Rossiyadagi dahshatli YTHda yetti oʻzbekistonlik halok boʻldi
Hodisa Penza viloyatining Nijnelomovskiy rayonida sodir boʻlgan.

Penza oblastidagi YTH oqibatida 7 nafar oʻzbekistonlik halok boʻldi.
11 yanvarga oʻtar kechasi Rossiyaning Penza oblasti Nijnelomovskiy rayonida Volvo yuk mashinasi hamda miniven oʻrtasida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Natijada ikki kishi jarohatlangan va Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan yetti kishi haloq boʻlgan.
Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasi xabariga koʻra, Qozon shahridagi Bosh konsulxona hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonasi vakillari tomonidan tan jarohat olgan fuqarolarga va marhumlarning jasadlarini Oʻzbekistonga joʻnatishda kerakli amaliy yordam koʻrsatilmoqda va joylarda kerakli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur hodisa yuzasidan Rossiya Jinoyat Kodeksining 238-moddasi 3-bandi (isteʼmolchilar xavfsizligi va sogʻligʻini taʼminlash talabiga javob bermaydigan ravishda xizmat koʻrsatish va ehtiyotsizlik oqibatida ikki va undan koʻp odamlarning oʻlimiga sababchi boʻlish) asosida jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.