Putin uchun Rossiyada 2 millionga yaqin imzo yigʻildi
Agar u saylovlarni yutsa, kamida 2030 yilgacha hokimiyatda qoladi.

Rossiya prezidentligiga nomzod Vladimir Putinni qoʻllab-quvvatlash uchun butun mamlakat boʻylab 1,8 milliondan ortiq imzo toʻplandi. Bu haqda putin2024.ru saytida maʼlumot berildi.
"Rossiya Federatsiyasi prezidentligiga nomzod Vladimir Putinni qoʻllab-quvvatlash uchun butun mamlakat boʻylab 1,8 milliondan ortiq imzo toʻplandi. Rossiyaning barcha 89 viloyati markaziy shtabga hujjatlarning birinchi partiyalarini yetkazdi", — deyiladi xabarda. .
Qayd etilishicha, koʻngilli tashkilotlar, “Yagona Rossiya” partiyasi vakillari butun mamlakat boʻylab imzo toʻplashni davom ettirmoqda.
Qonunga koʻra, prezidentlik saylovlarida mustaqil nomzod sifatida qatnashadigan shaxs kamida 300 ming saylovchi imzosini toʻplashi kerak. Nomzodni qoʻllab-quvvatlovchi imzolar Rossiya Markaziy saylov komissiyasiga 27 dekabrdan 31 yanvargacha topshirilishi kerak, shundan soʻng Markaziy saylov komissiyasi ularni tekshiradi, barcha hujjatlarni koʻrib chiqadi va 10 kun ichida nomzodni saylovda roʻyxatga olish yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Federatsiya Kengashi saylovlarni 2024 yil 17 martga belgiladi. Ovoz berish uch kun davom etadi: 15, 16 va 17 mart. Bu Rossiya Federatsiyasida birinchi uch kunlik prezidentlik saylovi boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, Rossiyani 2000 yildan buyon boshqarib kelayotgan Putin 2036 yilgacha saylanish huquqiga ega. Agar 2024 yilgi saylovlarda gʻalaba qilsa kamida 2030 yilgacha prezidentlikda qoladi.