Nega hamma Toshkentga intiladi?

2021 yilning oʻzida Toshkentga koʻchib keluvchilar soni 112 ming kishini tashkil etdi. 

Jamiyat
20-yanvar, 17:00
Nega hamma Toshkentga intiladi?

Hech poytaxtda yashaydigan biror odamning Oʻzbekistonning boshqa hududi (qishloq, viloyat, ovul, boshqa shaharlari)da yashaydigan insonga havas qilib, poytaxtdan koʻchib ketgani haqida eshitganmisiz? Lekin viloyatlik, qishloqning chekka hududida yashovchi inson albatta Toshkentga intiladi, bu yerda yashashni orzu qiladi. Hech boʻlmaganda farzandini poytaxtda, yaxshi sharoitda yashashini xohlaydi.

Shu boisdan ham soʻnggi yillarda Toshkentga koʻchish koʻrsatkichi sezilarli oshdi. 2016-2017 yillarga qadar poytaxtga har yili 15-20 ming atrofida odam koʻchib kelgan boʻlsa, 2019 yili salkam 35 ming, 2020 yili 78 ming, 2021 yilda qariyb 112 ming kishi Toshkentda qoʻnim topdi (bunda propiska rejimi aynan shu yillarda yengillashtirilganining ham oʻrni bor). 2022 yildagi koʻrsatkich biroz pasaydi (97 ming, lekin shunda ham respublikaning boshqa biror joyida bunga yaqin kela oladigan raqam yoʻq). 2023 yilning yanvar-iyun holatiga koʻra ham koʻchib kelganlar soni 46 ming kishini tashkil etgan.

Bu koʻrsatkichlar “Toshkentda viloyatliklar koʻpayib ketdi. Shuning uchun "probkalar" koʻp” kabi noroziliklarining koʻpayishiga ham sabab boʻldi. Bir necha kun avval poytaxt ekologiyasining buzilib, havo ifloslanganida ham viloyatdan kelgan fuqarolar sabab qilib koʻrsatildi. Aslida ham nega hamma poytaxtga intiladi, oʻzi? Bu savolga javob topishdan avval Toshkentga qachon poytaxt maqomi berilganiga yuzlanamiz.

Toshkent shahri poytaxt maqomiga ega boʻlganiga 93 yil boʻldi

1930 yilning 17 avgust kuni OʻzSSR Markaziy ijroiya qoʻmitasining 155-sonli qarori bilan Oʻzbekiston poytaxti Samarqand shahridan Toshkentga koʻchiriladi.

Toshkent tarixan qadimiy shahar boʻlib, 2200 yillik tarixga ega. Yozma manbalarda Toshkent tarixi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Bu joy mahalliy talaffuzga koʻra Choch deb nomlangan. Asosiy shahar Choch, yaʼni Chochkent yoki Shoshkent deb nomlangan. Keyinchalik bu soʻzning maʼnosi oʻzgardi va Toshkentga aylandi. Taxminan miloddan avvalgi 2-asrning oxiri – 1-asrning boshlarida Xitoy solnomalarida Chirchiq vodiysida Yuni viloyatining shahri borligi haqida maʼlumotlar mavjud boʻlgan. 

Oʻtgan 93 yil davomida Toshkent maydoni qariyib 2 barobadan ziyodga ortib 44 ming gektarga yetdi, aholisi esa qariyib 350 ming kishidan 3 mlnga yetdi.

Bugungi kunda Toshkent nafaqat mamlakatining ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy markazi, poytaxti, balki Markaziy Osiyodagi yeng yuqori surʼatlarda rivojlanib borayotgan yirik shahardir.

Poytaxt yashash uchun eng qulay joymi?

Aksariyat mamlakatlarda poytaxt, poytaxtdan tashqaridagi hududlarga nisbatan afzalliklarga ega. Yevropada poytaxtda yashovchi odamlar ham odatda mamlakatning boshqa qismlarida yashovchi odamlarga qaraganda yaxshiroq hayot sifatiga ega. Shu asosda, poytaxt shaharlari haqiqatan ham yashash uchun eng yaxshi joylar ekanligi koʻrinadi.
Aksariyat mamlakatlarda poytaxt aholisi hayotdan qoniqish darajasi boʻyicha poytaxtdan tashqarida yashovchi odamlarga qaraganda yuqori darajani qayd etadi.Poytaxt shaharlarida xuddi shu mamlakatning boshqa shahar markazlari va qishloq hududlariga qaraganda, oʻzini ogʻir vaqtlarda bardosh bera oladigan odamlarning soni koʻproqdir. Poytaxt aholisi poytaxtdan tashqaridagi aholiga nisbatan oʻz mamlakatlarida demokratiya qanday ishlashidan koʻproq qoniqish hosil qiladi. Bu farq asosan ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan bogʻliq. 
Tarixan poytaxtlar koʻpincha hukumat va boshqaruv organlari joylashgan siyosiy hokimiyat markazi sifatida rivojlangan. Siyosiy jihatdan poytaxtlar hukumat qarorgohi va parlament, oliy sud va prezident qarorgohi kabi muhim davlat muassasalari joylashgan joy boʻlib xizmat qiladi. Mamlakat prezidenti boʻlgan joyda, tabiiyki sharoit ham boshqa hududlarga nisbatan ancha yaxshi boʻladi.

"Moskva Rossiya emas..."

Moskva bilan mamlakatning qolgan qismi oʻrtasidagi turmush darajasi bir-biridan keskin farq qilar edi. Bu Sovet hayotining oʻziga xos xususiyati boʻlgan. Hatto Leningrad va ittifoq respublikalari (Latviya, Litva, Estoniya, Oʻzbekiston va unga qoʻshni davlatlar, Belarus, Ukraina, Moldova, Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya)ning poytaxtlarini ham barcha turdagi tovarlar, mahsulotlar va taʼlimdan tortib to tibbiyotgacha boʻlgan xizmatlardan foydalanish boʻyicha mamlakatning asosiy shahri bilan solishtirib boʻlmasdi.

Bu holat mamlakatni taʼminot toifalariga boʻlgan hukumat siyosati bilan oʻrnatildi. Hukumat poytaxtning toʻlib borishi bilan kurashishga harakat qildi. Unda roʻyxatga olish doimiy ravishda kuchaytirildi. Moskvada yangi zavodlar, konstruktorlik byurolari va ilmiy-tadqiqot institutlarini qurishni taqiqlovchi qarorlar qabul qilindi.

Sovet ittifoqi kommunistik partiyasining birinchi kotibi Nikita Xrushchev hatto Qishloq xoʻjaligi vazirligini shahar atrofidagi hududga quvib chiqardi. U fermer xoʻjaligi va Timiryazevka (Rossiya davlat agrar universiteti )ni ham oʻsha yerga joʻnatmoqchi boʻldi, lekin hayot haqiqati hatto Markaziy Qoʻmita rahbari irodasining ham cheklanganini isbotlab berdi. Na xalq artistlari, na buyuk olimlar, na bosh dizaynerlar Tmutarakan(Krasnodar oʻlkasining hozirgi Taman qishlogʻi hududidagi shahar) ga borishni istashmadi. 

Haddan tashqari markazlashuv SSSR va butun dunyo oʻrtasidagi eng muhim farqlardan biri edi. Ammo AQShda bunday emas. Misol uchun kino biznesi Kaliforniyada, kompyuter biznesi Sietl va Silikon vodiysida rivojlangandi. Eng mashhur yurak jarrohi Maykl DeBaki, Texasda ishlagan. SSSRda bunday intellektual klasterlar yoʻq edi, hatto harbiy-sanoat kompleksida ham konstruktorlik byurolari va ilmiy-tadqiqot institutlarining katta qismi Moskva va Moskva viloyatida jamlangan. Bu narsani yengish Rossiya uchun eng muhim vazifa yedi. Ammo 1991 yil — bozor islohotlari boshlangandan buyon oʻtgan 26 yil davomida Moskva va atrof-muhit oʻrtasidagi turmush darajasidagi tafovut yanada kengaydi. Mamlakatni modernizatsiya qilish boʻyicha eng muhim vazifa barbod boʻldi.

SSSR parchalandi, poytaxtchi?

Rossiya har doim unitar, markazlashgan davlat sifatida rivojlangan. Bu uning tarixi va geografiyasining oʻziga xos xususiyatlari bilan izohlanadi. Kommunistlar davrida, federatsiyaning (SSSR va RSFSR) rasmiy maqomiga qaramay, poytaxt nomi koʻproq saqlanib qoldi. Shuni taʼkidlash kerakki, 1917 yilgacha Rossiyaning ikkita poytaxti boʻlgan - Sankt-Peterburg va Moskva. Ammo 1991 yilda imperiya qulab, SSSR parchalandi va undan qolgani endi haqiqiy federatsiya sifatida qurilishi kerak edi. Ammo buning uchun shartlar toʻliq mavjud emasdi. Koʻpincha savol tugʻiladi: nega AQSh, Kanada, Avstraliya, Xitoy, Hindiston, Braziliya kabi yirik mamlakatlarda markazlar koʻp, lekin Rossiyada bitta?

Darhaqiqat, u yerda shahar hayoti tarqoq. Vashington aslida Nyu-York, Chikago yoki Los-Anjelesga nisbatan kichik shahardir, xuddi Ottavada Monreal yoki Kalgari bilan, Kanberrada yesa Melburn va Sidney bilan taqqoslanganidek. Xitoyda Pekinni Shanxay va Guanchjou, Hindistonda Dehlini Bombey va Kalkutta muvozanatlashtiradi. Bu maʼnoda Rossiya bundan mustasno koʻrinadi - dunyodagi eng katta hudud bilan u faqat bitta muhim markaz — Moskvaga ega. 

Toshkent Oʻzbekiston emas yoxud SSSR Oʻzbekistonga ham taʼsir qilganmi?

 SSSR parchalanishidan oldin Oʻzbekiston ham uning tarkibida boʻlgan. Tabiiyki, oʻsha paytda Toshkent Moskvachalik boʻlmasada, yirik mintaqaviy markaz edi. 

Aytaylik, Toshkent metropoliteni, Jahon tillari universiteti, Akmal Ikromov nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi (1992 yildan Abdulla Qodiriy nomidagi Madaniyat va istirohat bogʻi nomida) kabilar avval ham mavjud edi.

Mustaqillikdan soʻng navbat bilan prezident qarorgohi, vazirlik binolari, vakolatli hukumat organlari kabilar Toshkentdan joy oldi. 

Ayni paytda Toshkentda 212 ta yirik sanoat korxonalari, 8150 ta qoʻshma korxonalar, 11 242 ta kichik sanoat korxonalari hamda 82 951 ta kichik biznes subyektlari faoliyat yuritmoqda.

Demak, nega hamma poytaxtga intiladi savoliga 5 ta sabab bilan javob beramiz. 

Birinchidan, yaxshi sharoitda yashash uchun.

Poytaxtda doimiy ravishda asfalt va plitka yotqizish ishlari olib boriladi. qishloqlarda, koʻplab aholi punktlarida yoʻllarning dahshatli va yogʻingarchilik kunlarda oyoq bosishga ham joy topish amrimaholga aylanadi.

Svet, gaz, issiq-sovuq suvdan poytaxtda muammo yoʻq. Internet tezligi boʻyicha ham poytaxt boshqa hududlarni ortda qoldiradi. Xizmat koʻrsatish sohasi (shifoxonalar, goʻzallik salonlari, ovqatlanish uchun joylar)da ham yeng yaxshilari poytaxtda jamlangan.

Ikkinchidan, rivojlanish uchun

Agar siz oʻzingizni rivojlantirmoqchi boʻlsangiz, Toshkentda bunga imkoniyat koʻproq. Aytaylik, ommaviy axborot vositalarida. Bu soha boʻyicha poytaxtdan tashqarida biron bir jiddiy nashr yoki telekanal yoʻq. Xuddi shunday eng nufuzli, taʼlim sifati yuqori boʻlgan universitetlar ham aynan poytaxtda joylashgan. Shu boisdan ham poytaxtda raqobat kuchli. Bu yerda rostmana harakat qilgan, tirishgan odam dunyoning istalgan boshqa katta shahrida boʻlgani kabi oʻzini, yoʻlini topib oladi. 

Uchinchidan, erkinlik uchun

Poytaxtda turli millit va elat vakillari boʻlganligi tufayli ham shaharni boshqa hududlarga qaraganda erkinroq deyish mumkin. Soʻzlashish, yurish-turish, kiyinish va hokazo.

Toʻrtinchidan, ishlash uchun

Poytaxtda aholi koʻpligi uchun ishlar ham yetarlicha. Masalan, savdo sohasida. Poytaxtda yerda yetishtiriladigan mahsulotlarni aholi oʻzi ekishida imkoniyat keng boʻlmaganligi uchun koʻp mahsulotlar sotib olinadi. Daromad ham shunga yarasha viloyatga qaraganda ikki barobar hatto undan oshishi mumkin.

Beshinchidan, megapolis, koʻngilochar joylar koʻpligi uchun

Dunyoning mashhur poytaxtlari shoh koʻchalariga oʻxshash koʻrinishdagi Magic city bogʻi, turli xil istirohat va hayvonot bogʻlari, muz saroyi kabi koʻngilochar markazlar birinchi boʻlib, Toshkentda qad rostlagani uchun ham bu shahar dam olish uchun ham eng yaxshi manzil sifatida baholanadi.

Umuman olganda, Oʻzbekistonning boshqa joylariga Toshkentga berilganchalik eʼtibor berilmaydi. Shuning uchun ham hamma poytaxtga intiladi. 

Odinaxon Dehqonova tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+