Putinning saylovdagi raqiblari maʼlum boʻldi
Markaziy saylov komissiyasi Putinning nomzodini tasdiqladi.

Markaziy saylov komissiyasi Vladimir Putinni Rossiya prezidentligiga nomzod sifatida roʻyxatga oldi. Shuningdek, Putinning saylovdagi raqiblari maʼlum boʻldi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Pamfilovaning xabar berishicha, tegishli qaror bir ovozdan qabul qilindi.
Mustaqil nomzod sifatida saylovga borayotgan Putin 31 yanvargacha Markaziy saylov komissiyasiga 300 mingdan ortiq saylovchi imzosini topshirishi kerak edi. Putinning shtab-kvartirasi Markaziy saylov komissiyasiga 315 ming imzo topshirgan, ulardan 91 tasi komissiya tomonidan haqiqiy emas deb topilgan.
Vladimir Putin roʻyxatga olingan toʻrtinchi nomzod boʻldi. Undan oldin allaqachon uchta parlament partiyasi - Nikolay Xaritonov (Kommunistik partiya), Vladislav Davankov ("Yangi odamlar") va Leonid Slutskiy (LDPR) nomzodlari tasdiqlangandi.
Yaqin kunlarda parlamentdan tashqari “Fuqarolik tashabbusi” partiyasidan nomzodi ilgari surilgan Boris Nadejdin toʻplangan imzolarni Markaziy saylov komissiyasiga topshirishi kerak. 26 yanvar kuni Nadejdin “Nezavisimaya gazeta”ga 200 ming imzo toʻplay olganini aytdi (roʻyxatdan oʻtish uchun MSKga 105 ming imzo taqdim etishi kerak).
Eslatib oʻtamiz, agar Putin boʻlajak saylovlarda gʻalaba qozonsa kamida 2030 yilgacha hokimiyatda qoladi.
Avvalroq Putinni qoʻllab-quvvatlash uchun butun mamlakat boʻylab 1,8 milliondan ortiq imzo toʻplangani aytilgandi.