Telefonsiz yashay olasizmi? (soʻrovnoma)

Telefonga qaramlik shu darajaga keldiki, kechqurun uyquga yotishdan avval ham, ertalab uygʻonganimizda ham uni yonimizda koʻrmasak, eng muhim narsamizni yoʻqotgandek boʻlamiz.

Tahlil
12-yanvar, 12:20

Internet rivojlanib, ijtimoiy tarmoqlarning turi koʻpaygani sayin gadjetlar bizning doimiy hamrohimizga aylandi. Bugun qoʻl telefonidan yoshu qari birdek makon (ishda, oʻqishda, uyda, koʻchada, yoʻlda) va zamon (ovqatlanayotganda, uy tozalayotganda, taom tayyorlayotganda, avtobus kutayotganda) tanlamasdan foydalanmoqda. Telefonga qaramlik shu darajaga keldiki, kechqurun uyquga yotishdan avval ham, ertalab uygʻonganimizda ham uni yonimizda koʻrmasak, eng muhim narsamizni yoʻqotgandek boʻlamiz.

Xoʻsh, telefonga qaramlik kasalligi shunday avj olib turgan paytda aholi bir kunda qancha vaqt telefondan foydalanadi? Ular telefonsiz yashay olishadimi? Platina.uz shu mavzuda aholidan soʻrovnoma oʻtkazdi.

Aholining javoblariga koʻra, ularning koʻpchiligi bir kunda oʻrtacha hisobda 3-4 soat telefondan foydalanishadi. Baʼzilar faqat zarurat tugʻilganda yoki qoʻngʻiroq qilishsagina, telefonga qarayman desa, baʼzilar faqat darslarimni tayyorlash uchun foydalanaman, chunki koʻp kitoblarim telefonda, aks holda, koʻp ishlatmas edim deb javoblarini izohlashdi. Boshqa respondentlar ichida, telefondan 5-6, 12, hatto 24 soat ham foydalanadiganlar bor. Ulardan biri, “agar doimiy ish bilan band boʻlsam, bir-bir yarim soatdan oshiq ishlatmayman, aksincha boʻsh boʻlsak, koʻp oʻtirib qolamiz”, deydi.

Shuningdek, aholiga “Telefonsiz yashay olasizmi?” degan savolni berib, fikrlarini eshitdik. Fikrlar ikki xil. Biri “Ha, yashay olaman. Avval ham yashaganmiz-ku”, “Yashasa boʻladi” kabi javoblari bilan hayratda qoldirganlar boʻldi. Eng quvonarlisi, “ telefonsiz yashay olaman” deb tasdiq javobini berganlarning koʻpchiligi yoshlar edi.

Odinaxon Dehqonova

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+