Nega bizda haligacha yagona qutqaruv xizmati yoʻq?
Amerikada 9-1-1, Yevropa va boshqa davlatlarda 112 qisqa raqami barcha turdagi shoshilinch va tez yordamlar uchun ajratilgan yagona raqamlardir.
2024 yil 1 yanvardan Oʻzbekistonda qutqaruv xizmati boʻyicha yagona raqam – “112” ishga tushirishi rejalashtirilgan edi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili iyul oyida Fargʻonada Ichki ishlar vazirligining kengaytirilgan hayʼat yigʻilishida aytib oʻtgan edi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ham oʻtgan yil 28 iyulda shu haqda maʼlum qilib, jumladan, Ichki ishlar va Raqamli texnologiyalar vazirliklari oldiga aholining barcha tezkor va shoshilinch xizmatlarga murojaatlarini operativ hal qilish maqsadida yagona “112” tezkor raqami va dispetcherlik tizimini ishga tushirish vazifasi qoʻyilganini bildirgan.
Rejalashtirilgan tadbirlarga koʻra, 2024 yil 1 yanvardan Toshkent shahrida “aholining barcha shoshilinch va tezkor xizmat soʻrovlarini hal qilish uchun dispetcherlik tizimi” ishga tushirilishi kerak edi. Mazkur tizim vodiy hududlarida 1 iyulgacha, barcha tuman va shaharlarda shu yil oxirigacha ishga tushirilishi moʻljallangan edi.
Platina.uz 2024 yil 1 yanvardan 112 favqulodda raqamining ishlashini tekshirish maqsadida unga qoʻngʻiroq qildi. Biroq bu raqam hamon faol emasligi maʼlum boʻldi.
Hozirgi paytgacha esa sovet davridan qolgan tizim boʻyicha ish olib boriladi. Yaʼni har bir favqulodda zarur xizmatlar uchun alohida bepul va qisqa raqamlar mavjud. Keyinchalik bu raqamlar oldiga 1 raqami qoʻshildi. Masalan, 101 – yongʻin xizmati, 102 – ichki ishlar organlari, 103 – shoshilinch tibbiy yordam, 104 – gaz xizmati, 1054 – qutqaruv xizmati va hokazo.
Umuman olganda, telefon aloqasi yoʻlga qoʻyilgan va favqulodda xizmatlar tashkil topganidan beri ularga tez va oson qoʻngʻiroq qilish uchun telefon kompaniyalari tomonidan maxsus qisqa raqamlar ajratish muammosi hamisha bor boʻlgan.
9-1-1
Xususan, AQShda 1957 yilda Oʻt oʻchiruvchilar milliy assotsiatsiyasi tomonidan shunday raqamni tayin qilish masalasi koʻtarilgan. 1968 yilda AQSh Federal kommunikatsiya komissiyasi (FCC) AT&T kompaniyasiga politsiya, oʻt oʻchirish va tez tibbiy yordam xizmatlarini chaqirish mumkin boʻlgan yagona raqam ishlab chiqishni topshirgan.
1968 yil 6 fevral kuni Alabama shtatining Haliville shahrida shu raqamga qoʻngʻiroq qilingan. Bu raqam keyinchalik Yevropa Ittifoqida paydo boʻlgan "112" raqamining prototipiga aylandi. Ye911 xizmatlari uchun birinchi takomillashtirilgan apparat va dasturiy taʼminot tizimlari Enhanced 911 1980-yillarning oxirida AQShda paydo boʻldi. Ushbu komplekslar qoʻngʻiroqlarni marshrutlash, kompyuter maʼlumotlar bazasi bilan texnik xizmat koʻrsatish va aloqa tarmogʻi orqali raqamli maʼlumotlar almashinuvini joriy etdi.
Birinchi marta barcha maʼlumotlarni qayta ishlash kompyuterda amalga oshirila boshlandi – abonentning raqami va qayerdan qoʻngʻiroq qilayotgani avtomatik ravishda aniqlanadigan boʻldi (hozir AQShda 50 metrgacha xatolik bilan aniqlanadi). 1996 yilda Federal kommunikatsiya komissiyasi Ye911 direktivasini qabul qildi, unda uyali aloqa tarmoqlari abonentlariga shoshilinch yordam koʻrsatish boʻyicha qatʼiy talablar belgilandi.
Garchi mazkur komissiya 1972 yildan 9-1-1 raqamini butun mamlakat boʻylab qoʻllashni tavsiya qilgan boʻlsa-da, 1980-yillar oxiriga kelibgina u barcha amerikaliklarni “qamrab oldi”.
Hozirga kelib, 9-1-1 raqamiga kuniga oʻrtacha 300 mingga yaqin, yiliga 100 milliondan ortiq qoʻngʻiroqlar boʻladi. 9-1-1 raqamiga qoʻshimcha ravishda, turli shtatlarda turli xizmatlar uchun oʻz qoʻngʻiroq raqamlari mavjud.
Kanadada 1959 yildan "9-9-9" yagona universal favqulodda yordam raqami qoʻllanila boshlangan. 1972 yildan kanadaliklar ham "9-1-1" raqamiga oʻtishgan.
112
112 – Amerikadan boshqa deyarli barcha mamlakatlarda favqulodda xizmatlarga qoʻngʻiroq qilish uchun yagona raqam hisoblanadi. 112 raqami Shvetsiya tashabbusi va Yevropa Kengashining 1991 yil 29 iyuldagi qarori bilan amalga tatbiq etilgan. 1998 yil 26 fevralda esa ushbu qaror Yevropa Parlamenti va Yevropa Kengashi tomonidan qabul qilingan 98/10/YeC direktiva bilan mustahkamlandi. 112 xizmatining asosiy vazifasi – mushkul ahvolda qolgan va yordamga muhtojlarga oʻz vaqtida yordam koʻrsatishdan iborat.
Koʻpgina Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 112 raqami mamlakatda ittifoqqa qoʻshilishdan oldin ham amalda boʻlgan favqulodda raqamlar bilan birga hamon mavjud. Polshada 112 raqamiga qoʻshimcha ravishda barcha qutqaruv xizmatlari uchun qoʻngʻiroq raqamlari bor: politsiya (997), yongʻin (998) va tez yordam (999). Fransiyada 112 raqamidan tashqari 15 (tez yordam), 17 (politsiya) va 18 (oʻt oʻchirish xizmati) raqamlari mavjud. Ammo shunday davlatlar ham borki, ularda faqat bitta favqulodda yordam liniyasi – 112 ishlaydi. Bular Shvetsiya, Islandiya, Daniya va boshqa davlatlardir. (1970-yillarda Daniyada yagona favqulodda raqam 000 boʻlgan).
Qoʻshnilarimizda
Postsovet respublikalari ham birin-ketin 112 raqamiga oʻtmoqda. Jumladan, deyarli barcha islohotlar namunasi va lokomotivi boʻlmish Rossiyada 2008 yildan buyon butun mamlakat uchun favqulodda xizmatlarga qoʻngʻiroq qilish raqami – 112 tasdiqlangan.
2013 yil 11 fevralda esa Rossiya prezidenti 9-FZ-sonli federal qonunni imzolagan boʻlib, unga koʻra, "112" raqami Rossiyadagi yongʻinlar va favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisidagi xabarlarni qabul qilish uchun yagona raqam sifatida belgilangan.
2014 yildan boshlab yangi favqulodda xizmatlarning telefon raqamlari joriy etildi (mavjud raqamlarga 1 raqami qoʻshildi (masalan, militsiyaga “02”, hozir esa “102” va hokazo). Bu tartib Rossiyada 2017 yilgacha amalda boʻldi.
Hozirga kelib, deyarli barcha sobiq sovet respublikalarida 112 raqami favqulodda xizmatlarga qoʻngʻiroq qilish yagona raqami hisoblanadi. Lekin aksariyat davlatlarda 112 bilan birga 101, 102, 103, 104 raqamlariga qoʻngʻiroq qilib ham, tegishli xizmatlar bilan bogʻlanish mumkin.
Abulfayz Sayidasqarov