platina.uz
Iqtisod

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi savdo hajmi 20 milliard dollarga yetadi

Oʻtgan yili turli sohalar boʻyicha besh yillik dastur imzolangandi.

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi savdo hajmi 20 milliard dollarga yetadi

12 yanvar kuni Toshkentda “Yangi davrda Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik” mavzusidagi konferensiya gibrid formatda boʻlib oʻtdi. Unda taʼkidlanishicha oʻzaro savdo hajmi 20 milliard dollarga yetkaziladi.

Joriy yilda kutilayotgan ikki tomonlama muhim tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirda Xitoy va Oʻzbekistonning siyosiy-diplomatik doiralari, yetakchi tahlil markazlari vakillari ishtirok etdi.

Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov konferensiya ishtirokchilariga murojaatida Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlari dinamikasiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Uning soʻzlariga koʻra, bunga ikki davlat rahbarlari oʻrtasida oʻrnatilgan doʻstona va ishonchli munosabatlar koʻp jihatdan turtki boʻldi. Birgina oʻtgan yilning oʻzida ikki davlat rahbarlari toʻrt marta, shaxsan hamda xalqaro platformalarda onlayn formatda uchrashdi.

Oʻtgan yili turli sohalarda aloqalarni rivojlantirish boʻyicha tegishli besh yillik dastur imzolangandi.

Taʼkidlanganidek, 10 yil davomida Buyuk Ipak yoʻlini qayta tiklash gʻoyasi taraqqiyot va farovonlikka xizmat qiluvchi inklyuziv va ochiq hamkorlik platformasiga aylandi. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi nafaqat infratuzilma loyihasi, balki u global qiymat zanjirida muhim boʻgʻinni yaratadi. Yuqori texnologiyali ishlab chiqarishga yoʻnaltirilayotgan sarmoya va qoʻshma loyihalar mintaqa eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

“Shu nuqtai nazardan, Xitoy yetakchi savdo va sarmoyaviy hamkorimiz sifatida koʻrilishi mantiqan juda toʻgʻri”, - dedi ekspert.

Oʻtgan yilning oʻn bir oyi yakunlariga koʻra, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 12 milliard dollardan oshdi, Pekinning mamlakatimiz umumiy savdo aylanmasidagi ulushi 20 foizdan ortiqni tashkil etdi.

Yaqin besh yil ichida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha asoslar mavjud.
Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi sarmoyaviy hamkorlik ham barqaror surʼatda rivojlanmoqda. Xitoy investitsiyalarining oʻzlashtirilgan umumiy hajmi 2017 yildan buyon 5 barobar oshdi va 11 milliard dollarni tashkil etdi.

Birgina 2022 yilning oʻzida ikki milliard dollardan ortiq investitsiya oʻzlashtirildi, Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida Xitoy kapitali ishtirokida ikki mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
"Xitoyda, bilishimcha, "soʻzdan koʻra faktlar ishonarliroqdir" degan ibora bor. Aynan bizning holatdagi kabi, soʻz oʻz isboti bilan”, — deya xulosa qildi Yeldor Aripov.

Eslatib oʻtamiz, SMTI tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti Taraqqiyot tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan konferensiyada siyosat, xavfsizlik, savdo-investitsion va madaniy-gumanitar sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti Taraqqiyot tadqiqot markazi – Yevroosiyo mintaqasidagi mamlakatlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini tahlil qilish va oʻrganishga qaratilgan Xitoydagi yetakchi tadqiqot instituti. U 1989 yilda tashkil etilgan. U XXR rahbariyatiga Xitoy va Yevroosiyo makonidagi mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida axborot, maslahatlar va siyosiy tavsiyalar beradi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid