platina.uz
Tahlil

Adolatni toʻsayotgan aybdorlik hissi

Qurʼonni yoqishni soʻz erkinligi deya baholayotgan Gʻarb Xolokost sababli aybdorlik hissi taʼsirida yahudiylar davlatining har qanday ogʻir jinoyatlarini ham kechirishga tayyor.

Adolatni toʻsayotgan aybdorlik hissi

Bugun BMT Xalqaro sudi (XS) Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga qarshi genotsidi haqidagi daʼvosi yuzasidan dastlabki (oraliq) qarorini eʼlon qildi. Isroilga qarshi choralar koʻrish talab etilgan mazkur qarorni bajarish BMTning barcha aʼzolari uchun majburiy.

Sud hayʼati aʼzolari JAR soʻragan barcha choralarni (Gʻazo sektoridagi Isroil harbiy amaliyotini toʻxtatish talabidan tashqari) qoʻllab ovoz berdi. Sud qarori Isroildan Gʻazo sektorida genotsidning oldini olish va unga aloqador masʼullarni jazoga tortish hamda anklavda gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun barcha zarur choralarni koʻrishni talab qiladi.

XS mazkur bosqichda JARni qoʻllashga rozi boʻlgani Isroilga qarshi xalqaro sanksiyalar qoʻllanishiga sabab boʻlishi mumkin.

Biroq qudratli davlatlarning “erkatoyi” boʻlmish Isroil bu qarorga ham xuddi avvalgi holatlardagi kabi parvo qilmasligi aniq. Isroil tomoni barcha ayblovlarni inkor etmoqda va suddan bu ishni butunlay rad etishni soʻragan.

Isroil XSning jinoyatlardan tiyilishga chorlovchi talablariga birinchi marta eʼtiborsiz boʻlishi emas: 2004 yilda ham Xalqaro sud Isroil tomonidan istilo qilingan hududlar – Iordan daryosining Gʻarbiy qirgʻogʻi maʼmuriy chegaralari boʻylab toʻsiq devor qurilishining noqonuniyligi haqida qaror chiqargan edi. Isroil vakillari Xalqaro sud majlisida qatnashmagan, undan oldinroq sud raisiga sudning bu masala boʻyicha yurisdiksiyasi Tel-Aviv tomonidan tan olinmasligi haqida xat yuborish bilan kifoyalangan edi.

Eslatib oʻtish joiz, JAR 2023 yil 29 dekabr kuni BMT Xalqaro sudiga Isroilning falastinliklarga qarshi genotsidi haqida daʼvo arizasi kiritgan edi. XS 11 yanvar kuni ushbu daʼvo yuzasidan tinglovlarni boshladi.

JAR kiritgan daʼvo arizasida Isroilning BMT konvensiyalarini qoʻpol ravishda buzib kelayotgani, Gʻazo sektorida falastinliklarga qarshi genotsid uyushtirayotgani taʼkidlangan. XS saytida eʼlon qilingan arizada, shuningdek, JAR hukumati Isroil okkupatsion armiyasini Falastin anklavida olib borayotgan jangovar harakatlarini zudlik bilan toʻxtatishga chaqirgan.

JARning 84 varaqdan iborat daʼvosida iddao qilinishicha, Isroilning Gʻazo sektoridagi harakatlari “genotsid” xarakteriga ega. Daʼvo matnida keltirilishicha, Gʻazo setkorida tinch aholi vahshiylarcha oʻldirilmoqda, tirik qolganlari esa tuzatib boʻlmas, ruhiy va jismoniy talafot olishmoqda. Shu bilan birga Isroil armiyasi ataylab mintaqada falastinliklarning etnik guruh sifatida yoʻq boʻlib ketishiga olib keladigan sharoit yaratishmoqda.

Daʼvo arizasida Isroilning falastinliklarga munosabati 75 yillik aparteid, 56 yillik harbiy okkupatsiya va Gʻazo sektorini 16 yillik blokadasidan iboratligi taʼkidlangan. Isroil bu noqununiy xatti-harakatlarini zudlik bilan toʻxtashi lozim. Chunki Isroil 1948 yilda genotsidning oldini olish haqidagi xalqaro konvensiyani imzolagan. Mazkur konvensiyaning 9-moddasida esa bu boradagi bahsli masalalar XS hukmiga havola etilishi koʻzda tutilgan.

JARning mazkur daʼvosini Arab davlatlari ligasi va uning 22 aʼzo davlati, Turkiya, Malayziya, Venesuela, Eron va Braziliya qoʻllab-quvvatladi.

Shuningdek, Indoneziya ham Gʻazo sektoridagi vaziyat yuzasidan XSga daʼvo arizasi kiritish niyatida. Bu holda uni Yevropaning arab va musulmon emas davlati Sloveniya ham qoʻllashga vaʼda bergan. Ayni kunlarda Nikaragua hukumati XSga Isroilga qarshi daʼvo arizasi kiritishi kutilmoqda.

Arab va musulmon boʻlmagan JARning bu daʼvoni kiritishi va shu kabi davlatlarning bu daʼvoni qoʻllab-quvvatlashi jahon hamjamiyatining Isroilning Falastinga qarshi jinoyatlariga ortiq koʻz yumib yurishga sabri qolmagani va Isroilning obroʻsizlanib borayotganini anglatadi.

Rasmiy Tel-Aviv esa, albatta, har doimgidek, “oppoq”. Garchi koʻplab vazirlar, yahudiy masʼullari Falastinni va uning aholisini yoʻq qilib yuborishga chaqirayotgani, ularni “yovvoyi hayvon” deb atayotgani, ularga qarshi hatto atom bombasi qoʻllash ham mumkinligi haqida ochiq bayonotlar berayotganiga qaramasdan, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmogʻida “Isroil Gʻazo sektorini doimiy istilo qilish va undagi fuqarolarni haydab chiqarish niyatida emas” deya post qoldirdi. Uning matbuot kotibi Eylon Levi esa Isroil Haagaga (XS majlisi oʻtayotgan shahar) “JARning mantiqsiz tuhmatini yoʻqqa chiqarish uchun” yuristlar jamoasi yuborilishi haqida maʼlum qildi.

JAR daʼvosiga qarshi chiqqanlar ham bor. Va eng avvalo AQSh bu daʼvo asossiz deb hisoblaydi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken hamda turli yuqori mansabdor amaldorlar Isroilning Gʻazo sektoridagi amaliyotlarini genotsid deb atashga “asos” koʻrishmayotganini taʼkidlab kelishadi.

Shuningdek, Kanada hukumati ham JARning Isroilga qarshi daʼvosini qoʻllab-quvvatlamasligini maʼlum qildi. Bosh vazir Jastin Tryudo shu haqda bayonot bergan. “Kanada ayni paytda BMT XSda kamida 5 ta ishda bevosita ishtirok etmoqda, degan Tryudo. "Biz XS va undagi jarayonlarini samimiy qoʻllab-quvvatlaymiz, biroq bu JAR tomonidan ilgari surilgan daʼvoni ham qoʻllashimizni anglatmaydi”, degan Kanada bosh vaziri. Tryudo, shuningdek, mazkur masala boʻyicha rasmiy Ottava pozitsiyasi haqida kengaytirilgan javob tayyorlanayotganini maʼlum qilgan.

Shu bilan bir qatorda, JAR daʼvosini Buyuk Britaniya, Germaniya (bu davlat hatto daʼvoga uchinchi tomon sifatida kirishini maʼlum qilgan) Vengriya hamda Gvatemala qoralab chiqqan.

Eslatib oʻtamiz, Avstriyada yahudiylarga qarshi sodir etilgan Xolokostni inkor etishning oʻziyoq jinoiy javobgarlik va real ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi uchun asos boʻladi. Qurʼonni yoqishni soʻz erkinligi deya baholayotgan Gʻarb Xolokost sababli aybdorlik hissi taʼsirida yahudiylar davlatining (Isroil Mustaqillik deklaratsiyasiga koʻra u shunday tavsiflanadi – mual.) har qanday ogʻir jinoyatlarini ham kechirishga tayyor.

Taʼkidlash joiz, garchi XS dastlabki qarorini eʼlon qilgan boʻlsa-da, yakuniy – bajarish majburiy boʻlgan yakuniy qaror chiqarilishi uchun 10 yilga yaqin vaqt ketadi. Biroq yakuniy natija qanday boʻlishiga qaramasdan, Isroil armiyasining Gʻazo sektori aholisiga qarshi urushi qanday yakunlanishidan qatʼi nazar, dunyo xalqlari nazdida, Isroil allaqachon yutqazib boʻldi. Hatto Gʻarb ham Isroilni abadiy qoʻllab tura olmaydi. Xalq koʻr emas, axborot tarqalishi va uni tekshirish osonlashib borgani sari har qanday propaganda, aldov, chalgʻitish va qoʻrqitishlarningtaʼsiri ham pasayib boraveradi. Dunyo xalqlarining oʻz hukumatlarini Isroilni tiyib qoʻya oladigan qarorlar qabul qilishi va amaliy harakatlar boshlashiga undashi esa vaqt masalasi xolos.

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid