"Yil oʻqituvchisi" tanlovi gʻoliblariga uch xonali uy beriladi
Kelgusi oʻquv yilidan xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish yoʻlga qoʻyiladi.

Oʻzbekistonda endilikda "Yil oʻqituvchisi" tanlovi gʻoliblariga uch xonali uy beriladi. Bu haqda prezident oʻtkazayotgan yigʻilishda maʼlum qilindi.
Muallimlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib ragʻbatlantirish albatta davom ettirilishi taʼkidlandi.
Kelgusi oʻquv yilidan xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish yoʻlga qoʻyiladi.
Sinovlarda 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglar qoʻshimcha 70 foiz ustama oladi.
Misol uchun, oliy toifali biologiya oʻqituvchisi oʻz fani boʻyicha xalqaro sertifikati boʻlsa – 50 foiz, direktor jamgʻarmasidan 40 foizgacha va yangi talabga javob bersa, yana 70 foiz ustama oladi.
Shu tariqa uning umumiy oylik maoshi 4 million 500 ming soʻmdan 12 million soʻmga yetadi.
Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi har yili sogʻligʻini tiklash uchun sanatoriy va dam olish maskanlariga yuboriladigan oʻqituvchilar sonini 2 barobar oshirsa, maqsadga muvofiq boʻlishi qayd etildi.
Rektorlar ham oliygohlarni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan professor-oʻqituvchilar uchun sihatgoh yoʻllanmalari sonini 50 foizga oshirishlari lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Bir yil oldin maktab direktorlarini oʻqitish tizimi joriy etilgan edi. Bugungi kunda ulardan 1 ming 206 nafari menejerlik sertifikatiga ega boʻldi. Hozir ana shu direktorlarga ustama berilmoqda.
Endi bu amaliyot 2025 yil 1 sentabrdan bogʻcha mudiralariga ham tatbiq etiladi va ularga har oyda 30 foizgacha qoʻshimcha ustama toʻlanadi.
Abdulla Avloniy nomidagi institut pedagoglarda kasb mahoratini oshirishga masʼul boʻlishi belgilandi.
Institutning 12 ta hududiy markazini zamonaviy qiyofaga keltirish va jihozlash uchun yaqin 3 yilda byudjetdan har yili 50 milliard soʻm ajratiladi.
Hokimlarga joylardagi barcha malaka oshirish markazlarini zamonaviy qiyofaga keltirish topshirildi.
Malaka oshirishda vazirlik, malaka oshirish markazi, maktab va bogʻchani bogʻlaydigan vertikal tizim yoʻlga qoʻyiladi.
Bundan tashqari, joylarda 1 ming 300 ta tayanch maktab va 200 ta bogʻcha tanlab olinib, ulardagi yetakchi oʻqituvchilar yosh pedagoglar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati”ni tashkil etadi.
Buning uchun yetakchi oʻqituvchilarning ish haqiga 20 foiz ustama qoʻshiladi.