10 yil majburiy harbiy xizmat, armiyasiz davlatlar va xizmatga chaqiriladigan qizlar
Armiyasi yoʻq davlatlar, harbiy xizmatga chaqiriladigan ayollar va boshqa qiziqarli maʼlumotlar haqida fikr yuritamiz.

Vatan himoyachilari degan nom faqatgina yigitlargagina tegishli desangiz, mutlaqo adashasiz. Dunyoning koʻplab mamlakatlarida ayollar ham harbiy xizmatga chaqiriladi.
Shimoliy Koreyada odamlar harbiy xizmatda yillab qolib ketishlari mumkin. Erkaklar uchun xizmat qilish muddati 10 yil, ayollar uchun esa 7 yilni tashkil qiladi. Qizlarning qurolli kuchlar tarkibida qanday xizmat qilishlariga oid maʼlumotlar ushbu mamlakat sirli va yopiq boʻlgani uchun ham deyarli mavjud emas.
Norvegiyada toʻlaqonli gender tengligi
Norvegiya hukumati 2014 yildan boshlab ayollar ham erkaklar bilan teng huquqli ekanliklarini isbotlash maqsadida ularni armiyaga chaqira boshlagan. 2016 yildan esa qurolli kuchlar safida xizmat qiluvchi xonimlar soni koʻpaydi. Eng qizigʻi, u yerdagi harbiy yigit va qizlar umumiy kazarmalarga joylashtiriladi. Mamlakat ayollari harbiy xizmatga bajonidil yoʻl oladilar, harbiylarga har kuni eng kamida 15 dollardan maosh toʻlab boriladi.
Shuningdek, dunyodagi yana bir qator davlatlar, jumladan Kuba, Peru, Tayvan, Malayziya, Xitoy, Liviya, Rossiyada ham ayollar va qizlar harbiylar safida xizmat qilishadi.
Isroil ayollarining 30%i armiya tarkibida xizmat qiladi. Ularning odatiy kunlari harbiy oʻquv muassasalaridagi oʻqish jarayonini yodga soladi. Qizlarga xizmat davomida oʻz uylariga borish va yaqinlaridan xabar olib kelish uchun ruxsat beriladi, kerakli pul mablagʻlari bilan ragʻbatlantiriladi, oliygohga kirishda ham maʼlum imtiyozlarga ega boʻladilar.
Dunyoda armiyadan voz kechgan davlatlar ham bor
Italiya poytaxti Rimda joylashgan Vatikan eng kichik boʻlish bilan birgalikda BMT va dunyo hamjamiyati tomonidan tan olingani holda BMTga aʼzo boʻlmagan yagona davlatdir. Rim katolik cherkovining markazi boʻlgan bu davlat Rimning ichida joylashganiga qaramay, huquqiy jihatdan mutlaqo mustaqildir, hatto Italiyaga ham boʻysunmaydi. Lekin shunga qaramay, Italiyaning 300 mingga yaqin qoʻshini va 50 ming nafar dengiz piyoda askarlaridan iborat armiyasi zimmasiga Vatikanni ham himoya qilish vazifasi yuklatilgan.
Tinch okeanining gʻarbiy qismidagi Nauru orolida joylashgan davlatning aholisi 15 000 kishidan iborat boʻlib, alohida davlat boʻlsa-da, hatto poytaxtga ham ega emas. Oʻz mustaqilligiga 1968 yilda erishgan Nauru davlatini Avstraliya oʻz himoyasiga olgan va bu shunchaki shartnoma emasligini amalda ham isbotlagan. 1940 yilda Nauru hali mustaqil davlat maqomiga ega boʻlmagan davrda Germaniya hujum qilganida Avstraliya koʻmakka kelgan.
Karib dengizining janubi-sharqida joylashgan Grenada oroli ham oʻz qurolli kuchlariga ega emas. Lekin hujumga uchragan chogʻda Antigua va Barbuda, Barbados, Dominika respublikasi kabi davlatlar himoyaga chiqishadi. Ammo bu davlatlarning oʻzlari ham yetarli darajada harbiy kuchlarga ega emasligi uchun baribir AQShdan madad kutishga toʻgʻri keladi.
Markaziy Amerikadagi eng kichik davlatlardan biri Kosta-Rika ikki qitʼani bogʻlovchi hududda joylashgan. Poytaxti San-Xose shahri boʻlgan bu davlat armiyasi 1948 yilda tarqatib yuborilgan. Ichki tartibni saqlash uchun fuqarolik gvardiyasi, chegara politsiyasi, sohil qoʻriqchilari va milliy politsiya kabi tuzilmalar saqlab qolingan. 1947 yildagi kelishuvga koʻra, AQSh, Chili, Kuba kabi davlatlarga ishonib xotirjam kun koʻradi.
Markaziy Yevropadagi Lixtenshteyn Avstriya va Shveysariya bilan chegaradosh. Knyazlikda konstitutsion monarxiya tizimi hukm suradi. Garchi biror bir davlat rasman Lixtenshteyn mudofaasini oʻz zimmasiga olmagan boʻlsa-da, knyazlik hukumati Shveysariyada oʻtkazilgan muzokaralar chogʻida bir qator davlatlar bilan bu borada bitimlar imzolanganini taʼkidlaydi.
Avvalroq Global Firepower Index’ning yangilangan reytingida Oʻzbekiston qurolli kuchlari 65-oʻrinni qayd etgani haqida yozgan edik.