Sirdaryodagi metan zapravkada 62,5 mlrd. soʻmlik gaz talon-toroj qilindi
DXX va IIV hamkorligida tezkor nazorat tadbiri oʻtkazildi.
Sirdaryoda metan zapravka 62 mlrd 488 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi.
Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Sirdaryo viloyatida joylashgan avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasida oʻtkazilgan nazorat tadbiri davomida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.
Xususan, Boyovut tumanida joylashgan “B.” MChJga qarashli AGTKShga tortilgan gaz quvuri koʻzdan kechirilganida, gaz hisoblagichdan oldin yer ostidan shoxobcha hududiga gaz quvuri olib kirilib, rezina shlang orqali tabiiy gazni sotishga yoʻnaltirilgan holda undan noqonuniy foydalanib kelinayotganligi aniqlandi.
Buning natijasida, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori jami 62 mlrd 488 mln soʻmni tashkil etgan.
Qoidabuzar isteʼmolchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʻrish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza yetuvchi organlarga taqdim qilindi, deyiladi Energetika vazirligi xabarida.