Asosiy stavka: tarix, taʼsir va tavakkalchilik

AS koʻrsatkichi nozik va aniq tarozining shayniga oʻxshaydi: sal notoʻgʻri tarafga sursangiz, tarozi pallalari ogʻib ketadi.

Iqtisod
26-yanvar, 12:23
Asosiy stavka: tarix, taʼsir va tavakkalchilik

Markaziy bank (MB) joriy yil 25 yanvarda asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishida bu koʻrsatkichni 14% shaklida oʻzgarishsiz qoldirdi. Eslatib oʻtish joiz, bu stavka 2023 yilning 16 martidan beri amalda boʻlib kelmoqda.

MBning bu masala boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2024 yil 14 martga belgilangan. 2024 yilda Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish yuzasidan keyingi yigʻilishlari esa 25 aprel, 13 iyun, 25 iyul, 12 sentabr, 24 oktabr va 12 dekabr kunlariga rejalashtirilgan. Shuningdek, 25 yanvar, 25 aprel, 25 iyul va 24 oktabrdagi tayanch boshqaruv yigʻilishi natijalari boʻyicha Markaziy bank rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani oʻtkaziladi va “Pul-kredit siyosati sharhi” eʼlon qilinadi.

Asosiy stavka nimani anglatadi?

Markaziy bank asosiy stavkasi – inflyatsion targetlash rejimi doirasida pul-kredit siyosatini yuritishning asosiy instrumenti boʻlib, Markaziy bankning tijorat banklari bilan amalga oshiradigan pul-kredit operatsiyalari boʻyicha moʻljal foiz stavkasi hisoblanadi. Asosiy stavkani (AS) oʻzgartirish orqali Markaziy bank iqtisodiyotda narxlar barqarorligini taʼminlash uchun zarur boʻlgan pul-kredit sharoitlarini belgilab boradi.

AS darajasi Markaziy bank boshqaruvi majlislarida pul-kredit siyosati sharoitlari, joriy va kutilayotgan inflyatsiya darajasi hamda makroiqtisodiy holatni inobatga olgan holda belgilanadi.

AS foizi tijorat banklarining omonatlarni jalb etish shartlariga taʼsir qiladi. Qisqa qilib aytganda, AS — MB tijorat banklariga kredit berishidagi minimal foiz. Tijorat banklari bunday kreditni olib, MB ASdan balandroq foizda (odatda 4-5%) kompaniya va chakana isteʼmolchilarga kredit beradi.

Markaziy bankning tijorat banklari bilan likvidlikni taqdim etish va jalb etish boʻyicha asosiy operatsiyalari (muddati 2 haftagacha boʻlgan depozit, REPO va SVOP auksionlari) asosiy stavka doirasida amalga oshiriladi va banklararo pul bozoridagi operatsiyalarga taʼsiri orqali bank xizmatlari (depozitlar va kreditlar) boʻyicha foiz stavkalarining belgilanishida muhim omillardan hisoblanadi.

Asosiy stavka davlat pul-kredit siyosatining asosiy quroli, moliviy muhitdagi faoliyatni tartibga soluvchi, boshqacha aytganda, davlatning iqtisodiy jarayonlarga qonuniy aralashuvini ifodalovchi vosita hisoblanadi.

Asosiy stavka pasaytirilsa, nima boʻladi?

AS past boʻlsa, demak, pul arzonlashadi. Tijorat banklari taklif etadigan kreditlarning foizi pasayadi, natijada kompaniya va aholi faol ravishda kredit ola boshlaydi. Avval xususiy biznes va pirovardida milliy iqtisodiyot rivojlana boshlaydi. Ishlab chiqarish hajmi oʻsadi, aholining xarid qobiliyati oshadi, bank depozitlari boʻyicha stavkalar pasayadi.

Lekin bunday siyosat salbiy oqibatga ham olib keladi. Pul arzonlashgani bois koʻpayib ketadi va inflyatsiya roʻy beradi, narxlar koʻtarilib ketadi.

Asosiy stavka koʻtarilishi qanday oqibatlarga olib keladi?

Albatta, inflyatsiyaning haddan ziyod ortishi ham iqtisodiyotga va aholi farovonligiga salbiy taʼsir koʻrsata boshlaydi. Natijada MB inflyatsiyani pasaytirish, bu jarayonni nazoratga olish uchun ASni koʻtarishga majbur boʻladi.

Biroq bu harakat ham salbiy jarayonlar zanjirini boshlab berishi mumkin. Avvalo muomalada pul kamaygani bois, aholining xarid qobiliyati pasayadi, iqtisodiy oʻsish surʼati sekinlashadi.

Shu bois AS koʻrsatkichi nozik va aniq tarozining shayniga oʻxshaydi: sal notoʻgʻri tarafga sursangiz, tarozi pallalari ogʻib ketadi. Bunda mavjud iqtisodiy vaziyatni chuqur tahlil etish hamda kutilajak jarayon va omillarni ilmiy prognoz qilish – eng maqbul “oltin oʻrtalik”ni topishga yordam beradi.

Asosiy stavkaning bank xizmatlariga taʼsiri

MB ASni oʻzgartirishga qaror qilsa, bozorni ehtimoliy koʻtarilish yoki pasayish haqida avvaldan xabardor qiladi.

Tijorat banklari esa oʻz navbatida ASning dinamikasini kuzatib, pul bozoridagi likvidlik yaqin kelajakda arzon yoki qimmatlashishini tushunib olishadi. Natijada banklar oʻz mahsulotlari va xizmatlari (masalan, aholi va tadbirkorlardan jalb etiladigan omonatlar va ularga ajratiladigan kreditlar bilan bogʻliq xarajatlar) narxlarini oʻzgartirishga majbur boʻlishadi.

Inflyatsiya tezlashib ketsa va MB ASni koʻtarsa, banklarning depozit va kreditlar boʻyicha foiz stavkalarini oshirishlari ehtimoli paydo boʻladi. Bu esa banklararo (joriy likvidlikni taʼminlash maqsadida banklar bir-birlariga pul mablagʻlarini maʼlum bir foiz evaziga taqdim etadigan bozor) va umuman olganda, pul bozorida mablagʻlarni jalb etish bilan bogʻliq xarajatlarning ortishiga sabab boʻladi.

Inflyatsiya darajasi hamda asosiy stavkaning pasayishi banklararo pul bozorida pul mablagʻlarini jalb etishning arzonlashishiga, bu esa, oʻz navbatida, baland boʻlmagan foiz stavkalarida kreditlar ajratish orqali aholi va tadbirkorlar uchun moliyaviy manbalarning maqbullashishiga sabab boʻladi.

Muhim bir jihati shundaki, MB AS kredit tashkilotlari tomonidan mijozlar bilan shartnomalar tuzishda qoʻllanilishi mumkin. AS oʻzgartirilsa, uning joriy kreditlarga taʼsiri shartnomada belgilangan shartlar asosida boʻladi. Bunday hollarda kredit boʻyicha foiz stavkasi asosiy stavkaga "bogʻlangan" va foiz toʻlovlari miqdori asosiy stavka darajasiga qarab oʻzgaradi!

Sodda qilib aytganda, agar siz bankdan kredit olsangiz, kredit shartnomasida MBning AS ga bogʻliq holda oʻzgarib turadigan kredit foizi belgilanganiga diqqat qarating. ASning oʻzgarishi siz toʻlayotgan kredit foizlariga bevosita taʼsir qilishini unutmang!

Lekin tijorat banklari va mijozlar oʻrtasida oʻzgarmas foiz stavkalarida tuzilgan shartnomalarga MBning AS oʻzgarishi taʼsir koʻrsatmaydi.

Asosiy stavka va qayta moliyalashtirish stavkasi – farq nimada?

Qayta moliyalashtirish stavkasi (QMS) – bu MBning foiz stavkasi hisoblanadi. Yaʼni MB – bu kredit tashkilotlariga (yoki xorijiy MBga) berilgan kreditlar uchun mamlakat MBga yillik asosda toʻlanadigan foizlar miqdoridir.

QMS pul-kredit siyosatining muhim koʻrsatkich rolini oʻynaydi. U iqtisodiy tartibga soluvchi funksiyaga qoʻshimcha ravishda, soliqqa tortish, jarimalar va jarimalarni hisoblash uchun qoʻllanilgan.

Hozirgi kelib, AS va QMS ayni bir xil maʼno va raqamni anglatadi. Masalan, Rossiyada 2016 yil 1 yanvardan boshlab QMS koʻrsatkichi MB belgilovchi AS koʻrsatkichiga tenglashtirilgan. Oʻzbekistonda ham avval QMS atamasi qoʻllanilgan boʻlsa-da, keyinchalik AS atamasi ishlatila boshladi.

Asosiy stavkaning tarixiy trayektoriyasi

MB asosiy stavka darajalarini belgilash tarixiga nazar solsak, inflyatsiya, narxlar tinmay oshib borgan va milliy valyuta qadrsizlanishi tezlashgan hamda beqaror moliyaviy-iqtisodiy muhit hukmron davrlarda asosiy stavka oshirib borilganiga guvoh boʻlish mumkin. 1994 yil 2 maydan boshlab MB asosiy stavkasi 150 dan 300% gacha oʻsib borgan, 1995 yil 1 iyulda AS keskin 120%ga tushirilgan va shundan buyon muttasil va muntazam pasaytirib kelingan.

Bu tendensiya 1997 yil 1 noyabrgacha davom etgan (30%) va 1998 yil 1 yanvarda 36%lik daraja oʻrnatilgan.

200 yil 1 aprelda bu koʻrsatkich yana 30% holatiga qaytib, eng maksimal chegarani ifodalagan va hozirgacha AS shu chegaradan tepaga chiqmay kelmoqda.

2015 yil 1 yanvarda Oʻzbekiston MB AS tarixidagi eng past daraja – 9% tarzida belgilangan. 2017 yil 28 iyunda AS 14% ga keskin oshirilgan.

2022 yil 18 martda AS 17% darajasida oʻrnatilgan va 3 oydan keyin 16%ga, yana 1 oydan keyin 15% ga tushirilgan.

2023 yil 17 martida esa AS 15 % dan 14% foizga tushirilgan boʻlib, shundan beri oʻzgarmay kelmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+