platina.uz

2024 yil davlat dasturi loyihasi taqdim etildi

Loyiha joriy yilning 9 fevral kuniga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan oʻtkaziladi.

Siyosat
30-yanvar, 21:21
2024 yil davlat dasturi loyihasi taqdim etildi

“Oʻzbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi haqidagi prezident farmoni loyihasi eʼlon qilindi.

Loyiha joriy yilning 9 fevral kuniga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan oʻtkaziladi.

Loyihaga koʻra:

  • 2024 yil 1 martdan boshlab “Yoshlar balansi” asosida alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, isteʼdodli va iqtidorli yoshlar Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika komissiyasi qarori bilan vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxona va tashkilotlar hamda oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlariga biriktiriladi.
  • 2024 yil 1 martdan boshlab mahalla, taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlar tizimida mukofot jamgʻarmasi 600 million soʻm miqdorida xorijiy tillar (“Ibrat farzandlari”) musobaqasi, kibersport va “Zakovat” intellektual oʻyinlari yuqori saviyada tashkil etiladi.
  • Ekologiya, sogʻlom turmush targʻiboti, nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash kabi ijtimoiy ahamiyatga molik 100 ta volontyorlik loyihalari boʻyicha birinchi bosqichda bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha mablagʻ tanlov asosida ajratiladi.
  • 2024 yil 1 maydan boshlab fuqarolar va tadbirkorlik subʼektlari uchun majburiy toʻlovlar va yigʻimlarni faqatgina qonunda belgilash amaliyoti kiritiladi.
  • 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 1 tadan tumanida (shahar) sinov tariqasida “Mening maktabim” loyihasi yoʻlga qoʻyiladi hamda buning doirasida maktablarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobarida mablagʻ ajratilib, 5-11-sinf oʻquvchilari tanloviga koʻra, elektron doska, kompyuter, sport jihozlari, kitoblar kabi maktablar uchun zarur tovarlarga sarflanadi.
  • 2024 yil 1 sentabrdan boshlab Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida tajriba-sinov tariqasida umumiy oʻrta taʼlim maktablariga olis hududlardan qatnaydigan oʻquvchilar uchun autsorsing asosida bepul avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.
  • 2024 yil yakuniga qadar ehtiyojdan kelib chiqib, viloyatlar markazlari, shuningdek, Toshkent va Nukus shaharlarida kamida bittadan ogʻir gematologik, onkologik va klinik immunologik kasalliklari bor bemorlarga palliativ yordam koʻrsatuvchi xospislar tashkil etiladi.
  • 2024 yil 1 mayga qadar 2025 yildan boshlab katta yoshdagi aholi orasida yuqumli boʻlmagan kasalliklar xavfli omillarining tarqalgani oʻrganiladi.
  • 2024 yil 1 sentabrdan boshlab pensiya tayinlashda bir vaqtning oʻzida sanatoriyaga navbatga qoʻyish va shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻidagi pulni olish bilan bogʻliq harakatlarni proaktiv tarzda amalga oshirish, nogironlikni tayinlashda esa sanatoriyaga navbatga qoʻyish va nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan imtiyozlar toʻgʻrisida xabardor qilish tartibi joriy etiladi.
  • 2024 yil 1 apreldan boshlab iqlim oʻzgarishi sohasida monitoring, hisobot berish va tekshirishning zamonaviy tizimini (MRV) va yigʻiladigan maʼlumotlar bazasi bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi.
  • 2024 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kamida 200 million tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar koʻchatlari, qalamchalar ekiladi, respublika doirasida 444 ta yashil bogʻlar barpo etiladi.
  • 2024 yil 1 martdan boshlab hududlarda chang boʻroni sodir boʻlayotganda va havo tarkibida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori boʻlgani aniqlanganda aholini, ayniqsa yurak, qon-tomir va nafas yoʻllari kasalliklariga chalingan fuqarolarni zarur profilaktik choralar toʻgʻrisida doimiy xabardor qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
  • 2030 yilga qadar Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “YeVRO-5” va undan yuqori standartlariga muvofiq boʻlmagan avtomashinalar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklanadi.
  • 2024 yil 1 apreldan boshlab “Tashabbusli byudjet” doirasidagi loyihalar tashabbuskorlar, mahalla raisi va faollarining ish sifati yuzasidan roziligi olinganidan keyingina foydalanishga qabul qilish tartibi joriy etiladi.
  • 2024 yil 1 avgustga qadar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga tashabbusli byudjet boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan maʼlumotlar olish, mablagʻlarni oʻz vaqtida va toʻliq ajratilishini talab qilish hamda loyihalar amalga oshirilishini jamoatchilik tomonidan monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.
  • Jinoyat ishlari doirasida ayrim protsessual harakatlarni amalga oshirish, shu jumladan telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, tintuv oʻtkazish, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlab qoʻyish boʻyicha “elektron sanksiya” berish tartibi joriy etiladi (davlat siri va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa maʼlumotlar bilan bogʻliq ishlar bundan mustasno).
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+