Toshkentda “Baxt maktublari” aksiyasi oʻtkazildi
Aksiya oʻz ishiga vijdonan va masʼuliyat bilan yondashgan haydovchilarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan.
“Qoidalar ularni buzish uchun emas, balki ularga qatʼiy rioya qilish uchun yaratiladi”. Xavfsiz harakat ijtimoiy loyihasi doirasida tashkil etilgan “Baxt maktublari” aksiyasi aynan mazkur shiorga asoslandi.
Gross sugʻurta kompaniyasi tashabbusi va Toshkent shahar IIBB hamkorligidagi mazkur ijtimoiy loyiha faollari poytaxt koʻchalarida “Baxt maktublari”ni topshirish aksiyasini oʻtkazdi. Aksiya oʻz ishiga vijdonan va masʼuliyat bilan yondashgan haydovchilarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan.
“Har kuni YTH oqibatlari bilan toʻqnash keladigan sugʻurta kompaniyasi sifatida biz haydovchilar yoʻl harakati qoidalariga rioya etishlari uchun daʼvat qilishdan charchamaymiz. “Baxt maktublari” Toshkent shahrida masʼuliyatli haydovchilarni oʻrnak sifatida koʻrsatish va ularga minnatdorlik bildirish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan yana bir aksiyadir. Biz faqat 2023 yil davomida birorta qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻymagan va jarimalarga tushmagan haydovchilarni taqdirladik”, dedi Gross sugʻurta kompaniyasi brend menejeri Darya Votchel.
Maktublarni topshirish oʻziga xos formatda boʻlib oʻtdi: kun davomida Toshkent shahri boʻylab IIBB xodimlari hujjatlarni tekshirish uchun haydovchilarni tasodifiy toʻxtatdilar. Agar haydovchilik tarixi biror-bir qoidabuzarlik mavjud emasligini koʻrsatsa, haydovchilar qoidalarga rioya qilgan holda avtomobilni boshqarganliklari uchun Gross kompaniyasidan yoqimli bonus bilan taqdirlandi. Bonus sifatida namunali haydovchilarga 2023 yil davomida yoʻl harakati qoidalariga rioya qilganliklari uchun Toshkent shahar IIBB tomonidan tashakkur bildirilgan rasmiy maktub va Gross kompaniyasidan maxsus 25%li siylov bilan KASKO ixtiyoriy sugʻurtasi va majburiy avtosugʻurtani rasmiylashtirish uchun vaucher taqdim etildi.
Odinaxon Dehqonova