Eskicha ishlayotgan, tadbirkorlarni qiynayotgan Soliq qoʻmitasi, kambagʻal iqtisodiyot
Mustaqil iqtisodchi, soliq tizimida oʻtkazilgan islohotlarga bevosita hissa qoʻshgan ekspert Yuliy Yusupov bilan suhbat.
Har qanday davlat oʻz vazifalarini toʻla-toʻkis bajarishi uchun moddiy-moliyaviy asosga tayanadi. Bu borada soliqlarning ahamiyati katta. Soliqlarni undirish orqali davlat byudjetini toʻldirish, tadbirkorlik subʼektlarining faoliyatini tartibga solish va ularni qoʻllab-quvvatlashda soliq maʼmuriyati tutgan maqomni tavsiflashga hojat yoʻq. Biroq soliq tizimi oʻzining asl vazifalarini unutib qoʻysa-chi? Qanday qilib boʻlsa ham soliqlar va jarimalar orqali pul undirishni kasb qilib olsa-chi? Bu holda mazkur soha chuqur islohotlarga ehtiyoj sezadi.
Oxirgi yillarda Oʻzbekiston soliq tizimi ham katta evrilishlarga yuz tutdi. Oʻtmishda qilingan xatolarni tuzatishga, ulardan xulosa chiqarishga urinishlar kuzatildi. Sohada sezilarli islohotlar oʻtkazildi. Ammo islohotlardan koʻzlangan maqsadlarga qanchalik erishildi? Soliq tizimining ayni paytdagi faoliyatini qanday baholash mumkin?
Soliq qoʻmitasi vakili biz bilan kelishilgan intervyudan qochib ketgani uchun mustaqil iqtisodchi, soliq tizimida oʻtkazilgan islohotlarga bevosita hissa qoʻshgan ekspert Yuliy Yusupov bilan suhbatlashdik.
– Assalomu alaykum, «Xalqona» dasturining navbatdagi soni huzuringizda. Bugun soliq sohasidagi islohotlar haqida gaplashamiz. Mehmonimiz Yuliy Botirovich Yusupov, mustaqil iqtisodchi. Xush kelibsiz!
– Taklif etganingiz uchun katta rahmat.
– Yuliy Botirovich, bugungi kunda tadbirkorlarning oldida turgan asosiy muammolardan biri bu albatta soliq tizimidagi oʻzgarishlar va undagi islohotlar boʻlyapti. Umuman soliq sohasidagi islohotlar qachondan boshlangan va nega bunga zaruriyat tugʻilgandi?
– Soliq borasidagi islohotlar 2019 yilda amalga oshirilgan. Qaysidir jihatlari keyingi yilda oʻtkazilgandi. Nima zaruriyat boʻlgandi, desak, keling, gapni biroz uzoqroqdan boshlasam. Soliq tizimining funksiyalari haqida qisqacha tushuntirish bersam.
Soliq tizimi oʻzi nima? Qanday vazifalarni bajaradi?
Soliq tizimi – aholi hamda biznes egalaridan soliq va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni undirish bilan shugʻullanadi. Soliq tizimining 2 ta asosiy vazifasi bor: birinchisi bu, tabiiyki, fiskal funksiya.
Soliqlar davlat oʻz vazifalarini bajarishi uchun zarur. Chunki pul boʻlmasa, davlat oʻz vazifalarini bajara olmaydi. Bu iqtisodiyot uchun yomon. Chunki davlat tomonidan iqtisodiyotga maʼlum darajada taʼsir qilinishi va u tartibga solinishi kerak. Lekin boshqa jihatdan, agar fiskal vazifa yiriklashsa va soliqlar koʻproq olina boshlasa, bu iqtisodiyotga salbiy taʼsir koʻrsatadi, chunki soliqlar – biznes va ishlab chiqarish uchun xarajat hisoblanadi. Agar soliqlar katta boʻlsa, xarajatlar va mahsulot tannarxi ortib ketadi va u raqobatbardoshligini yoʻqotadi. Bu mahsulot ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham raqobatbardosh boʻla olmaydi – chunki qimmatligi bois sotib olishmaydi. Shunga muvofiq biznes yomon ishlaydi, koʻp pul ishlab topmaydi. Maoshlar pasayadi, daromadlar kamayadi va pirovardida soliqlar tushumining hajmi ham qisqarib ketadi. Chunki soliqqa tortiladigan baza ham kichrayadi.
Shu bois mana shu fiskal funksiya qandaydir oltin oʻrtaliqni topa olishi kerak. Bir tarafdan – davlatning ehtiyojlari ham qoplanishi, pullar byudjetga tushib turishi kerak. Ikkinchi tarafdan – soliq yuki katta boʻlmasligi kerak. Agar u katta boʻlsa, iqtisodiyot normal rivojlana olmaydi.
Soliq tizimining ikkinchi vazifasi esa bu – ragʻbatlantirishdir.
Gap shundaki, soliq turlari koʻp. Agar soliq bitta boʻlganda oson edi – oʻshandan soliq toʻlardingiz va u byudjetga tushardi. Aslini olganda soliqlar koʻp.
Bunday vaziyatda soliqlar iqtisodiy taraqqiyotni ragʻbatlantirishi yoki unga toʻsiq boʻlishi mumkin.
Soliqlar jamiyat uchun zararli iqtisodiy jarayonlarga toʻsqinlik qilishi va yaxshilarini ragʻbatlantirishi lozim.
Jamiyat uchun nima zararli boʻladi? Misol uchun, bir tadbirkor ishlab chiqarishni tashkil etdi va atrof-muhitni ifloslantira boshladi, deylik. Uning korxonasini shunchaki yopish yoki kattaroq jarima va soliqlar solish bilan jazolash mumkin.
Natijada tadbirkorda qandaydir tozalovchi uskunalarni oʻrnatish va atrof-muhitni zaharlamaslikka ragʻbat paydo boʻladi.
Jamiyat uchun yaxshi harakatlar nima? Masalan, tadbirkor oʻz xodimlarini oʻqitadi. Ularning malakasini oshiradi. Xodimlar qul yoki krepostnoy emas, ular nafaqat shu tadbirkor qoʻlida, balki boshqa joylarda ham ishlashi mumkin. Ularning insoniy kapitali qancha yuqori boʻlsa, malakasi qancha baland boʻlsa, jamiyatga shuncha foyda keltiradi. Jamiyat tadbirkorning oʻz xodimlari malakasini oshirishidan manfaatdor. Soliq tizimi nuqtai-nazaridan, jamiyat bu yerda nima qila olishi mumkin? U tadbirkor oʻz xodimlari malakasini oshirish uchun sarflagan xarajatni soliqqa tortmasligi kerak!
Natijada tadbirkor bu pulni ishlab chiqarishni kengaytirishga sarflaydi: uskunalar sotib oladi. U yangi uskunalar yordamida yangi mahsulotlar ishlab chiqaradi. U ishlab chiqarishga koʻproq investitsiya kiritishidan jamiyat manfaatdor. Bu soliq tizimining ragʻbatlantiruvchi vazifasi hisoblanadi.
Afsuski, har ikki vazifa ham juda qattiq zarar koʻrdi. Eski soliq tizimi, hamma narsani oʻz oti bilan aytadigan boʻlsak, iqtisodiyotni rivojlantirishga qattiq xalaqit beruvchi yovuz maxluq edi. Nega?
Birinchi vazifa – fiskal vazifa. Iqtisodiyotdan qancha soliq olinadi? Shunday bir bogʻliqlik bor: iqtisodiyot qancha kambagʻal boʻlsa, unga oʻrtacha soliq yuki shuncha kam boʻlishi lozim. Boy iqtisodiyotlar koʻproq soliq toʻlaydi.
Boy va kambagʻal odamni olsak, kim koʻproq soliq toʻlashi kerak, hatto foiz darajasida hisoblasak ham? Agar kambagʻal odam daromadining 30 foizini olib qoʻysangiz, u ochlikdan oʻlishi mumkin. Boy odam daromadining 30 foizini olsangiz, u hatto sezmay qolishi mumkin.
Iqtisodiyot ham shunday.
Bizda iqtisodiyot kambagʻal, bizda YaIMning jon boshiga ulushi 2000 dollardan sal koʻproq xolos. Bu bir kishiga! Bu juda kambagʻal iqtisodiyot. Iqtisodiyot qancha kambagʻal boʻlsa, daromadlar qancha past boʻlsa, soliq yuki shuncha past boʻlishi kerak. Chunki aks holda bu iqtisodiyot tez rivojlana olmaydi. Boy iqtisodiyotlarning tez rivojlanishi shart emas, ular shundoq ham boy. Biz esa ularga yetib olishimiz lozim. Kambagʻal iqtisodiyot boy iqtisodiyotga yetib olishi lozim. Shu bois soliq yuki pastroq boʻlishi lozim. Boy iqtisodiyotlar kambagʻal boʻlishganida, ularda ham soliq yuki past boʻlgan.
Oʻzbekiston shunday gʻaroyib davlatki, bu yerda iqtisodiyot kambagʻal, YaIMning jon boshiga ulushi past, lekin soliq yuki xuddi boy davlatlardagi kabi katta. Yaʼni bizda YaIMning jon boshiga ulushi 2000 dollar boʻlgani holda, soliq yuki xuddi bu ulush 50 ming dollar boʻlgan davlatdagi kabi baland! Aytaylik, xuddi Fransiyadagi kabi.
Jahon bankining hisobotlariga qaraganda (bu 2018 yilgi hisob-kitob, oʻshandan buyon men boshqa toʻlaqonli hisobotlarni koʻrmadim), bizdagi umumiy soliq yuki, yaʼni oʻzida byudjetni ham, byudjetdan tashqari fondlarni ham, davlat tashkilotlarining haligi jamoatchilik tadbirlariga xarajatlarini ham oʻz ichiga olgan holda soliq yuki YaIMning 40 foizidan ortigʻini tashkil etgan. Bu Fransiya darajasi! Bu Yevropaning eng boy davlatlarining darajasi.
Hatto Janubiy Osiyodagi boy mamlakatlarni olib koʻrsak ham, ularda mazkur koʻrsatkich odatda 20 foizdan oshmaydi. Bizda esa 40 foizdan koʻp. Oradagi farqni koʻryapsizmi?
Boy davlatlarda, masalan, Tayvanda soliq yuki YaIMning 10-12 foizini tashkil etadi xolos.
Tabiiyki, bu soliq yuki iqtisodiyotga ortiqcha yuk boʻlib tushadi, biznesning xarajatlari ortadi va iqtisodiyot bundan raqobatbardoshligini yoʻqotadi. Bizning mahsulotlarimiz yaxshi sotilmaydi.
Bu eski soliq tizimining birinchi muammosi boʻlib, soliq islohotlari davomida hal qilinishi kerak edi. Iqtisodiyot normal rivojlanishi uchun iqtisodiyotga soliq yukini pasaytirish kerak edi.
Ikkinchi muammo undan ham ogʻir edi. Ikkinchi muammo – boya biz aytgan ragʻbatlantiruvchi vazifa bilan bogʻliq boʻlib, u teskari tarafga ishlagan. Yaʼni soliq tizimi yaxshi natijalar uchun yaxshi ragʻbat, yomon harakatlar uchun yomon ragʻbat yaratmagan, u hammasini aksincha qilgan.
Bu nimada oʻz ifodasini topgan edi?
Eski soliq tizimining ikkita asosiy muammosi boʻlgan.
Hozir ham, avval ham 2 ta soliqqa tortish rejimi bor edi: umumiy va soddalashtirilgan rejim. Umumiy rejimda korxonalarning taxminan 3 foizi ishlar edi. Qolgan 97 foiz korxona soddalashtirilgan rejimda ishlardi. Umumiy va soddalashtirilgan rejimning farqi – ishlayotgan xodimlar soni bilan belgilanadi. Turli sohalarda turli chegara oʻrnatilgan edi. Ayrim sohalarda 25 kishi, ayrimlari uchun 50, baʼzilari uchun 100 kishi belgilangan. Keyin soliq islohotlari natijasida ayrim sohalar uchun bu chegarani 200 kishiga koʻtarishdi. Demak, mana shu chegara – 100 yoki 200 kishidan koʻp xodim ishlasa, siz umumiy soliq rejimiga oʻtardingiz. Bu yerda muammo shunda ediki, bu ikki rejimdagi soliq yuki juda keskin farqlanar edi. Agar soddalashtirilgan rejimdan umumiysiga oʻtsangiz, soliq yuki 2, 3, 5 baravarga ortib ketardi. Ayrim holatlarda 7 barobarga farq qilar edi.
Lekin baribir, masalan, raqobatchingiz shartli ravishda 100 dollar soliq toʻlasa, siz esa 300 toʻlasangiz, siz ularga nisbatan raqobatbardoshlikni yoʻqotasiz.
Ishchilaringiz qancha koʻp boʻlsa, siz shuncha koʻp soliq toʻlaysiz. Korxonangiz qancha yirik boʻlsa, shuncha koʻp soliq toʻlashingiz lozim. Natijada biznes oʻsa olmaydi.
Aytaylik chegara – 50 kishi deylik. Sizda 49 kishi ishlar edi. Tadbirkor sifatida yana 5 kishini yolladingiz. Odamlarga ish berdingiz, ularga maosh toʻlaysiz, koʻproq soliq toʻlaysiz, chunki maosh ham soliqqa tortiladi. Siz 50 yoki 500 kishini ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish uchun ishga oldingiz. Shunga muvofiq, odamlarda ehtiyoj kuchli tovarlarni koʻproq ishlab chiqarasiz.
Yana bir muhim omil bor. Koʻpgina hollarda iqtisodiyotning ayrim sohalarida, ayniqsa sanoatda “koʻlam effekti” degan narsa bor. Yaʼni sizda ishlab chiqarish koʻlami qancha katta boʻlsa, mahsulot ishlab chiqarish uchun oʻrtacha xarajat ham shuncha kamayadi. Har bir birlik mahsulot sizga arzonroq tushadi. Tabiiyki, ayrim sohalarda ishlab chiqarish koʻlami katta boʻlishi lozim, shunda mahsulot raqobatbardosh boʻladi.
Demak, ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish bu – zaruriyat, texnik zaruriyat.
Siz faqat yaxshilik qildingiz. Davlat bunga javoban nima qildi?
Siz umumiy rejimga tushasiz va soliqlaringiz ortadi. Bir necha barobar. Siz raqobatbardosh boʻla olmaysiz. Demak, ragʻbatlantirish vazifasi teskari samara berar edi. Bu sizni yaxshi ish qilishdan bezdiradi. Shu bois faqat 3 foiz korxona umumiy rejimda ishlardi. Shunchaki boshqa iloji yoʻq edi. Yirik va juda yirik korxonalar soddalashtirilgan rejimda ishlay olmasdi. Qolgan korxonalar esa mayda qismlarga boʻlinardi. Ishchilar sonini yashirishar edi. Ular oʻsmas edi. Bundan iqtisodiyot aziyat chekardi. Chunki biznes oʻsishi kerak.
Soliq tizimi esa biznesning oʻsishiga, kengayishiga xalaqit berardi.
Eski soliq tizimining zararli boʻlganiga yana bir boshqa bir misol. Eski soliq tizimida barcha korxonalar – umumiy rejimdagilar ham, soddalashtirilgan rejimdagilar ham “aylanmadan olinadigan soliq” degan soliqni toʻlashar edi.
“Aylanmadan olinadigan soliq” nima degani? Soliqlar soliqqa tortiladigan bazadan toʻlanadi. Masalan, daromad soligʻi maosh toʻlash fondidan toʻlanadi. Million soʻm ishlasangiz, shundan soliq toʻlaysiz. Foyda soligʻi esa olingan foydadan toʻlangan. QQS – qoʻshimcha qiymat soligʻi esa (agar shunday omil mavjud boʻlsa) toʻlangan. Aylanmadan olinadigan soliq esa butun tushum hajmidan toʻlangan. Masalan, million soʻm ishlab topsangiz yoki tadbirkor milliard topsa, shundan 5 foiz (agar soddalashtirilgan rejimda boʻlsa) yagona soliq toʻlovi toʻlangan. Foyda qancha olishingiz muhim boʻlmagan. Ehtimol 5 foiz ham emas, 1 foiz sof foyda olarsiz. Siz baribir tushumdan soliq toʻlagansiz. Bu juda sodda soliq. Uni soliqchilarimiz juda yaxshi koʻrishar edi. Buxgalterlarimiz undan-da koʻproq yaxshi koʻrardi. Chunki tushumdan 5 foizni yosh bola ham hisoblay oladi: milliard pul kelsa, 5 foizini soliq qoʻmitasiga joʻnatishar edi, tamom-vassalom!
Lekin bu oʻylab topish mumkin boʻlgan eng qoʻrqinchli va dahshatli soliq edi. Takror aytaman, uni umumiy rejimdagilar ham toʻlardi. Ularda 5 emas, 3,5 foiz boʻlsa-da, baribir tushumdan toʻlanar edi. U boshqacha atalardi.
Nega bu yomon soliq? Chunki u korxonalarga QQSning uzun zanjirini tashkil etish imkoniyatini bermasdi. Zamonaviy iqtisodiyot juda murakkab va juda ixtisoslashgan. Odatda har bir tadbirkor biror tor soha bilan shugʻullanadi. Hatto yirik korporatsiyalar ham hamma ishni oʻzlari qilishga urinishmaydi. Ularda juda mayda kompaniyalar boʻladi. Autsorsing bilan shugʻullanishadi. Ular ham qaysidir vazifani bajarishadi. Chunki hamma oʻz ishi bilan shugʻullanishi lozim. Ixtisoslashuv lozim. Tabiiyki QQS uzun zanjiri paydo boʻladi. Hatto eng oddiy tovarni olsangiz ham u turli korxonalarda hamkorlikda yasalganini koʻrishingiz mumkin. Tovar tarkibiy qismlari hatto turli davlatlarda, butun Yer shari boʻylab tayyorlangan boʻlishi mumkin. Demak, uzun zanjir, koʻplab zanjirlar tiziladi.
Aylanmadan soliqning yomon tarafi nimada? Siz tushumdan soliq toʻlaysiz. Va har bir bosqichdan yana soliq toʻlanadi. Masalan, siz fermersiz, paxta yetishtirdingiz. Men paxtani qayta ishlovchi zavodman va paxtani menga sotdingiz. Men paxta xom-ashyosidan paxta tolasi tayyorlayman. Siz aylanmadan 5 foiz soliq toʻladingiz. Bir qarashda 5 foiz arzimagan narsa. Siz toʻladingiz. Men sizdan paxtani sotib olaman va undan paxta tolasi tayyorlab, sotaman va men ham 5 foiz soliq toʻlayman. Shuningdek, paxta qiymatidan ham. Garchi uning uchun siz soliq toʻlagan boʻlsangiz ham. Yaʼni bir paxtadan ikkinchi marta soliq toʻlanmoqda. Keyin esa paxta tolasidan kalava ip tayyorlanadi. Kalava ishlab chiqaruvchi yana bir odam kalavani sotadi va yana butun tushumdan 5 foiz soliq toʻlaydi. Bu paxta uchun esa siz soliq toʻladingiz, men toʻladim, endi u ham toʻlaydi. Shu tariqa oxirgi xaridorgacha shunday davom etadi. Albatta, 6-7 bosqichli uzun zanjirlar ham boʻladi. Har gal shu 5 foiz yana toʻlanadi. Oxirgi xaridor ham 5 foiz toʻlaydi. Demak, bu 5 foiz aslida 35, 45, 50 va boshqa foizga aylanib ketadi. Yaʼni ulkan soliqqa aylanadi. Bunda alohida olingan tadbirkor buni his qilmaydi, chunki uning uchun 5 foiz uncha koʻp miqdor emas. Lekin alal-oqibat bu tayyor mahsulot narxiga taʼsir qiladi. Mahsulot raqobatbardosh boʻla olmaydi.
Shu bois butun dunyoda aylanmadan soliq olinmaydi. Faqat juda kam hollardagina, ayrim istisnoli vaziyatlar uchungina olinishi mumkin. Bizda esa hamma shu soliqni toʻlardi. Yana qaytaraman bu juda dahshatli soliq edi: u mehnat taqsimotiga yoʻl qoʻymasdi. Butun iqtisodiyot esa mehnat taqsimoti ustiga quriladi. Eski soliq tizimi mana shunday uzun zanjirlarni tuzishga yoʻl qoʻymasdi. Bu nimaga olib keldi? Qanday ishlab chiqarish rivojlandi? Yerdan neft, gaz, oltin qazib olib, paxta ekib, xom ashyo olishdan keyin oddiy bir mahsulot ishlab chiqarilardi. Masalan, misdan sim tayyorlanar, oltindan esa quyma yasalardi va darhol sotishga harakat qilishardi. Agar bu zanjirni yana davom ettirishga urinsangiz, paxtadan hatto yopinchiq tayyorlasangiz ham boyagi soliqni bir necha marta toʻlashga toʻgʻri kelardi.
Yana qanday ishlab chiqarish rivojlandi? Xorijdan ehtiyot qismlar sotib olib, bu yerda yigʻish rivojlandi.
Haqiqiy qimmatli boylik yaratilishi, haqiqiy qoʻshimcha qiymat paydo boʻlishi mumkin boʻlgan oʻrinlarda ishlab chiqarish rivojlanmadi.
Agar “men bu tizimni aldayman, hamma bosqichni oʻz ichiga olgan katta korxona tashkil etaman”, desangiz, oʻzingizga oʻzingiz sotmaysiz-ku, yaʼni koʻp marta soliq toʻlamaysiz, u holda birinchi tuzoqqa tushib qolasiz. Siz yirik korxonaga aylanasiz va umumiy rejimga oʻtasiz! Va darhol 5 baravar koʻp soliq toʻlay boshlaysiz. Yaʼni soliq tizimi rivojlanish uchun umuman imkon qoldirmasdi.
Buning ustiga, boya aytganimdek, soliq yuki yuqori edi. Jumladan, mehnatga soliq ham. Bizda mehnatga haq toʻlash fondi, yaʼni biz maosh oladigan fond 3 ta soliqqa tortilgan. Agar siz tadbirkor sifatida ishchiga million yoki 10 million soʻm maosh toʻlamoqchi boʻlsangiz, shu miqdordan taxminan 60 foizini davlatga toʻlagansiz.
Bu ham ulkan aksilragʻbat boʻlib, koʻproq ishchi yollashga toʻsqinlik qilardi. Ularga norasmiy maosh toʻlash yoki umuman yollamaslikka undardi.
Shuning uchun soliq islohoti oʻtkazish ehtiyoji tugʻildi. U umumiy soliq yukini kamaytirishi talab etilardi. Umumiy va soddalashtirilgan rejim oʻrtasidagi farqni kamaytirishi lozim edi. Aylanmadan soliq toʻlashni bekor qilishi kerak edi.
Mehnatga haq toʻlash fondiga soliq yukini kamaytirishi lozim edi. Bizda millionlab odamlar xorijda gastarbayter boʻlib ishlashadi, chunki mamlakatda ish topa olishmaydi. Davlat esa mehnatga haq toʻlash fondiga katta soliq solardi. Bu mantiqsizlik!
Va beshinchi vazifa – soliq maʼmuriyatchiligi xarajatlarini kamaytirish lozim edi. Soliq maʼmuriyatchiligi nima degani? Bu soliqlar qanday yigʻilishini anglatadi. Soliq yigʻish tamoyillari yaʼni. Bu jarayon juda murakkab edi va bu ham iqtisodiyot uchun ortiqcha yuk edi.
Mana shu 5 ta vazifa turgandi.
Islohot qanchalik toʻgʻri oʻtkazildi? Biz 2019 yilda bu islohotlarni oʻtkazdik. Lekin qisman. Aytaylik, umumiy va soddalashtirilgan rejim oʻrtasidagi farq muammosi ancha kamaytirildi. Bu ham darrov yuz bermadi.
Avvaliga islohot mualliflari, jumladan, men ham, QQS ni, 20 foizlik soliq yukini darrov 12 foizgacha pasaytirishni taklif qildik.
Ha, umumiy rejimdagi koʻplab soliqlar pasaytirildi, lekin baribir katta farq qoldi, chunki QQSni 20 foizligicha qoldirishdi. Hozir uni pasaytirishdi. Oradan bir necha yil oʻtib, biz taklif qilgandek, 12 foizga tushirishdi. Lekin bir necha yilni yoʻqotdik. Bu yashirin biznesga oʻtish uchun “yaxshigina” ragʻbat boʻldi.
Korxonalar haqiqiy tushumni yashirishdi va soddalashtirilgan rejimga oʻtishdi.
Lekin baribir QQSni pasaytirganimiz tufayli, umumiy rejimdagi koʻplab soliqlar qisqartirilgani, hatto bekor qilinganidan keyin hozir deyarli farq yoʻq. Yaʼni bu muammoni hal qildik.
Ikkinchi muammo – aylanmadan olinadigan soliqlar edi. Hozir aylanmadan soliqni faqat soddalashtirilgan rejimdagi korxonalar toʻlaydi. Umumiy rejimda aylanmadan soliq yoʻq. Bu juda yaxshi. Lekin soddalashtirilgan rejimda juda kam korxonalar qoldi. Barcha oʻrta va yirik korxonalar umumiy rejimga oʻtishgan. Ular aylanmadan soliq toʻlashmaydi. Ular faqat QQS toʻlashadi. Natijada ular oʻsha uzun zanjirlarni tuza olishadi. Ixtisoslashuv bilan shugʻullana olishadi.
Eng katta yutugʻimiz – mehnatga haq toʻlashga soliqni kamaytirish boʻldi.
Bizda 3 ta soliq bor edi. Progressiv daromad soligʻi bor edi. Siz qancha koʻp pul ishlasangiz, soliq stavkasi shuncha baland boʻlardi. Eng yuqori stavka oyiga 100 dollardan koʻproq daromaddan boshlanardi. Negadir bizning amaldorlarimiz oyiga 100 dollardan koʻp daromad qilsangiz, sizni xuddi fransiyalik milloner kabi eng baland soliqqa tortish mumkin, deb hisoblashadi.
Bilmayman, ular qanday mantiqqa asoslanishgan, lekin tizim shunday edi.
Hozir qanday? Hozir faqat 2 ta soliq qolgan. Daromad soligʻi va ijtimoiy soliq, yaʼni ijtimoiy toʻlovlar. Har biri 12 foizdan, jami 24 foiz. Bu uncha koʻp emas, bu normal holat.
Lekin soliq yuki bilan bogʻliq birinchi vazifa – 2015 yilda YaIMning 40 foizdan yuqorisini tashkil etardi – bu muammo afsuski hal etilmadi.
Lekin muammo shundaki, amaldorlarimiz, davlatimiz bozor iqtisodiyoti sharoitida sarflanishi kerak boʻlmagan oʻrinlarga pul sarflashadi. Masalan, kimlargadir imtiyozlar berishadi.
Mana “bu korxona bizga yoqib qoldi yoki u yerda jiyanim ishlaydi, kelinglar, unga imtiyoz beraylik”, deyishadi. Demak, byudjetga pul kam tushadi, boshqa birovlar uning uchun koʻproq solishga majbur boʻladi. Yoki qaysidir xarajatlar uchun subsidiya beramiz, deyishadi. Yoki imtiyozli kredit beramiz-da, uni davlat byudjetidan moliyalashtiramiz, deyishadi. Yoki davlat banklari hisobidan imtiyozli kredit beraylik, deyishadi. Bizda tijorat banklarining 80 foiz aktivlari davlatga tegishli. Barcha yirik banklar davlatga tegishli. Amaldor esa davlat bankiga aytadi: “mana bu tadbirkorga, u menga qaysidir sabablarga koʻra yoqib qoldi, unga imtiyozli kredit beraylik” deydi. Bozorda kredit stavkasi 30 foiz boʻlsa, unga esa 20 foizlik beramiz, deydi. Bank esa oʻz xarajatlari hisobidan buni toʻlaydi. U zararni qanday yoʻl bilan qoplaydi? Endi u boshqalarga 30 emas, 35 foizdan kredit beradi.
Amaldorlar choʻntagimizdan pul olib, boshqa birovga, biror biznesga beradi. Biznesga pul berish kerak emas. Biznesning oʻzi pul ishlab topishi lozim! Yana davlatga ham soliq toʻlashi kerak. Bizda esa tizim shundayki, davlat biznesni qoʻllab-quvvatlashga va moliyalashtirishga majburmiz, deb hisoblaydi negadir. Hamma biznesni emas, hammaga iloji yoʻq, faqat qaysidir tanlangan biznesga yordam berishadi.
Bu raqobatni vayron qiladi. Iqtisodiyotning rivojlanishiga xalaqit beradi. Bu iqtisodiyot uchun ortiqcha bosim tugʻdiradi. Demak, koʻproq soliq solishga majbur boʻladi. Agar soliqlar yetmasa, davlat qarz ola boshlaydi. Lekin bu qarzni toʻlash kerak-ku? Bu bizdan kelajakda olinadigan soliqlar! Bu ham soliq yukini oshiradi. Biz davlatning iqtisodiyotga munosabatini oʻzgartirmasak, davlat nima bilan shugʻullanishi kerakligini tushunib yetmasak, bu soliq yukiga salbiy taʼsir qiladi. Iqtisodiyotga soliq yukini kamaytirish uchun, birinchi navbatda davlatning iqtisodiyotga aralashuvini keskin kamaytirishimiz kerak. Amaldorlarni iqtisodiyotdan sugʻurib olishimiz, unga aralashishni taqiqlab qoʻyishimiz kerak. Ha, davlatning bozor iqtisodiyotidagi muhim vazifalari mavjud, biroq ular mutlaqo boshqa vazifalar, hozir davlat va amaldorlar qilayotgan ishlar emas. Davlat “oʻyin” uchun teng sharoitlar yaratib berishi kerak. Hamma uchun teng qoidalar yaratishi lozim. U raqobatni ragʻbatlantirish kerak. Biznesga toʻsiqlarni bartaraf etishi kerak. Kimdir boshqasini aldashiga yoʻl qoʻymasligi, shartnomalarni bajarishi uchun shaffof qonun-qoidalarni yaratishi lozim. Samarali sud tizimini yaratishi lozim. Mana davlatning vazifalari nimadan iborat!
Bizda esa amaldorlar, masalan, fermerlarga, qaysi yerga nima ekishi lozimligini koʻrsatib beradi. “Mana bu yerga paxta ekasan. Mana bu yerga bugʻdoy ekasan. Bu yerga tut daraxti ekib, bargi bilan ipak qurt boqasan”, deyishadi. Bularni amaldorlar hal qiladi. Bozor iqtisodiyotida bu masalalarni bozor talablaridan kelib chiqib, fermerning oʻzi hal qilishi lozim. Masalan, bu yerga paxta oʻsmaydi, deb aytishi lozim. “Bu yerda yaxshi oʻsmaydi. Pomidor eksam, 5 baravar koʻproq daromad qilaman. Paxta iqtisodiy zarar keltiradi”, deyishi kerak.
“Yoʻq, men nima ekish kerakligini sendan yaxshi bilaman”, deydi amaldor. Amaldorlarimizning bunday yondashuv falsafasi hamma joyda ustuvor. Amaldorlar nima bilan shugʻullanishni biznesdan koʻra yaxshiroq bilishadi goʻyo. Bu holatda esa fermerlarni biror oʻsimlikni ekishga majburlashadi. Yoki ular biror tovar, masalan, maishiy texnika ishlab chiqarish zarur, degan qarorga kelishadi. Maishiy texnikani Oʻzbekistonda ishlab chiqarish qiyinligi bois, (masalan, tegishli kadrlar, kerakli texnologiya yoʻqligi bois), “kelinglar, mana bu korxonani soliqlardan ozod qilamiz”, deyishadi, keyin. Ular raqobatni umuman his etmasliklari uchun importni ham taqiqlab qoʻyamiz. Importga baland bojxona poshlinalarini joriy etish yoʻli bilan. Natijada goʻyo shu yoʻl bilan rivojlanishadi. Ular rivojlanmaydi! Ular joyida qotib turaveradi. Chunki ular monopolistlar!
Demak, amaldorlarning iqtisodiyotga ortiqcha aralashuvi, birinchidan, zarar keltiradi, chunki raqobatni va rivojlanishni barbod qiladi; ikkinchidan, u soliq yuki sifatida iqtisodiyot zimmasiga tushadi.
Xullas, birinchi vazifani hozirgacha bajarishgani yoʻq. Qolgan ayrim vazifalarni soliq islohotlari sharofati bilan amalga oshirdik.
– Oʻtkazilgan islohotlar oʻz taʼsirini koʻrsatdimi? Masalan, davlat byudjetiga soliq tushumlari koʻpaydimi? Yoki yashirin iqtisodiyotdagilar ochiqlikka chiqdimi?
– Hali aytganimdek, soliq yuki pasaytirildi. Bir qarashda soliq stavkalari kamaytirilsa, bu soliqlardan byudjetga tushum kamayishi kerakdek koʻrinadi. Lekin buning mutlaqo aksi boʻldi – tushumlar koʻpaydi. Chunki koʻplab korxonalar avval yashirgan, konvertda maosh bergan xodimlarini rasman ishga olishdi. Shu bois daromad soliqlari ham koʻpaydi.
Boshqa soliq turlari boʻyicha ham tushumlar koʻpaydi, chunki yashirin iqtisodiyot koʻlami keskin kamaydi. Misol tariqasida aytadigan boʻlsam, bizda 2017 yilgacha juda yuqori bojxona poshlinalari oʻrnatilgan edi. Bular nafaqat poshlinalar, balki boshqa toʻlovlar ham – import aksizi, QQSga ham tegishli edi. Agar biror tovar olib kirmoqchi boʻlsangiz, oʻrtacha hisobda uning qiymatining 50 foizi miqdorida bojxona toʻlovlarini amalga oshirishingiz kerak boʻlardi. Tasavvur qilyapsizmi? Tovar qiymati 50 foizga – 1,5 barvarga ortib ketar edi. Aslida hech kim bu toʻlovlarni amalga oshirmagan. Chunki tovarlarning asosiy qismi kontrabanda yoʻli bilan kiritilar edi. Bu toʻlovlarni toʻlashning imkoni yoʻq, narxi oshib ketgan tovarni bu qiymatda sota olmasdingiz. Undan koʻra amaldorlarga pora berardingiz, qonun boʻyicha tovar qiymatining 50 foizi emas, 20 foizini norasmiy toʻlasangiz, sizni oʻtkazib yuborishgan. Ular bu tovar uchun toʻlovlar yoʻq deb yoki uning TIF TN (Tashqi Iqtisodiy Faoliyat Tovarlar Nomenklaturasi) kodini oʻzgartirib, chegaradan oʻtkazib berishgan.
Ikkinchidan, faqat imtiyozga ega shaxslar rasmiy ravishda tovar olib kirishgan. Amaldorlar, bir tarafdan, juda baland bojxona toʻlovlarini oʻrnatishgan, ikkinchi tarafdan esa, oʻnga-yu chapga imtiyozlarni tarqatishgan. Imtiyozi bor shaxslar bunday toʻlov qilmagan. Raqobatchilaringiz toʻlashi kerak, lekin siz toʻlamagansiz. Natijada imtiyozi borlar bemalol tovar olib kirishgan. Shuning uchun byudjetga deyarli tushum boʻlmagan. Bir tarafdan rasman bojxona toʻlovlari oʻta yuqori, import bor, lekin aslida byudjetga daryo emas, irmoqcha oqib borgan xolos. Chunki yo kontrabanda, yo imtiyoz asosida tovar olib kirilgan.
2017 yildan keyin bojxona toʻlovlari keskin qisqartirildi. QQS bilan birga hisoblansa, taxminan 2 baravar kamaydi. Agar nafaqat importchilar, balki mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham toʻlaydigan QQS ham hisobga olinsa deyarli 5-7 foiz qolgan. Chunki importdan aksiz soligʻini ham olib tashlashdi. Bu tovar qiymatining 5-6 foizi xolos. Bu oz emas, lekin koʻp ham emas. Lekin byudjetga tushumlar koʻpaydi. Chunki umuman pul toʻlamaydigan imtiyozchilar deyarli yoʻqoldi. Endi hamma toʻlashga majbur. Ikkinchidan, kontrabanda legallashtirildi. Avval kontrabanda bilan olib kelishgan boʻlsa, endi qonuniy yoʻl bilan olib kelishyapti. Natijada soliqqa tortiladigan baza koʻpaydi. Byudjet bundan yutdi.
– Shu oʻrinda Erkin iqtisodiy zonalar haqida ham gapirib oʻtsangiz, u yerdagi korxonalar soliq toʻlamasa kerak. Ularga qanday mezonlar asosida kiriladi, qaysi korxonalarga imtiyozlar beriladi? Bu iqtisodiyotimiz uchun, soliq siyosati uchun zarar emasmi?
– Nafaqat soliq imtiyozlari, balki imtiyozli kreditlar ham boʻladi. Avval konvertatsiya boʻyicha imtiyozlar bor edi. Bunda valyutani rasmiy kurs boʻyicha sotib olardingiz, boshqalar esa sotib ololmasdi. Mana shu imtiyozlar – soliq, kredit va eski konvertatsion imtiyozlar – iqtisodiyotimizning eng asosiy muammolari edi. Bu aynan amaldorlarning iqtisodiyotga aralashuvining asosiy vositalari edi.
Amaldorlar negadir oʻzlari hal qilishardi: mana bunga imtiyoz beramiz, bunga esa bermaymiz, deyishardi. Bu yerda ilmiy yondashuv boʻlmagan. Ilmiy yondashuv shundan iboratki, raqobat boʻlishi uchun, barchaga teng imkoniyatlar yaratish kerak. Chunki, agar menga imtiyoz berishsa-yu, sizga berishmasa, men raqobatda sizdan gʻolib chiqaman. Siz magʻlub boʻlasiz. Lekin siz samaraliroq tadbirkor boʻlishingiz mumkin. Toʻgʻrimi? Siz arzonroq va sifatliroq mahsulot sotishingiz mumkin. Lekin imtiyozlar bois men sizni bu kurashda magʻlub etaman. Bu notoʻgʻri, chunki, kuchli odamlar emas, tanish-bilish koʻplar yutib chiqadi.
Yoki sohalar boʻyicha qandaydir imtiyozlar berishadi. Amaldor negadir aynan mana shu sohani rivojlantirish kerak, degan fikrga keladi. Nega bunday qaror qilgan? Sababi nima? Unda bu qaror uchun hech qanday ilmiy yondashuv boʻlmagan. Chunki zamonaviy iqtisodiyotda hamma narsa juda tez oʻzgaradi. Hozir falon soha istiqbolli deb hisoblab, uni rivojlantirasiz. Besh yildan keyin, hatto ertasi kuni hammasi oʻzgarib ketishi mumkin. Yangi texnologiyalar, yangi xom-ashyo turlari paydo boʻladi va aynan shu yerda ishlab chiqaradigan tovaringiz raqobatga dosh berolmasligi maʼlum boʻladi. Shu bois bu masalalarni amaldorlar hal qilmasligi kerak. Buni bozor hal qiladi. Tadbirkorlarning oʻzlari oʻz pullarini tavakkal qilib tikib “men paypoq ishlab chiqaraman” yoki “men kompyuter ishlab chiqaraman” deya qaror qilishlari lozim. Buni tadbirkorning oʻzi hal qiladi. U oʻz pulini tikib tavakkal qiladi. 100 marta qayta hisoblaydi, ehtiyot choralarini koʻradi, bu masalani yaxshi tushunadigan mutaxassislarni yollaydi. Amaldorlar esa bunday qilishmaydi. Ular boshqa odamlarning puli bilan qaror chiqarmasliklari kerak. Boshqalarning pullariga xoʻjayinlik qilmasliklari kerak. Boshqalarning puliga xoʻjayinlik qilsang, korrupsion motiv ham yuzaga chiqadi: “falonchiga imtiyoz beraman, chunki u jiyanim; falonchiga imtiyoz beraman, chunki menga pora bergan”... Bu iqtisodiyotimizning eng qoʻrqinchli muammolari.
Shuning uchun, EIZlar haqida toʻgʻri aytdingiz, bu ham muammo. Chunki bu zonalarga biror korxonaning kirishi qiyin. Yoki pora evaziga, yoki tanish-bilish orqali kirish mumkin. Keyin esa imtiyozlarni bekor qilishadi. U iqtisodiyot uchun zarar yetkazishdan boshqa narsaga yaramaydi. Shuning uchun imtiyozlarni imkon qadar kamaytirish kerak. Alohida olingan korxonalarga maxsus imtiyoz berish umuman mumkin emas. Tabu! Qatʼiy taqiqlash lozim. Sohalar boʻyicha imtiyozlar va EIZlar boʻyicha imtiyozlarni ham minimallashtirish lozim. Umumiy soliq yukini pasaytirish lozim. Hamma uchun! Biznes uchun toʻsiqlarni yoʻqotish lozim. Oʻshanda biznes normal rivojlanadi. Biznes raqobatbardosh mahsulotni yaratadi, oʻsadi va yangi ish oʻrinlarini yaratadi. Bizda esa negadir amaldorlar biznesga nima ishlab chiqarish haqida koʻrsatma berishadi.
Masalan, shu imtiyoz asosida tashkil etilgan korxona boʻlsa, imtiyozlarni keyinchalik bekor qilishadi va uning raqobatbardosh emasligi bilinib qoladi. Lekin u bozor qonunlari boʻyicha “oʻlishi” lozim. Yoki u oʻzgarib-moslashadi va nihoyat raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqara boshlaydi yoki oʻladi. Lekin amaldorlarimiz “yoʻq, bu yerda 500 kishi ishlaydiku. Buning ustiga unga qancha pul sarfladik, qancha imtiyozlar berdik. Kelinglar, bu korxonani yana qoʻllab-quvvatlashda davom etaylik”, deyishadi. Masalan, raqobat cheklanadi, bojxona poshlinalari koʻtarib qoʻyiladi. Raqobatchilardan xoli boʻlishi uchun. Yoki “ularni subsidiyalaymiz”, deyishadi. Lekin bu iqtisodiyot uchun zarardan boshqa narsa keltirmaydi. Chunki korxona va biznes jamiyatni boqishi kerak, davlat korxonani boqishi kerak emas. Bu mantiqsizlik.
– Hozir soliq tizimidagi xodimlarning ishlariga qarab turgan holda, shularni koʻrgan holda, bular haliyam eski sovet tizimida rejali iqtisodiyot boʻyicha ishlayaptimi, deb oʻylab qoladi odam. Garchi yangi avlod mutaxassislarning koʻpchiligi xorijiy universitetlarni tamomlagan boʻlsa-da, ish uslubi haliyam eskicha qolyapti. Buning sababi nimada deb oʻylaysiz?
– Ha, bu juda yaxshi savol. Juda katta va oʻtkir muammo. Men turli darajadagi amaldorlar bilan muloqot qilib turaman. Katta avlod, oʻrta avlod va yoshlar bilan ham gaplashaman. Aslida yoshlar kelishi bilan tafakkur ham oʻzgarishi kerak.
Katta avlodning tafakkuri sovetcha yoki Karimov davriga xos: davlat hamma narsani boshqarishi kerak, deb hisoblashadi. Bu tushunarli. Ular shunday tarbiya olishgan. Gʻarb universitetlarini tugatgan yoshlar boshqacha fikrlashi kerak aslida. Ularning aksariyati oʻzgacha fikrlashadi. Lekin afsuski, ularning aksariyati, bu sohada 2-3 yil ishlab, hatto Brejnev davrida ishlagan odamlar kabi fikrlay boshlashadi. Buni koʻrib dahshatga tushaman. Ular bilan gaplashib koʻrib, goʻyoki sovet OOʻYuni tugatgan, keyin kolxozda 5 yil ishlagan va keyin “Gosplan”da 10 yil ishlagan odam bilan gaplashgandek taassurot olaman. Xuddi oʻshalardek fikrlashadi.
Afsuski, tizim odamlarni sindiradi. Kim tizimga moslasha olmasa, chetga uloqtiriladi. Qolganlari esa moslashishga harakat qilishi kerak. Xuddi rahbari kabi oʻylab va fikrlab boshlaydi. Afsuski bizda avlodlar almashinuvi roʻy bermaydi. Hatto yoshlar kelsa ham. Istisnolar bor, juda aqlli ular. Katta avlod orasida ham qanday toʻgʻri ishlash kerakligini biladiganlar koʻp. Lekin ular ozchilik. Yoshlar bu yerda muhitni oʻzgartira olmaydi. Hatto yoshlar orasida ham bozor iqtisodiyoti qanday ishlashini va davlat nima bilan shugʻullanishi lozimligini tushunadiganlari ham, afsuski, ozchilik.
– Hozirgi paytda qanday muammolar tadbirkorlarimizni qiynayapti? Soliq maʼmuriyatchiligida, soliq yigʻishlarda, soliq boʻyicha muammolarda tadbirkorlarga quloq solishmaydi, degan shikoyatlar boʻlyapti. Yoki ayrim tartiblar, ayrim qoidalar hamon tadbirkorlarga, ularning faoliyatiga toʻsqinlik qilsada, saqlanib qolyapti. Shular toʻgʻrisida nima deysiz?
– Tadbirkorlar haqiqatan ham hozir paydo boʻlgan muammolardan shikoyat qilishadi. Ular hozir paydo boʻlmagan, ular bir necha yillardan beri mavjud. Ular asosan, mening nazarimda, soliq qoʻmitasining notoʻgʻri siyosati bilan bogʻliq.
Soliq qoʻmitasi rahbariyati vazifamiz faqat soliqlarni yigʻish, degan tushunchadan kelib chiqib harakat qiladi. Byudjetni toʻldirish kerak va nima qilib boʻlsa ham soliq yigʻaylik, deyishadi.
Bu mutlaqo notoʻgʻri yondashuv, mutlaqo notoʻgʻri falsafa. Toʻgʻri hozir pul yigʻib olishlari mumkin. Siz bilan meni oxirgi tiyinimizgacha shilib pul olishlari mumkin. Lekin bu holda keyingi safar soliq toʻlay olmay qolamiz. Biznesdan ketamiz, uni yopamiz. Yashirin biznesga oʻtamiz. Ularning munosabati shunga olib keladi. Afsuski soliqchilarimiz buni tushunishmaydi va koʻra olishmaydi. Ular nima qilib boʻlsa ham soliq yigʻishni oʻylashadi. Birinchidan, bu iqtisodiyotga zarar keltiradi. Ikkinchidan bu koʻp hollarda qonunga zid boʻladi.
Soliq idoralari 2021 yil oxiridan boshlab, 2022 yil boshidan, faol ravishda QQS toʻlovchi guvohnomasini olib qoʻyish amaliyotini qoʻllay boshladi. Olib qoʻyishning sababi tushunarsiz edi. Hatto qonunni buzgani uchun emas. Hatto qonunni buzganda ham tortib olish mumkin emas. Mening QQS toʻlovchi ekanim bu huquqim emas, bu mening majburiyatim. Men QQS toʻlashga majburman. Qanday qilib, mening QQS toʻlovchi maqomimni bekor qilish mumkin? Bu mantiqqa zid!
Boshqa tarafdan esa, hatto qonunni buzmagan boʻlsa maqomni bekor qilishadi. Odatda, shunchaki qandaydir risk tahlili, qonun buzish ehtimoli bor guruhga tushgani, koʻproq tekshirib turish lozimligi uchun tegishli toʻsiqlarni aniqlashadi. Bizning soliqchilarimiz esa bu mezonlarni olib, “sen mana bu mezonlarga tushasan, shu bois, sening QQS toʻlovchi maqomingni bekor qilamiz” deyishadi. Bu mezonlar hatto qonun buzilish ham hisoblanmaydi. Shunchaki soliqchilar eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan mezonlar xolos. Hammani tekshirmasdan, faqat koʻplab mezonlarga tushadigan subʼektlarni tekshirish guruhiga oʻtkazish uchun kerak boʻladi. Bu mutlaqo mantiqqa zid vaziyat. Iqtisodiyot nuqtai-nazaridan mantiqsiz va biznes uchun zararli amaliyot. Chunki tadbirkorlarni juda qattiq jazolashadi, hatto bankrotlikkacha olib borishadi. Sababini tushunib boʻlmaydi. Shunchaki shuni koʻngillari tusagani uchun shunday qilishsa kerak.
Ikkinchidan, bu soliq tizimining oʻzini ham buzadi. Chunki QQS toʻlovchi maqomi olib qoʻyilgani bois, QQS toʻlovchilar zanjiri buzib yuboriladi. QQS zanjir boʻlib tiziladi. Agar men sizdan xom-ayosh yosotib olib, keyin QQS toʻlasam, avval butun tushum uchun QQS toʻlayman, keyin esa siz avval toʻlagan QQSni hisobga olaman. Tizim shunday tuzilgan. Agar sizdan QQS toʻlovchi maqomini olib qoʻyishsachi? Agar siz bu QQSni toʻlagan boʻlsangiz ham, men buni hisobga olaman va siz uchun ham, oʻzim uchun ham QQS toʻlayman. Zanjir uziladi. Bu QQS tizimining oʻzini obroʻsizlantiradi. Yaʼni soliq qoʻmitasi, sodda qilib aytganda, oʻzi bir necha yil oʻtirgan daraxt shoxini kesib tashlaydi. Bu oqilona ish emas.
Yoki shu vaqtning oʻzida, QQS zanjirini buzishda ayblab, biznesni taʼqib qilish avj oldi. Aytaylik zanjir mavjud. Men barcha soliqlarni toʻlayman. Men vijdonli soliq toʻlovchiman. Lekin kimdir zanjirda mendan avval QQS toʻlamagan. Va soliq qoʻmitasi negadir menga eʼtiroz bildiradi. Bunga meni nima aloqam bor?
Ayrim hollarda QQS qaytarib beriladi. Masalan eksport qilganda. Men esa QQSni qaytarib ololmayman, chunki kimdir mendan avval QQS toʻlamagan! Eng qizigʻi, soliq qoʻmitasi kim toʻlamaganini biladi. Lekin unga emas, menga eʼtiroz bildiradi. Bu mutlaqo absurd vaziyat.
Prezidentning biznes vakillari bilan sentabrda oʻtkazgan uchrashuvida u nihoyat bunga eʼtibor qaratdi va mazkur vositalardan foydalanishni taqiqladi. Lekin bu vositalardan ayrimlari hamon qoʻllanilmoqda.
Biroq soliq qoʻmitasi toʻxtab qolmaydi, u biznesdan yanada koʻproq soliq undirish uchun, oqibatlarini inobatga olmasdan, doimo yangi vositalarni oʻylab topadi. Ayrim mayda texnik xatoliklarga yoʻl qoʻyganingiz uchun dahshatli jazolar oʻylab topishadi.
Jarayon oxirigacha ishlab chiqilmagani bois, xatoga yoʻl qoʻymasdan ilojingiz yoʻq. Masalan, barda spirli ichimlik quyib berganda, shisha idishdagi kodni skaner qilishingiz lozim. Lekin siz mijozga 1 ta qadah quyib bergansiz xolos. Qolgani idishda turibdi. Demak bu ham qonun buzilishi hisoblanadi. Lekin idish kodini skaner qila olmaysiz, chunki hali uni toʻliq sotmagansiz. Baribir sizni jazolashadi.
Yoki mayda texnik xatoga yoʻl qoʻydingiz: chek beradigan apparat buzilib qoldi deylik. Toʻgʻri, bu qonunbuzilishi. Lekin shu xato uchun vahimali jarima – butun korxonaning 1 chorakdagi tushumi miqdorida jazolashgan. Aytaylik menda katta korxona bor. Bar bor. Kichkina restoran biznesimning 5 foizini tashkil etadi. Jarima esa butun korxonaning – aytaylik tekstil bilan shugʻullanuvchi korxonaning butun tushumidan hisoblanadi! Agar soliq qoʻmitasi 1 choraklik tushumingizni olib qoʻysa, koʻp hollarda korxonani yopishga toʻgʻri keladi – bankrot boʻlasiz. Kimdir chek bermagani uchun! Ishoning, bu absurd!
Afsuski, hozir iqtisodiyotimizning muhim muammolaridan biri shuki, soliqchilarning maqsadi faqat pul yigʻish – koʻp hollarda yaxshi niyat bilan – byudjetni toʻldirish uchun, yana koʻpincha korrupsion maqsadlarda – chunki bu mayda qonunbuzilishlar uchun tadbirkorlardan pora undirish uchun yaxshi bahona boʻladi. Jarimalar katta, “agar kelishsak jarima qilmaymiz, mayli chorak tushumi boʻlmasa ham” deb, 1 oylik tushumini konvertda olishadi. Afsuski bu hozir asosiy muammo boʻlib qolyapti. Eng gʻalatisi, soliq qoʻmitasida ham, buni nazorat qiladigan moliya vazirligida ham buni tushunishmaydi, negadir.
Bu bir necha yillardan beri davom etib kelyapti. 2021 yilda menimcha naqdlashtiruvchilar ishi koʻrilgandi. Bir necha yuzlab korxonalar naqdlashtiruvchi, deb eʼlon qilishdi. Ular pulni naqdlashtirish bilan shugʻullanishadi. Nega ularni naqdlashtiruvchi deb atashgan, hech kim bilmaydi. Hech qanday dalillar keltirilmadi. Sudga ham taqdim etilmagan. Shunchaki shunday deb atashgan. Ular bilan shartnoma tuzgan kompaniyalarni esa yana QQS toʻlashga majbur qilishdi. Bu absurd, mutlaqo qonunga, konstitutsiyaga mutlaqo zid amaliyot! Shunchaki tadbirkorlardan pul yigʻishga qaror qilishgan. Chunki ular 2 marta QQS toʻlashdi-da. Yana pul tushirishadi. Biz vazifamizni bajardik, deyishadi. Bu iqtisodiyotni xarob qilishi va qonunga zid ekanligi hech kimni qiziqtirmaydi. Bu bir necha yillardan beri davom etib kelmoqda. Va negadir moliya sohasidagi rahbarlarimiz bu iqtisodiy taraqqiyot uchun qanchalik vayronkor ekanini tushunishmaydi. Ehtimol endi tushunib yetayotgandir, chunki hozir byudjetda ulkan defitsit paydo boʻldi. Soliq tushumlari xarajatlarni qoplash uchun yetarli boʻlmayapti. Endi bu masalaga diqqat qaratishmoqda. Uni tartibga solishga urinishmoqda. Lekin muammo ildizi – 2021 yildan beri iqtisodiyotni xarob qilib kelishda yotibdiku. Shunday bolshevikcha uslublarni qoʻllashmoqda. Xuddi dehqonning hamma bugʻdoyini tortib olishganga oʻxshaydi. “Dehqon ochdan oʻlsa oʻlaversin, hozir bizga don zarurroq”, degandek.
– Oxirgi savol. Oʻzi umuman soliq qoʻmitasi soliq sohasidagi mutasaddilar bir yangilik, islohotlarni oʻylab topish va uni tatbiq etishdan oldin keng jamoatchilik bilan maslahatlashishadimi? Yoki sizga oʻxshagan olimlar va mutaxassislar bilan konsultatsiyalar oʻtkazib turishadimi?
– Jamiyatga maʼqul kelgan muhim oʻzgarishlardan biri – 2017 yildan boshlab, qabul qilinishi kerak boʻlgan hujjatlarning loyihalari chop etiladi va muhokama qilinadi. Shunday muhokamalar sharofati bilan koʻpgina notoʻgʻri qarorlar qabul qilinishining oldi olingan. Lekin muammo shundaki, soliq qoʻmitasi faoliyatidagi men aytgan koʻplab notoʻgʻri ishlar biror bir meʼyoriy hujjatda aks ettirilmagan. Meʼyoriy hujjatlar boʻlsa ham, juda umumiylashgan holda koʻrsatilgan. Soliq qoʻmitasi esa ularni qoʻshtirnoq ichida “ijodiy tarz”da rivojlantiradi. Qoʻmita oʻzi ularni rivojlantiradi va oʻz qarashlaridan kelib chiqib talqin qiladi. Shu bois mana shunday muammolar kelib chiqadi. Bu albatta oldindan hech kim bilan muhokama qilinmaydi. Asfsuski, hozirda ekspertlar jamiyati va biznesning taʼsiri juda kam. Toʻgʻri, bunda vaziyatlar yuzaga chiqsa, muhokamalar boshlanadi. Biroq har doim ham vaziyatni oʻzgartirib boʻlmaydi.
Soliq zanjiridagi uzilishlar, QQS toʻlovchining guvohnomasini olib qoʻyish bilan bogʻliq vaziyat 1,5 yil davom etdi. Hamma shu haqda gapirdi. Hamma qichqirdi. Muhokama qilishdi. Seminarlar oʻtkazishdi. Foydasi boʻlmadi. Masala prezidentga yetib borganidan keyin, prezident bu bemaʼnilikka chek qoʻyinglar, dedi. Naqd 1, 5 yil oʻtdi. Bu katta muddat.
Afsuski hozir davlat idoralari odamlarga, biznesga va ekspertlarga kam quloq solishadi. 2017-18-19 yillarda bu borada vaziyat yaxshiroq edi.
Hukumatimiz jamoatchilik fikriga ham, ekspertlarga ham, xalqaro ekspertlarga ham quloq solardi. Hozir esa afsuski, hukumat kuchayib oldi va boshqalar fikriga eʼtibor bermay qoldi.
– Yuliy Botirovich, sizga minnatdorlik bildirib qolamiz. Va albatta, soliq qoʻmitasidagi xodimlardan ham qandaydir islohotlar qilishdan oldin keng jamoatchilik bilan maslahatlashgan holda qarorlar chiqarishlarini tilab qolgan boʻlardik.
– Suhbatga taklif etganingiz uchun katta rahmat. Ishlaringizga muvaffaqiyat tilaymiz. Bu juda muhim.
Abulfayz Sayidasqarov suhbatlashdi.
Telegramda kuzatib boring!