Oshing halol boʻlsa, koʻchada ich: yashirin iqtisodiyotning aholiga zarari haqida

Yashirin iqtisodda ishchilar minimal huquqlardan quruq qoladi. 

Iqtisod
18-yanvar, 16:45
Oshing halol boʻlsa, koʻchada ich: yashirin iqtisodiyotning aholiga zarari haqida

Ishlab chiqarish hajmi va mamlakat iqtisodiyoti oʻsishi barobarida, aholi daromadlari ham oshib bormoqda.

Shunga qaramasdan, iqtisodiyotda yashirin ishlab chiqarish hamda aylanmalarning saqlanib qolishi tadbirkorlik rivojiga va sogʻlom raqobatni taʼminlashga toʻsiq boʻlmoqda.

Tadbirkorlik subʼektlariga yaratilayotgan imkoniyatlarga qaramasdan ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish oʻrniga nohalol yoʻldan borib, yuqori daromad ortidan quvayotganlar ham uchrab turibdi.

Bundan tashqari odatda yashirin, roʻyxatdan oʻtmagan tadbirkorlik subʼektlarida faoliyat yuritayotgan ishchilarning haq-huquqlari qonun bilan himoyalanmaydi va xalqaro/milliy qonunchilikda belgilangan minimal talablarga (oylik, mehnat taʼtili, mehnat muhofazasi, ish davomiyligi va h.q.) rioya etilmaydi.

Bir necha inqirozlar, yuksalish va pasayishlarni boshdan kechirgan dunyo iqtisodiyoti, xususan, iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar bugungi kunga qadar yashirin iqtisodiyotning zararini allaqachon anglab yetganlar. Ushbu salbiy jarayon juda koʻplab sohalarga oʻz taʼsirini koʻrsatib, pirovardida, xalq farovonligi pasayishiga olib kelmoqda hamda aholini hayotdan rozi va mamnun boʻlib yashashiga toʻsqinlik qilmoqda. Xoʻsh, yashirin iqtisodiyotning zarari qanday shakllarda namoyon boʻladi? Ulardan asosiylarini koʻrsatib oʻtamiz:

 Soliq tushumlari. Yashirin iqtisodiyotda band boʻlgan subʼektlar davlat nazoratidan chetda boʻladi va soliqdan qochadi. Bu esa mamlakat miqyosida ulkan hajmdagi soliq tushumlarini yoʻq qilib, qanchadan-qancha ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarning hal etilmasligiga sabab boʻladi;

 Ish samaradorligi. Jahon banki tahlillariga koʻra, norasmiy sektor korxonalaridagi ish samaradorligi qonuniy ishlayotgan tadbirkorlik subʼektlariga nisbatan 4 baravar kam boʻlishi tasdiqlangan. Bu esa butun mamlakat darajasida olib qaraganda juda katta zarar deganidir;

 Xodimlar huquqlari. “Soyadagi” kompaniyalarning ishchilari halol firmalar xodimlari ega boʻlgan huquqlardan hech qachon foydalana olmaydilar;

 Nosogʻlom raqobat. Yashirin iqtisodiyotda band boʻlganlar nazoratdan va soliq toʻlashdan qochishi raqobatda halol tadbirkorlar uchun adolatsizlik keltirib chiqaradi;

 Iqtisodiy koʻrsatkichlar. Norasmiy biznes iqtisodiy koʻrsatkichlarning haqqoniyligiga putur yetkazadi. Bu esa mamlakat miqyosida muhim iqtisodiy qarorlar qabul qilishga juda katta salbiy taʼsir qiladi;

 Ishonchning pasayishi. Yashirin iqtisodiyot hajmining haddan tashqari kengayib ketishi davlat institutlari va iqtisodiy tartiblarga nisbatan ishonchning pasayishiga olib keladi;

  Jinoiy faoliyat. Soyadagi iqtisodiyot jinoiy guruhlar uchun oʻzaro “oldi-berdi”larga keng yoʻl ochadi, jamiyatda yashirin (latent) jinoyatlarni oʻsishiga sabab boʻladi, natijada milliy xavfsizlikka xatarlarni keltirib chiqaradi;

 Boshqa muammolar. Xalqaro iqtisodchilar koʻplab tahlillarida yashirin iqtisodiyot inson kapitalining kamayishi, kambagʻallik va notenglikning oʻsishi, aholi jon boshiga YaIM koʻrsatkichlarining pasayishi singari boshqa muammolarning ham asosiy sababchisi ekanligini isbotlaganlar. 

Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida tadbirkorlik subʼektlari bilan oʻtkazilgan muloqotlarda bildirilgan fikrlar hamda keng jamoatchilikning takliflari chuqur tahlil qilingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+