"Qizil" hududlardagi ishlar statistikasi eʼlon qilindi

Yordamga muhtoj fuqarolarga 5 mlrd. soʻmga yaqin pul berildi. 

Jamiyat
3-yanvar, 13:56
"Qizil"  hududlardagi ishlar statistikasi eʼlon qilindi

Prezident topshirigʻi asosida 2023 yilda mamlakatning barcha hududlarida ogʻir iqtisodiy-ijtimoiy ahvoldagi “qizil” toifadagi mahallalarda “Obod xonadon - obod koʻcha - obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, tijorat banklari masʼul xodimlari, viloyat sektorlari hamda hududiy hokimliklar bilan birga ish olib borildi.

Dastlab oʻtgan yilning avgust oyida Oʻzbekistondagi 14 ta mahallada qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilgan boʻlsa, ayni shu tajriba asosida sentabr-dekabr oylarida yana 56 ta mahalla yangi qiyofa kasb etdi.

Aniq raqamlar asosida aytadigan boʻlsak, sentabr-dekabr oylarida 56 ta mahalladagi 42 mingdan ziyod xonadonda oʻrganishlar oʻtkazilib, xatlov natijalari asosida ushbu mahallalarda “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.

“Obod xonadon” mezonlari asosida uy-joyi taʼmirga muhtoj va oʻta ogʻir sharoitda yashayotgan oilalarning 5 mingga yaqin turar joylari taʼmirlab berilgan boʻlsa, “Obod koʻcha” mezonlari boʻyicha 675 ta koʻchada asfaltlash, shagʻallashirish va betonlash ishlari amalga oshirildi. 42 ming m2 piyodalar yoʻlagi (trotuar) barpo etildi. 271 km ichimlik suvi tarmogʻi tortildi, 17 km tarmoq esa taʼmirlandi. 24 ta yangi ichimlik suvi inshooti oʻrnatildi, 33 tasida taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Ana shunday tizimli ishlarning natijasida yurtdoshlarimizni uzoq yillardan beri oʻylantirib kelayotgan eng birlamchi hayotiy ehtiyojlari hal etildi.

Albatta, koʻp qavatli uylar ham eʼtibordan chetda qolgani yoʻq. Koʻp qavatli 31 ta uyning 9 ming m2 tom qismi, 89 tasining kirish yoʻlaklari taʼmirlandi. Qish kunlari aholini tashvishga solgan energiya manbaalari bilan bogʻliq masalalar ham oʻz yechimini topdi. Jami 245 km yangi elektr tarmogʻi tortildi, 74 ta yangi transformator oʻrnatilib, 213 tasi taʼmirlandi. Muddati oʻtgan 6 mingdan ziyod simyogʻoch beton ustunlarga almashtirildi, 2,5 mingdan ziyod yangi qoʻshimcha beton ustunlar, 3,5 ming dona yoritish moslamalari oʻrnatildi. 712 ta gaz taqsimlash punkti, 181 km gaz tarmogʻi taʼmirlandi, olis chekka hududlardagi aholi uchun 13 mingga yaqin suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi.

Bugunga qadar “Obod mahalla” mezonlari asosida 400 ga yaqin yangi ijtimoiy obʼektlar foydalanishga topshirildi. Shu jumladan, 52 ta markaziy koʻchalardagi maishiy obʼektlar, 53 ta mahalla fuqarolar yigʻini binolari, 28 ta maktab, 17 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 19 ta oilaviy shifokorlik punktlari, poliklinikalar, 19 ta aholi dam olish maskanlari barpo etildi.

Shu bilan birga aholini ish bilan taʼminlash, ularni kasb-hunarga oʻrgatish maqsadida 10 ta kasb-hunarga oʻqitish maskanlari, 101 ta maishiy xizmat koʻrsatish, savdo obʼektlari aholi ixtiyoriga topshirildi.

Mahallalardagi obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda bandlik masalasiga ham alohida urgʻu berildi. Odamlarni ishli qilish, daromadini oshirish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Mahallalarda 6 mingdan ziyod aholining bandligini taʼminlash choralari koʻrildi. Jumladan, 1 729 nafarining oʻzini-oʻzi band qilishga koʻmaklashildi, 641 nafari kasb-hunar oʻrganish uchun oʻqishga yoʻnaltirilgan boʻlsa, 475 nafarining tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishiga koʻmaklashildi.

Subsidiya asosida ishsiz insonlarning 411 nafariga tikuv mashinasi va 179 nafariga ish anjomlari olib berildi. 1 mingdan ziyod fuqarolarning 18 mlrd. 551 mln. soʻm kredit olishiga koʻmaklashildi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagi 2 289 nafar fuqaroga 4 mlrd. 880 mln. soʻmlik turli yordamlar koʻrsatildi.

Shuningdek aholining salomatligini tekshiruvdan oʻtkazish kasalliklarni erta aniqlash va davolash boʻyicha 13 mingga yaqin shaxs tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularning 1093 nafariga davolanish uchun order topshirildi.

Ehtiyojmand, boquvchisini yoqotgan aholi vakillariga sihatgohlarga yoʻllanmalar berilgan boʻlsa, nogironligi bor, imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga nogironlik aravachalari, protez-ortopediya vositalari, bepul dori-darmon berildi.

 

 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+