Timur Ismailov Surxondaryo IIB rahbari boʻldi
IIBning avvalgi boshligʻi Qashqadaryo viloyatiga oʻtkazilgandi.

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga yangi boshliq tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar bermoqda.
Bugun Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov va Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov rahbarligida viloyat, shahar va tumanlar sektorlari, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa tashkilotlar rahbarlari ishtirokida ichki ishlar organlarining xizmat faoliyatiga oid tezkor yigʻilish oʻtkazilgan.
Yigʻilishda dastlab tashkiliy masala koʻrildi. Polkovnik Ismailov Timur Kamalatdinovich Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi. Timur Ismailov 1983 yil Qoraqalpogʻiston Respublikasi Toʻrtkoʻl tumanida tugʻilgan. Tayinlovga qadar Ichki ishlar vazirligi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.
Eslatib oʻtamiz, viloyat Ichki ishlar boshqarmasining avvalgi boshligʻi polkovnik Abduvohid Ismoilov kuni-kecha Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi etib tayinlangandi. U Shuhrat Sotvoldiyevning oʻrnini egalladi.