OAV: AQShda ayni paytda Ukraina uchun mablagʻ yoʻq
Yevropalik ittifoqchilar Ukrainani qoʻllab-quvvatlash uchun yangi choralar koʻrmoqda.

AQShda ayni damda Ukraina uchun pul yoʻq, shuning uchun Pentagon Kiyevga oʻq-dorilar va raketalar yubora olmaydi. Bu haqda ABC News yozmoqda.
Seshanba kuni Bayden maʼmuriyati Ukrainani qoʻllab-quvvatlashni muvofiqlashtiruvchi 50 ga yaqin mamlakatning oylik yigʻilishiga birinchi marta quruq qoʻl bilan keldi, deyiladi xabarda. Guruh 2022 yil aprel oyida AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin tomonidan tuzilgandi.
Kongress Ukraina uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratishni maʼqullaguncha, Vashington Kiyevga qurol yetkazib berishni davom ettirishda ittifoqchilariga tayanmoqda.
Frontdagi Ukraina qoʻshinlari oʻq-dorilarning keskin tanqisligini boshdan kechirmoqda, bu Lloyd Ostin ishtirokidagi yigʻilishda muhokama qilindi.
Ayni paytda yevropalik ittifoqchilar Ukrainani qoʻllab-quvvatlash uchun yangi choralar koʻrmoqda.
NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusselda Ukraina uchun oʻq-dorilar xarid qilish boʻyicha 1,2 milliard dollarlik qoʻshma shartnoma tuzilganini maʼlum qildi.
Eslatib oʻtamiz, soʻnggi paytlarda Ukrainaga yordam boʻyicha turli munozaralar paydo boʻlmoqda. Jumladan, AQSh Senati Ukraina uchun 61 milliard dollar mablagʻ ajratishni ortga surmoqda.