Yangi keskinlik: Eron oʻz qoʻshnilarini oʻqqa tutmoqda
AQSh ushbu zarbalarni qoralab chiqdi.

Eron “Jaysh al-Adl” guruhining Pokistondagi ikki bazasiga zarbalar berdi, deya xabar bermoqda mahalliy matbuot. Bu Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi Iroq va Suriya shimoliga zarbalar bergan kunning ertasiga sodir boʻldi.
“Ushbu bazalarga raketalar va dronlar tomonidan zarba berilgan va yoʻq qilingan”, — deya xabar beradi Mehr axborot agentligi.
Bazalar Pokistonning Eron bilan chegaradosh Balujiston viloyatida joylashgan.
Avvalroq Eron rasmiylari “Jaysh al-Adl” jangarilari chegara hududlarida xavfsizlik kuchlari vakillariga hujum uyushtirgani haqida xabar bergandi. Tehron guruhni terrorchi deb eʼlon qilgandi.
Reuters bilan bogʻlangan Balujiston rasmiylari zarbalar haqidagi xabarlarni tasdiqlash yoki rad etishdan bosh tortdi.
Bir kun avval Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi “mintaqadagi terrorchi guruhlarning josuslik markazlari va yigʻinlari” yoʻq qilinganini eʼlon qilgandi.
Raketa zarbasi Isroil razvedka xizmatining Iroq hududida joylashgan “Mossad” shtab-kvartirasiga, ikkinchisi esa terroristik deb tan olingan va koʻplab mamlakatlarda taqiqlangan IShID guruhining Suriyada joylashgan infratuzilmasiga berilgan.
AQSh zarbalarni qoraladi va Eronning Bagʻdoddagi vakili Iroq Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.
Eslatib oʻtamiz, yanvar oyi boshida Eronda general Sulaymoniyning maqbarasi yaqinida terakt uyushtirildi, unda yuzdan oshiq kishi halok boʻldi. Hujumni IShID oʻz boʻyniga oldi.