platina.uz
Jamiyat

Ayrim daryolardan qum-shagʻal qazib olishga moratoriy joriy etiladi

Moratoriyni buzganlar uchun jarimalar 10 baravarga oshiriladi. 

Ayrim daryolardan qum-shagʻal qazib olishga moratoriy joriy etiladi

Ayrim daryolar oʻzanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi. “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-14-son, 17.01.2024 y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2024 yil 1 maydan:

- Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari oʻzanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi;

- Vazirlar Mahkamasi tomonidan moratoriy tatbiq etiladigan hududlar chegaralari belgilanadi;

- daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shagʻal materiallari qazib olish huquqini faqat “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali realizatsiya qilinadi;

- daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shagʻal materiallari qazib olishni taqiqlash va togʻli yoki togʻoldi hududlarda (quruqlikda) joylashgan muqobil kon uchastkalarida qazish ishlari tashkil etiladi.

Moratoriy davrida daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalaridan qum-shagʻal materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi.

Ekologiya vazirligiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatildi, jumladan:

- daryo oʻzanlaridan qum-shagʻal materiallarini qazib olishni monitoring qilish va bu borada doimiy reydlar oʻtkazish, tartibni buzgan shaxslarga nisbatan choralar koʻrib borish;

- daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallarni qazib olish faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan barcha subʼektlar tomonidan tegishli majburiyatlarning bajarilishini qatʼiy nazoratga olish.

2024 yil 1 aprelgacha togʻ va togʻoldi hududlarida muqobil noruda foydali qazilma konlari va kichik sanoat zonalarini tashkil qilish boʻyicha 2030 yilgacha moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.

2024 yil 1 oktabrgacha davlat kosmik monitoringi doirasida daryo oʻzanlari, sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallarni qazish hamda daryo oʻzanlarini tozalash ishlari olib borilayotgan uchastkalarda loyihadan chetga chiqish, noqonuniy qazib olish holatlarini aniqlash va tegishli maʼlumotlarni vakolatli organlarga taqdim etish tizimi yaratiladi.

2024 yil 1 iyungacha Chirchiq daryosi oʻzanini ekologik reabilitatsiya qilish boʻyicha kompleks loyiha ishlab chiqiladi.

Eslatib oʻtamiz, daryolardan noqonuniy qum-shagʻal qazib olish boʻyicha 2023 yilning 11 oyida jami 58 ta jinoyat ishi boʻyicha aniqlangan. Ushbu holatlar oqibatida tabiatga 61,5 mlrd soʻm zarar yetkazilgani hisoblanib, ularni undirish choralari koʻrilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid