Shavkat Mirziyoyev Xitoy bosh vaziri va qator amaldorlar bilan uchrashdi
Prezident tashrifining asosiy tadbirlari boshlandi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan Xitoyga keldi va qator uchrashuvlar oʻtkazdi.
Prezidentni XXR madaniyat va turizm vaziri Sun Yeli va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifini XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuvdan boshladi.
Xalq yigʻinlari uyida oʻtgan uchrashuvda koʻp qirrali amaliy hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
XXR hukumati rahbari ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlari barcha soha va yoʻnalishlarda misli koʻrilmagan darajaga koʻtarilganini qayd etdi.
Oʻtgan yilda tovar ayirboshlash 50 foizga oshib, rekord koʻrsatkich – 14 milliard dollarga yetdi. Bu koʻrsatkichni, shu jumladan yuqori sifatli sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish hisobiga 20 milliard dollarga yetkazish uchun salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Xitoydan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 14 milliard dollardan oshdi.
Infratuzilmani modernizatsiya qilish, sanoat kooperatsiyasini, qishloq xoʻjaligida texnologiyalar transferini kengaytirish va “yashil” energetikani rivojlantirish boʻyicha alohida hamkorlik dasturlarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Xitoyning yetakchi bank-moliya institutlari bilan amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda Xitoy kompaniyalarining mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etishi istiqbollari koʻrib chiqildi.
22 yanvar kuni Urumchi shahrida oʻtgan birinchi Oʻzbekiston-Xitoy hududlar forumi va sanoat koʻrgazmasi natijalari yuqori baholandi.
Xitoyda shu kunlarda taʼlim forumi va Oʻzbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazilayotgani qayd etildi. Tomonlar aviaqatnovlar va sayyohlik almashinuvini yanada kengaytirish muhimligini taʼkidladilar.
Yakunda Mirziyoyev XXR Davlat kengashi Bosh vazirini tashrif bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif qildi.
24 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifi doirasida Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qoʻmitasi Raisi Chjao Letszi bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Keyingi yillarda oʻzaro savdo hajmi ikki barobar, qoʻshma korxonalar soni uch barobar oshdi.
Hududlararo kooperatsiya kengaydi, 22 yanvar kuni Urumchi shahrida boʻlib oʻtgan birinchi Oʻzbekiston-Xitoy hududlar forumining samarali natijalari bundan dalolat bermoqda.
Xitoyning kambagʻallikka qarshi kurashish borasidagi tajribasi faol joriy qilinmoqda.
Uchrashuvda mamlakatimiz texnik yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlash markazlarini tashkil etish, Xitoyning ijtimoiy himoya va sugʻurta, aholiga manzilli yordam koʻrsatish borasidagi tajribasini oʻrganishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Parlamentlar oʻrtasidagi muloqotni kengaytirish va “Oʻzbekiston-Xitoy” doʻstlik guruhlarini faollashtirish zarurligi qayd etildi.
Oliy darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi, deyiladi xabarda.