Namanganda bogʻcha mudiri bogʻcha pulini oʻzlashtirib yubordi
U tarbiyalanuvchilar ota-onalaridan jami 70 mln soʻmdan ziyod pul olib, kirim qilmasdan oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Namangan shahar sudida katta miqdordagi mablagʻni oʻzlashtirib yuborgan bogʻcha direktoriga hukm oʻqildi. Sud hukmi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Sudlanuvchi N.G. 2022 yil 1 iyundan 2024 yil 27 fevralga qadar Yangi Namangan tumandagi 28-sonli bogʻcha direktori lavozimida ishlab kelgan. U mansabidan foydalanib,tashkilotdagi 6 ta guruh tarbiyalanuvchilari ota-onalaridan 2023 yil mart oyida 21.483.0 ming soʻm, takroran aprel oyida 25.334,0 ming soʻm va may oyida 23.214,0 ming soʻm jami boʻlib, 70.031,0 ming soʻm koʻp miqdordagi badal pullarini olib, pullarini kirim qilmasdan oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Sudlanuvchi aybiga iqror boʻlib koʻrsatuvlar bergan, uning aybi dalillar bilan ham toʻliq oʻz tasdigʻini topdi. Bunda aloqa xati, ota-onalar badal toʻlovi toʻgʻrisida maʼlumot, dalolatnoma, moddiy zararni undirish bilan bogʻliq hujjatlar, fuqaroviy daʼvogar, guvohlarning koʻrsatuvlari, tushuntirish xatlari, guvohlarning soʻroqlardagi koʻrsatuvlari hamda ish boʻyicha toʻplangan boshqa obʼektiv dalillar yigʻindisi kabi hujjatlar tekshirilgan.
Yakunda G. N. Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “b,g” bandlari bilan aybli deb topildi. Unga uzil-kesil oʻtash uchun 1 yil muddatga muayyan huquqdan, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 89 (sakson toʻqqiz) baravari, yaʼni 29 370 000 soʻm jarima jazosi tayinlandi. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalidan ozod etildi. Yetkazilgan zarar toʻliq qoplanishi belgilangan.
Sud hujjati Oliy sud ochiq portalidan olindi.