek, kamida 6 oy davomida bank hisobvaragʻida mablagʻlar aylanmasiga ega oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va kichik tadbirkorlik subʼektlariga mikromoliyaviy xizmatlar uchun joriy tavakkalchilik darajasi 100 foiz boʻlgani holda, yangi tavakkalchilik darajasini 75 foiz etib belgilash koʻzda tutilgan.
Shu bilan birga, endilikda kredit foizi oʻrniga qarz oluvchining qarz yuki darajasi (DSTI) va kreditning garovga (taʼminot) nisbatiga (LTV) asoslangan talablar joriy etiladi. Bu DSTI va LTV bilan bogʻliq xatarlarni jilovlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Cheklovning hidi kelyaptimi?
Garchi muhokamaga qoʻyilishi kutilayotgan meʼyoriy hujjat qarz intizomini yaxshilashga, umuman kredit xizmatlari tizimini takomillashtirishga qaratilgan, deyilsa-da, aslida unda tijoriy banklar uchun oʻziga xos cheklovlar mavjud. Masalan, kredit oluvchiga talablar kuchaytiriladi. Yuqorida aytilganidek, kredit berish haqida qaror chiqarishda oqilona va hamma jihatlarni inobatga olish tavsiya etilmoqda.
Markaziy bank makroprudensial choralarni, shu jumladan, qarz oluvchining qarz yuki darajasi va kreditning garovga (taʼminot) nisbati boʻyicha talablarni ham qayta koʻrib chiqmoqda.
Xususan, qarz yuki koʻrsatkichiga oʻzgartirish kiritiladi: avval mikrokredit uchun 50 foizlik koʻrsatkich belgilangan boʻlsa, u joriy yilning 1 iyulidan 60 foiz etib belgilanadi.
Taʼkidlash kerak, makroprudensial choralar, aniqrogʻi, makroprudensial limitlar (yaʼni cheklovlar – tahr.) yuqori qarz yuki kuzatiladigan qarz oluvchilarga kreditlar berishni cheklashni nazarda tutadi. Yuqori qarz yuki esa qarz oluvchining oʻrtacha oylik daromadi va barcha kreditlari boʻyicha toʻlovlarining nisbatidan kelib chiqadi. Maosh kam, toʻlovlar uning yarmidan koʻp boʻlsa, yuqori qarz yuki vujudga keladi.
Shuningdek, Markaziy bankning prudensial choralari, shu jumladan, 2024 yil 1 iyuldan boshlab qarz yuki darajasi va kreditning garovga (taʼminot) nisbati asosida jismoniy shaxslarga ajratiladigan ipoteka kreditlari va avtokreditlarning tavakkalchilik darajasini aniqlashning yangicha tartibi amalga tatbiq etiladi. Jumladan, ipoteka kreditlari uchun 50%, avtokredit 100%, mikroqarzlar va isteʼmol kreditlar boʻyicha 150% foizlik tavakkalchilik darajalari oʻrnatiladi.
Qolaversa, prudensial (latincha - prudentia, inglizcha - prudential) ehtiyotkorlik, oqilona va uzoqni oʻylab ish tutishni anglatishini yodga olsak, Markaziy bank oʻz ishini qilmoqda – moliya tizimini, aniqrogʻi, kreditlashni oqilona oʻzanga yoʻnaltirmoqda, deyish mumkin.
Albatta, Markaziy bank vakillari kiritilishi kutilayotgan yangiliklarning mamlakat iqtisodiyotiga va bank tizimi barqarorligiga ijobiy taʼsir etishini koʻp bor taʼkidlashdi. Bu choralar aholiga ajratiladigan kreditlar salmogʻiga taʼsir qilmasligiga, shuningdek, mamlakatimiz kredit-moliya tizimida inqiroz yuz berishi yoxud “kredit pufagining yorilishi” haqida xavotirlar asossiz ekaniga ishontirishdi. Zero, bankning asosiy biznesi – pul qarz berib, foizidan foyda qilish. Hech qaysi regulyator bu asosiy omilga bolta urishni istamaydi. Aks holda aholi qoʻlida pul massasi kamayib, deflyatsiya paydo boʻlishi natijasida narxlar tushib ketadi. Bu esa esa alal-oqibat itisodiy rivojlanish surʼatining pasayishiga olib keladi. Markaziy bank milliy iqtisodiyotning faqat rivojlanishi tarafdoridir. Qolganini esa vaqt koʻrsatadi.
Abulfayz Sayidasqarov